Dyuker
Dyuker (nemischa: Duker ), qaynama — kanal suvini daryo yoki boshqa kanal oʻzani, chuqur vodiy, yoʻl va shartli toʻsiqlar bilan kesishgan joydan oʻtkazish uchun yotqiziladigan quvur shaklidagi bosimli suv oʻtkazgich. Kanaldagi suv satx,i kesib oʻtiladigan toʻsiq sathiga yaqin boʻlgan va akveduk orqali suvni oʻtkazish mumkin boʻlmagan hollarda qoʻllanadi. Dyuker beton, temir-beton, poʻlat, yogʻochdan qilingan boʻlishi mumkin. Material suv bosimi kuchiga qarab tanlanadi. Bosim 30–50 m boʻlganda betondan, 50–100 m boʻlganda oldindan kuchlantirilgan temir-betondan, 100 m va undan ortiq boʻlgan hollarda va bosimi past boʻlsada, daryo oʻzani ostidan oʻtkazilsa, metalldan quriladi. Yogoch D. uzoq chidamasligi uchun kamdan-kam qoʻllanadi. D. konstruksiyasi boʻyicha bir quvurli yoki koʻp quvurli; shakli (koʻndalang kesimi) toʻgʻri burchakli yoki aylana boʻladi. D. uzunligi kesib oʻtiladigan joyning katta-kichikligiga qarab bir necha oʻn m dan bir necha km gacha boʻlishi mumkin. D. daryo va kanal ostidan oʻtkazilganda maxsus oʻyilgan chuqurlikka yotqizilib, 1 m dan kam boʻlmagan qalinlikda tuproq bilan koʻmiladi. D. suvsiz soyliklarni kesib oʻtganda koʻmilmay, ochiq qoldiriladi. Kanal D. boshi va qaynama uchastkasi bilan ravon birlashtiriladi. Kuvurning loyqa bosishiga yoʻl qoʻymaslik uchun D.da koʻpincha oqim tezligi 1,5—4,0 m/s oraligʻida qabul qilinadi. Oqiziqlar choʻkib toʻplanishini bartaraf qilish maqsadida qum ushlagich va balchiq toʻsgich quduqlar quriladi. D. boshida choʻp-xaslarni ushlab qoladigan panjara oʻrnatiladi. D.ning suv oʻtkazish quvvati muayyan material (yogʻoch, temir-beton, metall)dan yasalgan bosimli quvurlar kabi maxsus gidravlik hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi. D. konstruksiyasi ekspluatatsiya qilish davrida inshootni muntazam kuzatib turish, tuzatish va tozalashni; quvurlar ulangan va D. boshi kanal bilan tutashtirilgan choklardan suv sizmasligini; kanal tozalanayotgan yoki suv bogʻlanmagan davrlarda uni suvdan boʻshatishni taʼminlashi lozim.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |