Nido. Dostonlar

oʻzbek shoiri Erkin Vohidov yozgan dostonlar toʻplami

„Nido“, toʻliq nomi „Nido. Dostonlar“oʻzbek shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub dostonlar toʻplami. 1965-yil Toshkent shahrida „Toshkent“ badiiy adabiyot nashriyotida (hozirgi nomi Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi) chop etilgan. Toʻplamga Vohidovning „Nido“, „Buyuk hayot tongi“ hamda „Orzu chashmasi“ dostonlari kiritilgan. Ushbu uch doston keyinchalik Vohidovning bir necha toʻplamiga, jumladan, „Dostonlar“ toʻplamiga kiritilgan.

Nido. Dostonlar
Muallif(lar) Erkin Vohidov
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i dostonlar
Nashriyot „Toshkent“ badiiy adabiyot nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1965
Sahifalar soni 88

Mazkur toʻplamda ilk bor eʼlon qilingan „Nido“ dostoni ham tanqidchilar, ham oʻquvchilar tomonidan yuqori baholandi va Vohidov ismi xalq orasida tanilishida muhim rol oʻynadi.[1] Doston Vohidovning Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan otasi Chuyanboy Vohidovga bagʻishlagan. „Buyuk hayot tongi“ dostoni esa Vladimir Leninning yoshligi haqidadir. Nihoyat, „Orzu chashmasi“ dostonida Qora dengiz sohilida yashovchi ikki sevishgan – Orzu va Ogʻadoʻstning fojiali taqdiri haqida hikoya qilinadi.

„Nido“ toʻplamini nashrga tayyorlashda quyidagi shaxslar ishtirok etgan: Sayyor – muharrir, G. Bedarev – rassom, I. Nirkov – rasmlar muharriri, L. Ilina – texnik muharrir, A. Hasanova – musahhih. Kitob adadi – 10 000 nusxa.

Dostonlar

tahrir
Doston Yil Qisqa tavsifi
„Nido“ 1964 Dostonni muallif Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan otasiga bagʻishlagan. Xususan, asarda Vohidov otasi yana uch askar bilan dushman hududiga razvedkaga borib, halok boʻlgani haqida soʻz yuritadi. Tanqidchilar va oʻquvchilar tomonidan yuqori baholangan ushbu doston Vohidovga shuhrat olib keldi. Doston koʻp sonli oʻzbek tilidagi adabiyot darsliklaridan oʻrin olgan.
„Buyuk hayot tongi“ 1960–1965 Doston Vladimir Leninning yoshligi haqidadir. Unda Vohidov Leninning Simbirsk (hozirgi Ulyanovsk) shahrida oʻtkazgan vaqti, gimnazist chogʻligida daryoga choʻkayotgan boshqa bir bolani qutqarib qolgani haqida soʻz yuritadi. Shuningdek, dostonda Leninning akasi Aleksandr Ulyanovning qatl etilishi, ushbu holat Leninning Rossiyada inqilob uchun kurashishga boʻlgan ishtiyoqini yanada oshirgani ochib berilgan.
„Orzu chashmasi“ 1964 Ushbu dostonning toʻliq nomi „Orzu chashmasi: Qora dengiz ertagi“dir. Vohidov bu dostonni 1964-yil Yaltada yozgan. Dostonda Qora dengiz sohilida yashovchi ikki sevishgan – Orzu va Ogʻadoʻstning fojiali taqdiri haqida hikoya qilinadi. Doston Mirtemirning quyidagi misralari bilan boshlanadi: „Kecha oydin, bahor ayyomi, qatra-qatra yosh toʻkar buloq“.

Manbalar

tahrir
  1. Yusupova, S. „Soʻz durlarin termoqdir ishi: Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bibliografik sharh“. Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazi (2016). Qaraldi: 2020-yil 28-dekabr.

Havolalar

tahrir