Toshmali terlama (typhus exanthematicus, tepkili terlama, epidemik tif) — rikketsiozlar guruhiga mansub oʻtkir infeksion kasallik, bunda bemor isitmalaydi, yurak, qon tomirlar, markaziy nerv sistemasi zararlanadi, toshma toshadi. Provachek rikketsiyasi qoʻzgʻatadi, bit orqali yuqadi. Toshmali terlamaning kechishida 4 davr farklanadi; yashirin davri (oʻrtacha 2 hafta), boshlangʻich, avj olish va sogʻayish davrlari. Dastlab bemorning eti uvishib, isitmalaydi (39—40° gacha), boshi va muskullari qaqshab ogʻriydi, yuzi kepchiydi, koʻzlari qizarib turadi, uyqusi buziladi, alahlaydi. Kasallikning 3— 4 kunida koʻz konʼyunktivasining burmasida va yumshoq tanglayda dogʻsimon toshmalar paydo boʻladi. Intoksikatsiya kuchliligidan yurak, nafas yoʻli va nerv sistemasi zararlanadi. Kasallikning 5kunidan boshlab bemor badaniga va bilaklariga qizgʻishpushti toshmalar toshadi. Kasallikning 12— 15 kunidan bemorning axvoli yaxshilana boshlaydi. Baʼzan Toshmali terlama qaytalaydi. Soʻnggi yillarda bu kasallik Oʻzbekistonda deyarli uchramaydi. Toshmali terlamaning oldini olish uchun bitga qarshi kurash choralari koʻriladi, dezinfeksiya oʻtkaziladi va hokazo[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. Ahmedova M. D., Abduqodirov Sh. Sh., Shovahobov Sh. Sh., Yuqumli kasalliklar va bemorlar parvarishi, T., 2002.
  2. „Toshmali terlama“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil