Fagotsitoz (qadimgi yunoncha: φαγεῖν (phagos) – yeyish, oziqlanish va κύτος (cytos) – hujayra) – bir hujayrali organizmlar yoki koʻp hujayralilarning ayrim hujayralari tomonidan begona mikroskopik tirik organizmlar (bakteriyalar, hujayra parchalari), qattiq zarrachalarning faol qamrab olinishi va yutilishi (pinotsitoz bilan solishtiring). Zarrachalarni qamrab olib hazm qilish xususiyati tuban organizmlar oziqlanishining asosini tashkil etadi. Bu xususiyat evolyutsiya davomida biriktiruvchi toʻqimaning muhofaza funksiyasini bajaradigan ixtisoslashgan hujayralar – fagotsitlarga oʻtgan. Fagositoz hodisasini dastlab I. I. Mechnikov aniqlagan (1882). Ayrim hayvonlar ootsitlari, yoʻldosh hujayralari, tana boʻshligʻi devorini qoplab turadigan hujayralar va koʻz epiteliysi pigmenta ham faol fagotsitoz qilish xususiyatiga ega. Fagotsitoz ketma-ket keladigan bir necha jarayonlar: fagotsitoz qilinayotgan obʼyektga yaqinlashuv, obʼyektning fagotsit hujayra sirtiga oʻrnashib olishi, yutilishi va hazm qilinishidan iborat. Fagositozda hujayra membranasi yot zarrachalarni oʻrab oladi va sitoplazma ichiga soʻrib olib, fagosomalar hosil qiladi. Lizosomadan fagosomaga gidrolitik fermentlar kelib quyiladi, yutilgan obʼyektni hazm qiladi. Hazm qilinmagan oziq qoldigʻi uzoq vaqt hujayra ichida qolishi mumkin. Fagositoz, asosan, yalligʻlanish jarayonlarida, jarohatning bitib ketishida nospetsifik immunitet sifatida muhim ahamiyatga ega. Baʼzan „fagositoz“ va „pinositoz“ terminlari endotsitoz nomi bilan yagona tushunchaga birlashtiriladi

Shuningdek qarang

tahrir