Kenagas oyim (Kenagasoyim, Kenagasxonim, Kengashoyim, Fotima, Fotima oyim)Buxoro amirligi malikasi. Amir Nasrullohning (1827—1860) xotini va qotili.

Kenagas oyim
(Kenagasoyim, Kenagasxonim, Kengashoyim, Fotima, Fotima oyim)
Buxoro amirligi malikasi
Hukmdor Amir Nasrulloh (1827—1860)
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi XIX asr
Shahrisabz, Buxoro amirligi
Vafoti XIX asr
Buxoro, Buxoro amirligi
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Turmush oʻrtogʻi Yoqubbiy
Amir Nasrulloh
Bolalari 2 ta oʻgʻil (Yoqubbiydan)
Otasi Doniyor vallamiy

Asl ismi

tahrir

Birinchi oʻzbek professori Abdurauf Fitrat malikani Kengashoyim nomi bilan tilga olgan[1]. Oʻzbek tarixchisi Poyon Ravshanovga koʻra malikaning asl ismi Fotima (Fotima oyim) boʻlgan. Shahrisabz viloyatida Kenagas oyim deb izzatlangan[2]. Uni Kenagasxonim deb eri Amir Nasrulloh atagan[3]. Yana bir oʻzbek tarixchisi Qahramon Rajabovga koʻra malikaning asl ismi manbalarda saqlanib qolmagan, biroq u Buxoroda Kenagasoyim sifatida mashhur boʻlgan[4].

Kelib chiqishi

tahrir

Kenagas oyim Vallamiylardan boʻlgan Doniyor otaliq xonadonida tavallud topgan[2]. Doniyor otaliq Buxoro amirligi hukmdorlari Amir Haydar, Amir Husayn, Amir Umar va Amir Nasrullohlar davrida Shahrisabz viloyati hokimi boʻlgan[5]. Vallamiylarning Shahrisabz viloyatida hokimlik qilgan soʻnggi vakili Iskandarbiy Kenagasxonimning akasi edi[4].

Tarixi

tahrir

Kenagas oyimning birinchi eri — Yoqubbiy (Yoqubbek) Shahrisabz viloyatiga qarashli boʻlgan Dahyak qoʻrgʻoni hokimi boʻlgan[5]. Ulardan 2 ta oʻgʻil farzand dunyoga kelgan[2][6].

Amir Nasrulloh markaziy hokimiyatga boʻysunishni istamagan Shahrisabz viloyatiga 20 yil mobaynida 32 marta harbiy yurish uyushtirib, viloyatni 1856-yil qoʻlga kiritgan[7]. Shundan soʻng Kenagas oyim Buxoroga olib ketilib, amirning haramiga kiritilgan[5]. Amir Nasrulloh unga uylangan[4]. Yoqubbiy esa zindonband etilgan[5] yoki Chorjoʻy viloyatiga badargʻa qilingan[4].

Amir Nasrulloh Kenagas oyimni oʻz nikohiga olishidan asosiy maqsadi faqatgina oʻz haramini yana bitta goʻzal ayolga toʻldirish boʻlmasdan, balki kenagaslar bilan mangʻitlar qarindoshlik rishtasini bogʻlash[3]; Shahrisabz kenagaslari oʻrtasida katta obroʻ-eʼtiborga sazovor Vallamiylar bilan qarindoshlik aloqalarini oʻrnatib, ushbu qarindoshlik rishtasini Shahrisabz viloyatini oʻz davlatining ajralmas qismi sifatida ushlab turish uchun yana bir vositaga aylantirish edi. Biroq Amir Nasrullohning bu tavakkalchiligi keyinchalik oʻziga qimmatga tushgan. Pirovardida u oʻzining yangi „qarindoshlari“ fitnasi natijasida halok boʻlgan[4].

Amir Nasrullohga suiqasd va Kenagas oyimning oʻlimi

tahrir

Shahrisabz viloyatining sobiq hokimi Iskandarbiyning singlisi Kenagas oyim oʻz akasining rejasiga binoan oʻz eri Amir Nasrulloh uxlab yotganida uning qulogʻiga simob quygan[8][2][3]. Quloq ogʻrigʻi dardiga duchor boʻlgan Amir Nasrulloh oʻlimi oldidan oʻz shahvariga qasd qilgan Kenagasxonimni Buxoro arki ichidagi Childuxtaron qudugʻiga tashlashni buyurgan. Bu paytda Buxoroda yashayotgan Iskandarbiy va uning butun oila aʼzolari, shuningdek, kuyovi Yoqubbiy va uning farzandlari ham amirning oʻlimi oldidan qatl qilinganlar[1]. Yoqubbiy va Kenagas oyimning 2 norasida oʻgʻli jasadi ham Childuxtaron qudugʻiga tashlangan[8]. Amir Nasrulloh unga qilingan suiqasd natijasida qulogʻiga simob quyilgandan keyin bir necha kun oʻtgach — 1860-yil 21-sentabrda qattiq qiynalib, fojiali tarzda jon taslim qilgan[1].

Kenagas oyim haqida asarlar

tahrir

Poyon Ravshanov Kenagas oyim haqida „Malika Kenagas oyim yoxud amir Nasrulloning oʻlimi qissasi“[9] va „Malika Kenagas oyim Oychuchuk“[10] asarlarini yozib qoldirgan.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 Rajabov 2011, s. 34.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Ravshanov 2011, s. 440.
  3. 3,0 3,1 3,2 Ravshanov 2011, s. 474.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Rajabov 2011, s. 28.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Ravshanov 2011, s. 411.
  6. Ravshanov 2011, s. 412.
  7. Rajabov 2011, s. 27—28.
  8. 8,0 8,1 Ravshanov 2011, s. 411—412.
  9. „Adib va tarixchi olim Poyon Ravshanov vafot etdi & Umid Bekmuhammad. Poyon Ravshanovning poyonsiz mavzulari“. Kh-davron.uz. Qaraldi: 2021-yil 23-dekabr.
  10. „Малика Кенагас Ойим Ойчучук“. Book.uz. 2021-yil 23-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 23-dekabr.

Adabiyotlar

tahrir
  • Rajabov Q. K.. Nasrullohxon (risola). Toshkent: Abu matbuot-konsalt, 2011 — 47-bet. ISBN 978-9943-336-63-6. 
  • Ravshanov P.. Shahrisabz tarixi (Eng qadim davrlardan XX asrning I choragigacha. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2011 — 548-bet. ISBN 978-9943-08-760-6.