Foydalanuvchi:Abdurasulxonovmehroj/Misr sivilizatsiyasi

Qadimgi Misr

tahrir

Qadimgi Misr deb Nil daryosining birinchi ostonasidan boshlab keng Nil deltasini hosil qilgan tor Nil vodiysiga (kengligi 1 kmdan 20 km.gacha) aytiladi. Tor Nil vodiysi Yuqori Misr, deltaning quyi qismidagi viloyat Quyi Misr deb atalgan. («Yegipet» nomi yunoncha, Misr poytaxti Memfis misrcha «Xetkau-Ptax» yoki xikupta «xudo Ptaxning ruhi kal'asi» ma'nosini bildiradigan so`zdan kelib chiqqan.) Misrliklar o`z mamlakatlarini Nil vodiysining haydalgan qora tuproqli yeriga qarab Kemet-«qora yer» deb ataganlar.Misr Afrika qit'asining shimoliy-sharqiy qismida joylashgan, Suvaysh bo`yni orqali Misr Old Osiyoning madaniy markazlari bilan bog'langan. Misr Nil daryosi orqali Tropik Afrika va O`rtayer dengiziga tutashgan.Gerodot “Misr-Nilning sovg`asi”-deb ta'riflaydi. Chunki Nil daryosi Misr iqtisodiy hayotida yetakchi o`rin tutgan. Nilda har yili 19 iyunda toshqin ko`tarilgan. Bu toshqin sentabr o`rtalarigacha davom etgan. Noyabrda daryo o`z o`zaniga tushgan. Ekilgan yer aprel-mayda hosil keltirgan. Nil daryosi Misr iqtisodiyotining asosi dehqonchilikda muhim o`rin tutgan. Mo`l-ko`l hosil sun'iy sug'orish asosida olingan.

Dehqonchilik

tahrir

Misrliklar dehqonchilik ishlariga ko`ra yilni 3-mavsumga bo`lganlar: “to`la suv mavsumi”-Nil toshqini (iyul o`rtalari), «ekin, unish mavsumi» ekishdan hosil yig'ishgacha bo`lgan qishloq xo`jalik ishlarini to`liq sikli (noyabr va may o`rtalari), «quruq mavsum»-yerni dam olish vaqti va shafqatsiz jazirama (may o`rtalaridan iyul o`rtalarigacha) davri. Suv omborlari qurilib, Nil vodiysi to`g'on, kanallar bilan to`g'ri burchakli havza (basseyn)larga bo`lingan.Ekinlar: arpa, bug'doy, kunjut, kanop, emmer (polba) xurmo, kokos palmalari, akatsiya (qurilish materiallari uchun), uzum va mevali daraxtlar o`sgan. Asosiy ovqat hisoblangan baliq ko`p bo`lgan. Chorva mollari: qo’y, echki, sigir, eshak, cho`chqa boqilgan.

Qazilma boyliklar:

tahrir

Granit, bazalt, diorit, alebastr, shifer, ohak. Memfis yonida yirik tosh konlari, o`rta Misrda Fiva yaqinida alebastr konlari va Sinay yarim orolida boy mis konlari bo`lgan. Oltin Shimoliy Nubiya va Arabiston yarim orolidan olib kelingan.

Aholi:

tahrir

Qadimgi Misrliklar o`rta bo`yli, to`ladan kelgan, soqoli qirilgan, sochlari qisqa qirqilgan.Ozgina turtib chiqqan daxan. Qalin lablar, uzunchoq bosh, «negroid» va «Osiyo» belgilari qo`shilgan. Kiyimlar qisqa, old yubka, lungidan iborat bo`lgan.

Ovqat:

tahrir

arpa non, emmer bo’tqasi, quruq baliq, piyoz, sarimsoq va bodring. Qadimda misrliklar dunyo tarixida birinchi bo`lib pivoni kashf qilganlar va arpadan tayyorlangan pivo asosiy ichimlik bo`lgan. Go`sht kam iste'mol qilingan. Nil vodiysida qadimgi aholi Saxara, Liviya sahrosi va Efiopiyadan er.avv.VI ming yillik oxirida kelib joylashgan. Bu etnik guruhlarning qo`shilishidan qadimgi Misr xalqi kelib chiqqan.

Misr tarixini o`rganish

tahrir

Qadimgi Misr tarixini o`rganish uchun qadimgi Misrning zamonamizgacha saqlanib kelgan ko`pgina yozma yodgorliklari katta ahamiyatga egadir. Yozma manbalardagi ma'lumotlar moddiy madaniyat yodgorliklarini ko`p jihatdan to`ldiradi, bu ma'lumotlar qadimgi zamondagi misrliklar hayotini, texnika, san'at va diniy e'tiqodning rivojlanishini oydinlashtirib beradi. Antik dunyo mualliflarining qadimgi Misr haqida yozgan yoki eslab o`tgan asarlaridan Misr tarixiga oid ko`p ma'lumot olish mumkin. Garchi yunon va rim yozuvchilari qadimgi Misr tarixi va madaniyati haqida ba'zan bir qator qimmatli ma'lumotlar qoldirgan bo`lsalar ham, lekin ularning ma'lumotlari tanqidiy ravishda jiddiy qarashni talab qiladi.

Qadimgi Misr tarixi ko`p xil manbalar orqali o`rganiladi. Bu manbalarni yetti turga bo`lish mumkin:

Yozma manbalar, tarixiy asarlar, badiiy adabiy, ilmiy, diniy matnlar, hujjat va yo`riqnomalar.

Moddiy madaniyat yodgorliklari: shahar, qal'a, ibodatxona, sog'ona, uylar, sopol idishlar, haykallar va h. k.

Xalq og'zaki ijodiyoti: qo`shiq, ertak, maqollar, afsona, axloqiy-etik asarlar.

Tilshunoslik ma'lumotlari.

Etnografiya ma'lumotlari

Antropologiya ma'lumotlari: mumiyo, skelet, freska, relyeflarda odamlarni jismoniy tuzilishini o`rganish mumkin bo`lgan tasvirlar.

Geografik muhit va landshaft, kanallar, yo`llar.

Yozma manbalar:

tahrir

Mashhur fransuz olimi Shampol`onning Misr iyerogliflarini o`qishi qadimgi Misr yozuvini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etdi. Palermo toshi yozuvlarida V sulolagacha bo`lgan fir'avnlarining ro`yxati sanab o`tilgan va yirik harbiy yurishlar va Nil toshqinlari to`g'risida ma'lumot beradi. Aton va Ra ibodatxonalari (Fivadagi Karnak ibodatxonasi) devorlarida yozilgan «Tutmos III annallari» (XVII sulola) qimmatli yozma manbalardan biri hisoblanadi.Kohin Manefonning (taxminan er. avv. VI-III asrda) yozilgan asarida misr tarixi eng qadimgi davrdan boshlab bayon qilingan. Manefon 30 sulola ro`yxatini tuzib, ularni uch dekada 10 sulolaga bo`ldi. Bu yangi davrda tadqiqotchilarning Misr tarixini eng muhim davrlarini aniqlashlari uchun jumladan, qadimgi Misr tarixini, qadimgi, o`rta, yangi va so`nggi podsholik davrlariga bo`lish imkoniyatini berdi. Misr arxivlari huquqiy, ish yuritish hujjatlaridan tashkil topgan. Eng qadimgi arxiv podsho Neferikara ibodatxonasida (V sulolasi er. avv. XXV-XXIV asr) topilgan. Eng boy arxivlardan biri Axetaton shahri (El-Amarna)ni qazishda topilgan bo`lib, bu arxivda 350 hujjat mavjud.Qadimgi Misrdan boy abadiy meros yetib kelgan. Misr adabiyoti namunalaridan nasihatnoma va bashoratlar: «Axtoy nasihatnomasi», «Amenemope nasihatnomasi», «Ipuser so`zlari». Badiiy adabiyot namunalari: «Suzamol dehqon to`g'risidagi qissa», «Sinuxet hikoyalari» va hokazolarni aytish mumkin.Ertaklar: «Ikki aka-uka to`g'risida», «To`g'ri va egri» haqida «Kemada halokatga uchraganlar» ertagi, «Unu Amonning Biblga sayohati» (Er.avv.XI asr kabilar).Diniy ruhdagi asarlar: V-VIII sulola fir'avnlari piramidalari ichki devorlarida iyerogliflar bilan tasvirlangan yodgorliklar bo`lib (er.avv.XXIV-XXII asrlar), ular «Piramida matnlari» deb ataladi.Diniy yozuvlar. O`rta podsholik davrida zodagonlarning yog'och sog'onalarida bitilgan «Sarkofaglar matnlari», qadimgi Misr diniy bosh kitobi hisoblangan «O`liklar kitobi», Memfis ilohiyotshunoslik matnlaridan iborat.

Tibbiyot, matematika papiruslari.

tahrir

Ebers katta papirusi va Edvin Smit papiruslari kabilar qadimgi Misrda ilmiy bilimlarni rivojlangani to`g'risida ma'lumot beradi.Arxeologik yodgorliklar. Bular me'moriy ansambllar piramida, mastaba (hokim, zodagonlarning sog'onalari), shahar va ibodatxona qal'a, dengiz porti va nekropollardan iborat. Ayniqsa, III-IV sulolalar davrida qurilgan piramidalar noyob tarixiy-madaniy yodgorlik hisoblanadi. Eng qadimgi qabr-sarkofaglar jumlasiga, Yuqori Misr podshosining Enxab (Nexen) shahridagi qabr-sarkofagni aytish mumkin.Misrda mavjud bo`lgan, bizgacha saqlanib kelgan piramidalar, mastaba va boshqa sog'onalar qadimgi davrdayoq o`g'ri-qaroqchilar tomonidan talangan. Faqatgina bitta piramida bizgacha talanmay yetib kelgan. Ingliz arxeologi Karter 1922 - yilda topgan va tekshirgan fir'avn Tutanxamon piramidasida topilgan buyumlar oltin va qimmatbaho toshlar, temir metalli hamda 19 yoshda vafot etgan Tutanxamonning mumiyolangan jasadi ilmiy-tarixiy nuqtai-nazardan o`ta qimmatli hisoblanadi.Yangi podsholik fir'avnlarining mumiyolari «ombori» hisoblangan Dayr-al-Baxrdagi umumiy qabrda topilgan ko`pgina ashyolar diqqatga sazovordir. Bu ashyolar qadimgi Misr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti to`g'risida qimmatli ma'lumotlar beradi.

Shaharlar qoldig'i

tahrir

Er.avv.IV ming yillik boshlariga oid Yuqori Misrning poytaxti deb taxmin qilingan Enxab shahri dunyo tarixida barpo etilgan eng qadimgi shahar hisoblanadi. Misrda qadimgi Fayum vodiysidagi Illaxun shahri qoldig'i, El-Amarnadagi Axetaton shahri, Tanais kabi shaharlar qoldig`i arxeolog-tarixchi olimlar tomonidan qazib ochilib, tadqiq etilgan.

Antik mualliflar asarlari.

tahrir

Antik mualliflar asarlaridan Gerodot tarixi (er. avv. V asr), Sisiliyalik Diodorning «Tarixiy kutubxona» asari «Strabon geografiyasi» (er. avv. II-I asri) Plutarxning «Osiris» va «Isida» traktati qadimgi Misrning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti to`g'risida batafsil ma'lumotlar beradi.

Etnografiya ma'lumotlari.

tahrir

Misrliklar boshqa ko`pgina qadimgi Sharq xalqlari singari bir qancha qabilalarning sekin-asta aralashib ketishi natijasida tashkil topgan. Qadimgi Misr xalqini tashkil qilgan bu qabilalar Shimoliy va Sharqiy Afrikaning mahalliy qabilalaridir. Misrdagi arxaik davrga mansub bo’lgan kishilarning o`ziga xos haykalchalari, Misr hududidagi arxaik mozorlardan topilgan bosh suyaklarini o`lchab ko`rish natijalari, shuningdek qadimgi Misr tipining somali va boshqa qabilalarning tipiga bir muncha o`xshab ketishi eng qadimgi misrliklarning tropik Sharqiy Afrikadagi qabilalar bilan qarindoshligini ko`rsatadi. Qadimgi Misr tasvirlariga ko`ra Sharqiy Afrikada (Punt mamlakatida) yashagan qadimgi qabilalar o`zlarining tashqi qiyofalari bilan misrliklarga juda ham o`xshab ketadilar.

Adabiyotlar Ro'yxati

tahrir

1.Каримов И. А. Тарихий хотирасиз келажак йук. T.1998 yil.

2. Ладынин И. А. и др. История древнего мира: Восток, Греция, Рим. «Слово», «ЭксмоЭ-М. 2004.Лирика древнего Египта. M., 1965

3. Коростовцев М.А. Религия древнего Египта. M., 1976

4. Культура Древнего Египта. M., 1976

5. Повесть о Петеисе III Древнеегиптская проза. Пер. M.A. Коростевцева. 1978