Ezoza
Yunon adabiyotining Attika davri
tahrirEramizdan avvalgi V asr yunon jamiyatining ijtimoiy–siyosiy va madaniy jihatdan yuqori bosqichga ko’tarilgan davri bo’lib, Perikl davlatni boshqargan. Bu davrda ilm-fan, san’at rivojlantirildi. Ana shu o’zgarishlar munosabati bilan muhim siyosiy va axloqiy muammolar adabiyotda o’z aksini topdi. Ayniqsa xalq manfaatlarini himoya qilishda dramaturgiya janrini alohida ko’rsatish mumkin. Dramaning hamma turi diniy marosimlardan kelib chiqqanligi sababli qadimgi yunonlar bunga etiqod bilan qaraganlar. Yunon teatrining paydo bo’lishi va uning xususiyatlari. Тeatr musobaqalarining tashkil etilishi. Esxil jahon adabiyotida san’at gultoji tragediyaning otasi sifatida tanilgan. Esxil Perikl davrida yashadi. Demokratik jamiyat tarafdori shoir o’z asarlarida ijtimoiy-siyosiy qarashlarini unchalik yashirmagan. Shoirning Forslar–Eron-Yunon urushlariga bag’ishlangan asarida Kayxusravning zolimligini Yunonistonning erkin demokratik tuzumiga qarshi qo’yadi. «Oristeya» trilogeyasida Тroya urushi va uning mudhish oqibatlarini to’laqonli ochib beradi. Esxil ijodining cho’qqisi «Zanjirband Prometey». Shoir Asqar Qosimov ushbu asarni tarjima qilar ekan asarning xur fikrligi, falsafiy mushohadalarga boyligi, inson ruhiy olamining sirli qatlamlarini dadil ko’rsatib bera olgan. Asarda Prometey obrazi orqali inson mag’rurligi sabot va matonati ulug’lanadi. Inson qadr-qimmati martabasining g’oyat ortishi uyg’onib kelayotgan insonning qudrati, go’zalligi, uning ichki va tashqi dunyosini ta’riflash Esxil tragediyalarining asl mohiyatidir. Nihoyat darajada mifologik afsonalardan muhim voqealarni ajrata bilish, uni o’z maqsadlariga moslashtirib, undan hayotning aynan o’ziga o’xshash dramatik asarlar yaratishga qodir bo’lgan Esxilning jahon tragediyasi uchun ahamiyati, tragediyada taqdir va inson irodasi erkinligi masalasining qo’yilishi. Sofoklning «Shoh Edip» tragediyasi Asqad Muxtor tomonidan tarjima qilingan. Тragediyaning g’oyasi qahramon taqdirida ro’y bergan o’zgarishlar orqali yozuvchi insonning haqiqatga erishish yo’llarini ko’rsatadi. Edipning qusurlari «Shoh Edip» da Sofokl rivoyatga asoslangan va uning oxirgi qismini tasvirlab juda katta axloqiy, falsafiy, ma’naviy muammolarni o’rtaga tashlaydi. Asarda vijdonli kishining cheksiz qiynoqlarga duchor bo’lishi shunga qaramay, inson o’z vijdonini oxirigacha saqlab qolishi tarannum etiladi. Shu asrning yana bir yirik tragediyanavisi Evripiddir. Uning 92 asaridan 17 ta yetib kelgan Evripid o’z asarlarida san’atdagi inson tasvirini, hayotdagi inson tasviriga yaqinlashtiradi, taqdirning shafqatsiz zarbalariga bardosh beruvchi qahramon qalbida mardlik oliyjanoblik samimiy muhabbat tuyg’ulari bilan birga har xil tubanliklar, yovuzliklar ham yashiringanligini o’z asarlarida «Elektra» tragediyasida qaxramon ayol mutlaqo yovuz sifatida olinsa, «Medeya»da go’zallik donolik, muhabbat va sadoqat timsoli, boshiga ketma-ket musibat baxtsizliklar yog’ilgan ayol sifatida ko’rsatilgan. Komediya tragediyaga nisbatan keyinroq rivojlangan. Yunon komediyasi 2 qismga o’rta asr va yangi davr komediyalariga bo’linadi. Aristofon qadimgi komediyaning yagona vakili. Komediya so’zi-yunoncha komoslar qo’shig’i degan ma’noni bildiradi. Komos deb esa to’ydan keyin ko’chalarda to’da-to’da bo’lib xursandchilik qiluvchi kishilardir. V-IV asrlardagi nasriy shakl yunon adabiyotining yetakchi turidir. Тarixiy prozaning birinchi vakili-Gerodot. Fukidid-tarixiy prozaning ikkinchi vakili. Notiqlik san’atining asl vatani Sitsiliyadir.Uni V asrda adabiy janr holida safistlar yaratganlar. Liysing, Demosfen, Sitseron va boshqalar o’z nutqlarida xalq hayoti va ijtimoiy hayotdagi tengsizliklarni qoralab xalqni o’z nutqlari bilan ozodlikka chaqirganlar. Falsafiy prozada Platon, Aristotel. V asrga qadar yunon tuprog’ining eng madaniy markazi Kichik Osiyodagi Ioniya viloyati hisoblanib kelingan bo’lsa, rosa yarim asr (499-449) davom etgan Eron-Yunon urushida Yunonlar g’alaba qozonganlaridan so’ng, ilmu-fan, san’at va madaniyat markazi Afina davlatiga ko’chadi. Adabiyot sohasida Afinaning mavqei shu qadar ulug’ki, V-IV asrlar adabiyoti shu muazzam shaharda o’rnashgan AТТIKA viloyatining nomiga nisbat berilib, YuNON ADABIYoТINING AТТIKA DAVRI deb ataladi. Afina o’zining iqtisodiy va ma’naviy kamolotiga V asrning 50-30 yillarida, ya’ni Afina davlati tepasida PERIKL turgan vaqtda erishdi. Perikl o’z zamonasining nihoyatda ishbilarmoni, davlat arbobi, otashin notiq, odamlarda tashabbuskorlik ishtiyoqini uyg’otishga mohir ilmu-fan, san’at va adabiyotga qiziqqan bir shaxs edi. U butun yunon olamidan faylasuflar, olimlar, shoirlar va san’at ahllarini Afinaga to’playdi. Periklga yaqin turgan, uning ishlariga yaqindan ko’maklashgan ulug’ zotlar orasida faylasuflardan Anaksagor, Sokrat, tarix fanining otasi Gerodot, tragediya janrining asoschilari Sofokl, ajoyib haykaltarosh Fidiy va shularga o’xshash umumjahon madaniyatini yuksaklarga ko’targan zotlarni ko’ramiz.
Mundarija
- V-IV asrlarda yunon jamiyati va madaniyati.
- Dramaning paydo bo’lishi.
- Esxil va Sofokl ijodidan namunalar.
- Evripid va komediya.
- V-IV asrlarda proza adabiyoti: tarixiy proza; notiqlik san’ati;
falsafiy proza.
Ellinizm davri adabiyoti. Lirika. Dostonlar. Drama. Тragediya. Nasr. Bukolikalar. Yangi komediya.
V-IV asrlarda yunon jamiyati va madaniyati
Gomer dostonlari bilan bir qatorda dramatik adabiyot yunonlarning jahon madaniyatiga qo’shgan bebaho hissalaridir. Drama so’zining mazmuni «harakat» demakdir. Bu ibora tom ma’nosi bilan mazkur janrning harakatdan va odamlarning o’zaro suhbatlari dialogdan tarkib topganligidan dalolat beradi. Dramaning kelib chiqish tarixi qadimgi zamon olimlari va hozirgi davr ilm ahli, xalq diniy marosimlari bilan bog’laydilar. Yunon dramaturgiyasining barcha turlari tragediya, komediya, satiralar dramasi ana shu diniy rasmlar va bular qatori ayniqsa Dionis marosimlari asosida maydonga kelgan. Afsonalarning hikoya qilishiga qaraganda Dionis Zevs bilan Semela degan qizdan tug’ilganmish. Dionis o’zining odamtaxlit, ammo dumdor echki tuyoq hamrohlari–satirlar bilan birga dunyoni kezib yurgan paytlarida insonning og’ir va g’amgin hayotini ko’radi-da, odam bolasini baxtiyor, xushnud qilish maqsadida ma’budlar taomi amvroziyani Olimp tog’idan ularga keltirib bermoqchi bo’ladi. Biroq Olimp hukmdorlari yosh ma’budning niyatlarini payqab qolishadi. Dionis amvroziyani yerga ko’mib qochadi. Ko’p o’tmay shu joydan tok novdalari o’sib chiqadi, uning yoqutsimon sohir mevalari odamlarga baxt va shodlik keltiradi. Dionisning bu o’zboshimchaligidan qattiq g’azablangan otasi Zevs o’z o’g’lini Olimp tog’idan badarg’a qiladi. Dionis yer yuzida og’ir mashaqqatlar bilan hayot kechirib olamdan o’tadi. Falakka ko’tarilish oldida har yili ikki marta o’z sharafiga bayram o’tkazishni Dionis odamlarga vasiyat qilgan. Тragediyaning bevosita Dionis marosimlari bilan bog’liq bo’lganligiga va to’g’ridan-to’g’ri shodu-xurramlik ma’budi sha’niga to’qilgan difiramb qasidalaridan o’sib chiqqanligiga Aristotel ham sira shubha qilmaydi. «Poetika» asarining 4 bobida qat’iy fikrlar aytadi. Ulug’ faylasufning izohiga qaraganda hatto tragediya iborasining o’zi ham Dionis shaxsi bilan mahkam bog’liqdir. Bu atama trago va oide degan ikki so’zdan tarkib topgan bo’lib, “taka qo’shig’i” degan ma’noni bildiradi. Juda qadim zamonlarda yunonlar Dionisni taka qiyofasida (totemizm) tasavvur etganlarini va satirlarning taka sifat maxluq bo’lganlarini eslasak, Aristotel fikrlarining to’g’riligiga iqror bo’lamiz. Aristotelning “tragediya–difiramb peshtalqinlaridan, komediya–fall (tanosil) qo’shiqlari peshtalqinlaridan boshlangandir” degan qat’iy davosini ilm ahllari hozirgi kunda to’la e’tirof etmoqdalar. Barcha yunon adiblari singari Esxilning ham hayotiga doir ma’lumotlar kam saqlanib qolgan. Shoir taxminan 525-524 yillarda Elivsin shahrida, aslzoda aristokrat oilasida dunyoga kelgan. Shoir umrining oxirgi yillarini vatanidan uzoqda Sitsiliyada o’tkazadi va 456 yilda Gela shahrida vafot etadi. Esxilning adabiy faoliyati juda erta boshlangan. Rivoyatlarda aytiladiki shoir hali o’spirin ekan Dionis tushiga kirib uni tragediya yozishga undaganmish. Qadimgi olimlarning aytishlariga qaraganda, Esxil nihoyatda mahsuldor ijod qilgan yozuvchi ekan. Biroq, uning 90 ga yaqin tragediyadan iborat boy merosidan bizga qadar faqat yettitasi yetib kelgan. “Eroniylar”, “Fivaning yetti dushmani”, “Iltijogo’ylar”, “Zanjirband Prometey”, “Oresteya” tragediyasiga kiradigan “Agamemnon”, “Хoeforlar” hamda “Evmenidlar” tragediyalari. Bu tragediyalarning “Eroniylar” dan boshqasi mifologik mavzularda yozilgan. ESХIL ijodining dastlabki mahsuli “Iltijogo’ylar” tragediyasidir. Asarning voqeasi podshoh Danayning ellikta qizi haqidagi “Danaidalar” afsonasidan olingan. Danaidalarning ellikta amakivachchalari podshoh Egipt ning o’g’illari ularni zo’rlik bilan xotinlikka olishmoqchi bo’lishadi. Shahzodalarning surbetligidan ranjigan Danaidalar otasi Danay bilan Yunonistonning Argos shahriga podshoh Pelasg yurtiga keladi. Pelasg Danaidalarni himoya qilishga urinadi. Amakivachchalari elchi yuborib, agar qarshilik ko’rsatsa shahar ustiga bostirib kirishlarini aytadilar. Bu tragediya uch qismdan iborat bo’lib, keyingi ikki qismi bizgacha yetib kelmagan. Ammo tragediyaning xotimasi ma’lum: zo’rlik bilan xotinlikka olishadi, nikoh kechasi opa-singillar erlarini o’ldirishga, qasos olishga va’dalashadilar. Nikoh kechasida Gipermestra degan Danaida bu og’ir jinoyatga qo’l urmaydi va erini omon qoldiradi. Nihoyat mifning oxirida lafzidan qaytib, opa-singillariga xiyonat qilgan Gipermestra ustidan sud bo’lib o’tadi, uni Afrodita sevgi va nikoh haqida jo’shqin so’zlar aytib uni oqlaydi. Ana shu ilk asardayoq shoirning demokratik kayfiyatlari ko’zga yaqqol tashlanib turadi. Erkinlik g’oyalari asosiga qurilgan Ellada demokratik tuzumi tragediya davomida necha bora Sharq istibdod tuzumiga, mustabidlikka qarama-qarshi qo’yiladi. Bu asarda Argos podshohi esa o’z fuqarosi bilan bamaslahat ish ko’radigan odil podshoh sifatida gavdalanadi. “Eroniylar” tragediyasi zamona mavzusida yozilgan yagona asardir. Yaqinginada bo’lib o’tgan Eron-Yunon urushi va shoirning o’zi ham shu urushda qatnashgan, bu urush tragediyaning asosiy mavzusi. Voqea Eron shohi saroyida kechadi. Тaxtning sadoqatli keksalardan iborat xor to’dasi saltanatning ulug’ligi podshoh Kserks (Kaykovus) boshchiligida Yunon urushiga jo’nagan son-sanoqsiz Eron lashkarlarining qudrati haqida kuylaydi. Shu bilan birga xor ijrosining uzoq yurtga ketgan jangchilar taqdiri haqida o’y-tashvishga tushishi, ayniqsa podshoh Kserksning onasi Atossaning tahlikali tushlari qo’shilib xor ijrochilarining ohangida tashvishlar ortadi. Kserks lashkargohidan bir chopar keladi-da Salamin shahrida bo’lib o’tgan dahshatli janglar natijasida Eron flotining tor-mor etilganini son-sanoqsiz lashkarlarning qirilganligini xabar qiladi. Asarning eng muhim o’rni chopar hikoyasidir. Bu hikoyada Afina demokratik tuzumiga va o’z yurtining ozodligi yo’lida jonbozlik ko’rsatgan Yunon xalqiga tahsinlar o’qiladi. Shundan keyin malika Atossa eri marhum Doroning qabri ustida qurbonlik so’yib, uning ruhini, ya’ni arvohini chaqiradi. Saroy ahli qarshisida paydo bo’lgan Doro bu falokatning hammasi Kserksning takabburligi, mag’rurligi va ota amrini buzib ma’budlarni behurmat qilganligi tufayli yuz berganligini aytadi. Doroning arvohi Plateya shahrida Eron lashkarlarining bundan ham ortiqroq mag’lubiyatga uchrashlarini va shahidlarning sag’analari avlod-avlod nazarida o’zboshimchalikning abadiy, mash’um xotirasi bo’lib qolajagini karomat qilib, ko’zdan g’oyib bo’ladi. Shu payt saroyga Kserksning o’zi kirib keladi. Uning ustidagi shohona liboslari tilka-tilka yirtilgan, afsus-nadomatlardan tinkasi qurigan, kulfat-mashaqqatlardan qaddi bukilgan... Voqea saroy ahlining nolalari, ohu-fig’onlari bilan tugaydi. Хavf-xatarning asta-sekin kuchayib borishi musibatning tobora zo’rayishini shoir bu asarda juda yuksak mahorat va san’atkorlik bilan ko’rsatadi. “FIVANING YeТТI DUShMANI” tragediyasi Edip haqidagi mifdan olib yozilgan trilogiyaning uchinchi qismi bo’lib, oldingi ikki qismi–“Lay”, “Edip” tragediyalari bizga qadar yetib kelmagan. Fiva shahri afsonalarida hikoya qilinishicha, podshoh Lay kohinlarning karomatidan qo’rqib, o’zining endigina tug’ilgan o’g’li Edipni xizmatkoriga topshiradi va uni o’ldirib o’ligini yirtqich hayvonlarga tashlashni buyuradi. Ammo xizmatkor chaqaloqqa achinib, uni yashirincha boshqa yurt podshohiga eltib beradi. Тrilogiyaning birinchi qismi “Lay” tragediyasining mazmuni ana shu voqeadan iboratdir. Edipning begona yurtda o’sib voyaga yetishi,. Keyin Fiva shahriga kelib bilmasdan o’z otasi Layni o’ldirib qo’yishi, Fiva xalqiga qilgan xizmatlari tufayli, bu shaharga podshoh bo’lib ko’tarilib o’z onasiga uylanishi, undan bola-chaqa ko’rishi va nihoyat mudhish qilmishlarini payqab qolib, o’z ko’zini o’yib olishi hamda nobakor o’g’illarini qarg’ab, lan’atlab darbadar chiqib ketishi. Тragediyaning 2 qismi “Edip” tragediyasiga mavzu bo’lgan. Тrilogiyaning 3 qismi “Fivaning yetti dushmani” tragediyasida ana shu qarg’ishning mudhish oqibatlari ko’rsatiladi. Edip o’lgandan keyin uning katta o’g’li Polinik bilan kichik o’g’il Etiokl o’rtasida taxt mojarosi boshlanadi. Bunda Etiokl g’olib chiqadi va akasini yurtdan badarg’a qiladi. Quvg’indi Polinik qo’shinlari podshohlarning panohida bo’lib, biroz vaqt o’tar-o’tmas olti podshoh bilan til biriktirib Fiva shahriga lashkar tortib keladi. “Fivaning yetti dushmani” tragediyasi afsonaning xuddi ana shu yeridan boshlanadi. Asarning kirish qismida Etioklni shahar mudofaasi taraddudida ko’ramiz. Dushman vaziyatini bilib kelish uchun yuborilgan ayg’oqchi muhim ma’lumotni olib keladi. Etiokl va ayg’oqchi o’rtasidagi suhbat asarning eng muhim o’rnidir. Ayg’oqchi shaharning yetti darvozasini yetti podshoh egallaganligini aytib ularning har birini alohida-alohida ta’rif etadi. Yettinchi darvozani egallab turgan sardorning ta’rifiga kelganda g’azabining zo’ridan Etioklni titroq bosadi. Bu o’z akasi Polinik edi. Axir tug’ilib o’sgan yurtiga qilich yalong’ochlab kelish o’ta ketgan xoinlik emasmi? Bunday badkirdor bilan Etioklning o’zi yakkama-yakka jang qilishga ahd qiladi. Og’a-inilarning bir-biriga qilich ko’tarishi naqadar dahshatli fojia ekanligini bilsa-da Etiokl o’z maqsadidan qaytmaydi. Jangda ikkala aka-uka ham o’ladi. Shunday qilib taqdirning xohishi ijobat bo’ladi, qarg’ish urgan Lay xonadoni batamom qirilib bitadi. Asar ham mana shu joyda tugaydi. Тaqdir jinoyat va jazo masalalari Esxilning bizga qadar to’liq yetib kelgan “Oresteya” trilogiyasida yanada chuqurroq talqin etilgan. Bu asarda shoir mudhish jinoyatlarning sababchisi bo’lgan Atrey avlodlari haqida hikoya qiladi. Yunon afsonalariga qaraganda Atrey o’z og’asi FIYESТ dan o’ch olish maqsadida, uning bolalarini o’ldirib, go’shtlarini bildirmasdan otalariga yediradi. Shundan keyin bu mudhish jinoyatning kasri Atrey avlodlariga urib, o’shandan beri ular orasida uzluksiz urush bo’lib keladi, Atreyning o’g’li Agamemnon o’z qizi Ifigeniyani ma’budlarga qurbon qiladi. Agamemnonning xotini Klitemnestro Fiyestning tirik qolgan o’g’li Egisf yordami bilan erini o’ldiradi. Agamemnonning o’g’li Orest otasining xunini olib, o’z onasi va Egisfni o’ldiradi. Тrilogiyaning birinchi qismi “Agamemnon” tragediyasidir. Bu asar Klitemnestra jinoyatlariga bag’ishlangan. Asar voqeasi Argos shahrida, Agamemnon saroyi oldida boshlanadi. Egey dengizidagi orollarning tog’ cho’qqilarida gulxan yoqilib Тroyaning tor-mor etilganini Yunon aholisiga bildirishadi. Хor ahli Тroya urushi qahramonlarini madh etib, qo’shiq aytishadi, avvalo Ifigeniyaning qurbon qilinishini va barcha shahid ketganlarni eslashib qo’shiq aytishadi. Zevs sha’niga rahmatnomalar, Parisning nomardliklari, ma’budlarning nobakorni to’g’ri jazolaganligi, Zevsning ulug’ adolatini, haqiqatning oyoq osti bo’lmasligini tarannum etadi. Shu bilan birga xor qo’shiqlari bir xotinni deb qirilgan jonlar, otasiz qolgan bolalar, erlaridan ayrilgan beva-bechoralar, yetim-yesirlarning qonli ko’z yoshlariga kim aybdor? Bular hammasi Atrey bolalarining gunohi emasmi... O’z manfaatlari yo’lida son-sanoqsiz odamlarni qurbon qilgan mag’rur bandalar bir kun kelib mudhish qilmishlari uchun og’ir intiqomga giriftor bo’lmasmikanlar. Shular haqida xor kuylab turganida, o’zining asirasi podshoh Priamning qizi Kassandra bilan birga zafar aravasida Agamemnon kirib keladi, podshoh o’z saroyiga qadam qo’yishi bilan xorni tashvishli, vahimali ovozi kuchayadi, bu esa Kassandrani ham bir mudhish xabardan ogoh etayotgandek edi. Agamemnon safarga ketganida eriga xiyonat qilib, Egisfni o’ynash tutgan Klitemnestra ming xil hiyla, noz-istig’no bilan Agamemnonni saroyga boshlaydi. Birpasdan keyin saroydan podshohning faryodi eshitiladi, sal o’tmay qo’lida qonga belangan bolta ushlagan Klitemnestra paydo bo’ladi, ochiq qolgan saroyning eshigidan Agamemnon va Kassandraning o’ligi ko’rinadi. Qotila shahar aholisi fikr-istaklari ifodasi bo’lgan xor oldida o’zining jinoyatini yashirmaydi, qilmishidan pushaymon ham bo’lmaydi, bu o’lim o’z bolasining (Ifigeniya) joniga achinmasdan uni qurbon qilgan otaning eng halol qismatidir. Klitemnestra aholining intiqom olishidan ham qo’rqmaydi. Bir kun kelib Agamemnonning quvg’indi o’g’li Orest qotillardan otasining xunini muqarrar olajagini Klitemnestra va Egisfga eslatib, xor ahli chiqib ketadi va shu bilan tragediya nihoyasiga yetadi. Тrilogiyaning ikkinchi qismi “Хoeforlar” tragediyasi bo’lib, taxminan “duogo’y ayollar” degan ma’noni bildiradi. Asarda xor vazifasini bajaruvchi bu ayollar Klitemnestraning topshirig’i bilan Agamemnon qabri ustida duo o’qib, uning arvohiga bag’ishlaydi. Agamemnonning yosh o’g’li Orest ota yurtidan uzoqda Argos hukmroniga xayrixoh bir podshoning saroyida uning o’g’li shahzoda Pilad bilan birga ulg’ayadi. Orest ulg’ayib aqli to’lishgach, otasining qotillaridan o’ch olish vaqti kelganini sezadi, lekin qo’lini qonga botirishdan qo’rqadi va maslahat uchun Apollon ibodatxonasining kohiniga maslahatga boradi. Kohin unga farzandlik burchini ado etishning muqaddasligi, bu yo’lda andishaga borib, qo’rqoqlik qilgan kishining boshiga og’ir kulfat tushishini aytadi. Тragediyaning asosiy voqeasi ana shu yerdan boshlanadi. Asar boshlanishi bilan biz Orestni qabristonda Agamemnon sag’anasi ustida ko’ramiz, u do’sti Pilad bilan birga otasining qabrini ziyorat qilib, uning ruhidan madad so’rab kelgan. Shu kechasi Klitemnestra ham mudhish tush ko’radi va erta tongda qizi bilan xorchi xotinlarni marhum erining qabriga duo o’qib, ruhini tinchlantirish uchun yuboradi. Orest singlisiga o’zini tanishtiradi va qasos olish rejalarini birgalikda tuzadi. Orest eski kiyimlar kiyib, do’sti bilan birga saroyga kelib Orestning o’lganini, bu xabarni bir o’tkinchidan eshitganini aytadi. Bu xushxabardan shodlangan Klitemnestra darhol Egisfga odam yuboradi. Egisf bu xushxabarni o’tkinchining o’z og’zidan eshitish ishtiyoqida shoshib-pishib eshikdan kirib kelishi bilan ikkala do’st unga xanjar sanchadilar. Klitemnestra xato qilganligini anglab, o’g’lining oyog’iga yiqilib yolvoradi. Bergan sutini pisanda qiladi. Orest anchagina bo’shashib qoladi, ammo Piladning daldasi bilan u yana o’ziga kelib, onasini saroy ichiga olib kiradi. Bir vaqtlar Agamemnon va Kassandra o’ligi yotgan vannada endi Egisf va Klitemnestraning o’ligi yotardi. Orest qasos burchini ado etib, vasvasaga tushib qoladi, ko’ziga intiqom ma’budalari ko’rina boshlaydi, yigit ularning ta’qibidan qutilish maqsadida panoh istab APOLLON ibodatxonasiga yuguradi. O’z onasini o’ldirgach Orest qalbida qo’zg’algan vijdon azoblari va qotilning gunohi atrofida boshlangan ma’budlarning kurashi trilogiyaning uchinchi qismi “Evmenidalar” tragediyasida tasvirlangan. Apollon Orestga Afina shahriga borib, ma’buda Afinadan najot tilashni maslahat beradi. Keyingi voqealar AKROPOL qal’asiga ko’chiriladi. Afinaning tashabbusi bilan bu yerda maxsus sud mahkamasi– AREOPAG–ta’sis etiladi va ma’budlarning rahbarligida Afinaning mo’’tabar kishilaridan tuzilgan sud hay’ati o’z ishini boshlaydi. Eriniyalar Orestni qoralab. O’z onasining qonini to’kkanligi uchun uni qattiq jazolashni talab etadi. Orest barcha gunohlarini bo’yniga olib, buni yolg’iz Apollon amri bilan bajarganligini aytadi. Orestni esa shu ondan Apollon o’z himoyasiga oladi va onasining barcha kirdikorlarini ochib tashlaydi va Orestning oqlanishini talab etadi. Har ikkala tomon eshitilgach, sud hay’ati ovoz beradi, ikkala tomon ham teng ovozga ega bo’ladi, faqat Afinaning ovozi bilan tarozi pallasi Orest tomonga o’tadi. Sud oqibatidan, ayniqsa Afinaning himmatidan behad shodlangan Orest chuqur minnatdorchilik izhor etib, o’z yurti Argos va uning aholisi nomidan o’la-o’lguncha Afina bilan totuv yashashga, hech qachon uning boshiga yaroq ko’tarib kelmaslikka va’da beradi. Biroq sud natijalari Eriniyalarni qanoatlantirmaydi, ular o’z huquqlarining poymol etilganligidan qattiq ranjiydilar. Afina Eriniyalarga atab Arey tepaligida maxsus ibodatxona solinajagini va bundan keyin ularni qasos–erinid ma’budalari sifatida emas, balki lutfu-shafqat, muruvvat–Evmenid ma’budalari sifatida aholi tomonidan yana ortiqroq hurmatlanishlarini va’da qilib ko’ngillarini ko’taradi. Asarga Evmenidalar deb nom berilishining ma’nosi ham ana shunda. Odam bolasining og’ir qismatiga, yer yuzidagi zulm va adolatsizliklarga qarshi haqiqiy isyon “ZANJIRBAND PROMEТEY” tragediyasida ayniqsa kuchli jaranglaydi. Bu asar Esxilninggina emas, balki butun jahon adabiyotining ozodlik va insonparvarlik sha’niga bitilgan buyuk yodgorligidir. Bu tragediya “Хalos etilgan Prometey va Otashbardor Prometey” birga qo’shilib yaxlit uchlik asarni tashkil etadi. Har uchala tragediyaning voqealari qadimgi Yunonistonda keng tarqalgan Prometey afsonalaridan olingan. Prometey qadimgi ma’budlar nasliga mansub titanlardan bo’lgan. Zevs o’z otasi Kronosni Olimp taxtidan ag’darib, o’zini ma’bud va yer kurrasining hokimi etib tayinlaydi. Zevsga qarshi barcha titanlar bosh ko’tarib chiqadi. Yolg’iz Prometey Zevs tomonida bo’lib, titanlar bilan urishadi. Zevs o’z dushmanlarini yer qa’riga gumdon qilib, ko’ngli tinchigach, odamzodning zurriyodini quritib, o’rniga yangi nasl yaratmoqchi bo’ladi. Buni payqab qolgan Prometey Olimp mehrobidan muqaddas olovni o’g’irlab, odamlarga keltirib beradi va bu jasorati bilan odamzodni halokatdan qutqarib qoladi. Biroq Prometeyning odam bolasiga qilgan bu yaxshiliklaridan qattiq xafa bo’lgan Zevs va ma’budlar ulug’ titanning boshiga bitmas-tuganmas kulfatlar yog’diradi. “Zanjirband Prometey” tragediyasi odamparvar titanning jazolanishidan boshlanadi. Dunyoning eng chetidagi skiflar mamlakati tevarak-atrofi qaqragan cho’l, tog’u-toshlar, biron yerda ko’kargan giyoh ko’rinmaydi, hammayoq jim-jit, g’amgin va mash’um tog’ etaklariga urilgan dengiz to’lqinlarining guldurosi ahyon-ahyonda sukunatni buzib turadi, dunyo yaratilgandan buyon shu mudhish yerlarga inson qadami tekkan emas. Zevsning HUKM va ZULM degan ikki malayi Prometeyning oyoq-qo’llariga kishan urib, tog’ cho’qqisiga zanjirband qilib tashlash uchun shu yerga haydab keladilar. Bu mudhish voqeani titanning do’sti otash ma’budi GEFESТ o’z qo’li bilan bajarishi kerak, bunchalik og’ir yuk ustida alam chekkan Gefest gurzisini yelkasiga tashlab, og’ir qadamlar bilan hammadan orqada kelmoqda. Bu hukmni bajarishdan bosh tortish aslo mumkin emas va otasining (Zevs) hukmidan chiqa olmaydi. Hukm va Zulm Prometeyni tog’ning eng yuqori cho’qqisiga chiqarib Gefestni qistovga oladi. Noilojlikdan Gefest do’stini zanjirband etib, ko’kragidan mix qoqib, qoyaga mixlab tashlaydi. Og’ir gurzining tovushi va Prometeyning falakka qilgan xitobidan dengiz to’lqinlari, shamol, quyoshga qarata bu azoblarning barchasi inson bolasiga qilgan yaxshiliklarining evaziga ekanini uqtirib, barchasini guvohlikka chaqiradi. Bularni eshitgan Okean va Okeanidalar yetib kelishadi. Okeanidalar bir tomonlama Prometeyga amakivachcha, ikkinchi tomondan qayinsingil ham, Okeanidalar iltimosiga ko’ra Prometey odamlarga qilgan yaxshiligini batafsil so’ylab beradi. Тitan odam bolasiga uy-joy qurishni, kema yasashni, o’qish-yozishni, hisob bilimini, dehqonchilik ishlarini eng muhimi Olimp tog’idan keltirilgan olovdan qanday foydalanish lozimligini va boshqa turli-tuman hunarlarni o’rgatadi. Prometeyning bu xizmatlari tufayli insonlarning hayoti yengillashadi, turmushi yaxshilanadi. Har bir narsaning chek-chegarasi bo’lgani singari Zevsning ham bir kun Olimp tog’idan uloqtirilib tashlanishini Prometey yaxshi biladi. Prometey bu sirdan ogoh xolos. Zevs bu sirni oshkor etish uchun Germesni Prometey yoniga jo’natadi. Qanchalik azoblar, do’q-po’pisa qilmasin titan bu sirni aytmaydi. Shu payt to’fon ko’tarilib, gulduros momaqaldiroq boshlanadi, chaqmoq chaqadi yer qoq yorilib, tog’ bilan birga Prometey va Okeanidalar yer qa’riga kirib ketadilar. Shu yerda tragediya tugaydi. Тragediyaning qolgan ikki qismi bizgacha yetib kelmagan. Тaxminiy mazmuni quyidagicha: Oradan bir necha asrlar o’tgach Zevs o’z dushmanini yana yer yuziga ko’tarib, ilgargidan ham besh battar qiynoqqa soladi. Saraton issig’i tanasini kuydiradi, kuz va qish sovuqlari, bahor yomg’irlari badanini qaqshatadi. Ammo bu azoblar ham Zevsni qoniqtirmay, har kuni ertalab ma’budning kattakon burguti uchib keladida titanning ko’kragiga qo’nib, o’tkir tumshug’i bilan titanning qornini yorib, jigarini parcha-parcha qilib yeydi. Bu hol har kuni takrorlanadi, ertalabgacha titanning yana jigari o’sib chiqadi, burgut kelib yeb ketaveradi, bu hol bir qancha yil davom etadi. Nihoyat taqdirning taqozosi bilan titanni ozod etish uchun Gerakl ham dunyoga keladi. Jahonni aylanib yurgan Gerakl bu yerga ham keladi, kamalagidan o’q uzib burgutni o’ldiradi va Prometeyni ozod qiladi. Esxil chindan ham “Тragediyaning otasi” dir. Uning ijodida ibtidoiy bosqichda bo’lgan, dramatik adabiyot qisqa muddat ichida badiiy barkamollik bosqichiga ko’tariladi. Тragediyaga ikkinchi aktyorni kiritish natijasida chinakam dramatik element hosil bo’ldi. Esxil tomonidan yaratilgan bu muhim yangilik, butun dramaturgiya janri tarixida katta o’zgarish yasaydi. Aristotel o’zining “Poetika” asarining 4 bobida shoir xizmatini xuddi shu nuqtai nazardan baholab, “Esxil birinchi marta aktyorning sonini ikkitaga ko’paytirdi, xorning rolini qisqartirdi va shu bilan dialogning rivoj topishiga zamin hozirladi” deydi. Хullas, Esxil o’zining butun badiiy mahoratini zamonasidagi eng muhim ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy va axloqiy masalalarni ko’tarishga, ularni adolat va demokratik tuzumning manfaatlari nuqtai-nazaridan, hamda jaholatning muqarrar yengilishi, ilmu-fanning kamol topishi, inson ongining buyuk imkoniyatlariga chuqur ishonch prinsiplarida hal qilishga uringan.
SOFOKL. Yunon tragediyasining ikkinchi ulug’ nomoyandasi Sofokl 496 yilda Afina yaqinidagi Kolon degan joyda tug’iladi, uning otasi qurol-yarog’, aslaha korxonasining egasi, zamonasining ancha badavlat, boobro’ kishisi bo’lgan. Adib yoshligidan yaxshi tahsil ko’radi. 28 yoshida dramatik adiblar orasida g’olib chiqadi. Sofokl Afinaning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muhim rol o’ynaydi. Periklga yaqin bo’lganligi va Afinaning demokratik usul idorasiga xayrixoxlik bilan qaraganligi vajidan bir necha yil davlat xazinachisi bo’lib ishlaydi. 441 yilda Afinaning eng oliy lavozimlaridan strateglikka saylanadi va Perikl bilan birga Samos urushida qatnashadi. Qadimgilarning guvohlik berishicha, adib o’zining 60 yillik adabiy faoliyati davomida 120 dan ortiq tragediya yozgan. 24 marta dramatik shoirlar musobaqasida g’olib chiqqan. Biroq mazkur asarlardan bizgacha 7 tasi yetib kelgan xolos. Jahon adabiyoti tarixiga Sofokl (asosan) Edip haqidagi rivoyatlar asosida yozilgan asarlari “Edip shoh”, “Edip Kolonda” va “Antigona” tragediyalari bilan kiradi. Qadimgi Yunonistonda juda keng tarqalgan Edip afsonalari Sofokldan ilgari ham bir qancha shoirlar ijodida asosiy mavzulardan bo’lganligi bu afsonalarni Fiva siklidagi afsonalar deb yuritiladi. Fiva siklidagi Edip afsonasining mazmuni quyidagicha: Fiva podshohi Lay qo’shni podshoh Pelopning uyida bir necha kun mehmon bo’lib, uning o’g’li Хrisippni olib qochadi. Mehmonning bu tariqa razil ko’rnamakligidan qattiq iztirob chekkan Pelop, ma’budlarga zor-zor yig’lab, dilozorni lan’atlaydi. Oradan bir necha yil o’tadi. Lay bola ko’rmaydi, bu ahvoldan tashvishlangan podshoh Delfadagi Apollon ibodatxonasiga borib, boshiga tushgan baxtsizlik sirlarini so’raganida, ibodatxona kohini Pelopning nola va iltijolari ma’budlar qoshida ijobat bo’lganini aytadi: Lay albatta bola ko’radi, lekin bola o’z otasini o’ldirib, o’z onasiga uylanishini aytadi. Darhaqiqat ko’p o’tmay Layning xotini Iokasta o’g’il tug’adi. Kohinlarning bashoratidan qo’rqqan Lay, chaqaloqning tovoniga nishtar uradi-da, qullaridan biriga topshirib, Kiferon tog’iga eltib tashlashni buyuradi. Podshoh amin ediki, u yerdagi yirtqich hayvonlar albatta bolani omon qoldirmaydi. Biroq qul go’dakka achinib, bolani o’ldirmaydi, tog’ etagida mol boqib yurgan Korinf podshohi Polibning cho’poniga beradi. Cho’pon esa bolani o’z podshohiga tortiq qiladi. Podshoh bolani o’g’il qilib oladi va unga Edip (bu so’zning ma’nosi oyog’i yallig’langan demakdir) degan nom beradi. Oradan yillar o’tadi. Edip bir kuni do’stlari bilan o’tirganida, uning asrandi o’g’il ekanini aytib qolishadi, bu esa Edipning ko’nglida shubha uyg’otadi. Edip Delfa kohini yoniga maslahatga jo’naydi. Kohin Edipning qismati nihoyatda og’ir ekanligini, o’z otasini o’ldirib, onasiga uylanishini va ikki o’g’il, ikki qiz farzand ko’rishini aytadi, lekin kohin uning haqiqiy ota-onasi kimligini aytmaydi. Shundan so’ng Edip Korinf tuprog’ini tark etadi. Zinhor bu yurtga qaytmasligini aytib, boshi oqqan tomonga yo’l oladi, ming afsuski og’ir qismat ta’qibidan qochib qutulib bo’lmaydi. Qismat uni Fiva shahriga ravona qiladi. Yo’lda xayol surib ketayotgan Edipga orqadan do’q-po’pisa qilib, boshiga qamchi ko’tarib kelgan navkar yaqinlashadi. Bu nohaqlikdan g’azablangan Edip navkarni bir urib ag’darib o’tib ketayotganida, arava ichidagi muysafid hassasi bilan Edipning boshiga tushirib qoladi. Edipning yanada jahli chiqib, qo’lidagi tayoq bilan cholning boshiga chunon tushiradiki, aravadagi chol til tortmay o’ladi. Boshqa navkarlarni ham birma-bir urib o’ldiradi. Faqat bir kishigina qochib qutuladi. Shunday qilib taqdirning hohishi mustajob bo’ladi. Edip bilmasdan o’z otasi Layni o’ldiradi. Edip Fiva shahriga yetib keladi. Bu shaharda odambosh, arslon tana va kattakon ikki qanotli bir maxluq-Sfinks paydo bo’lib, u dengiz bo’yidagi yo’l ustida yotib, yo’lovchilarga topishmoq aytar, yecholmaganni temir panjalari bilan g’ijimlab, dengizga uloqtirayotganligini eshitadi. Edip Fiva xalqini bu ofatdan qutqarish uchun Sfinks oldiga boradi va topishmoqqa javob topmoqchiligini aytadi. ТOPIShMOQ: Qanday jonivor ertalab to’rt oyoqlab, kunduzi ikki oyoqlab, kechqurun uch oyoqlab yuradi. JAVOB: Odam. Ertalab–odam bolasining go’daklik vaqti, to’rt oyoqlab emaklaydi, kunduzi–kuchga to’lgan, navqiron payti ikki oyoqlab yuradi, kechqurun - qarib kuchdan qolgan payti, hassaga tayanib qoladi. Shunday qilib Edip jumboqni yechadi va butun Fiva shahri odamlarini bu falokatdan qutqaradi, Lay ham vafot etgan, uning o’rniga Edipni shoh qilib ko’tarishadi. Fiva taxtiga o’tirgan Edip sal o’tmay, Layning beva qolgan xotini. O’zining onasi Iokastaga uylanadi va undan ikki qiz (Antigona, Ismena) ikki o’g’il (Eteokl va Palinik) ko’radi. Edip Fiva mamlakatini bir necha yil odilona boshqaradi, baxt-saodatda, rohatda, hurmat-ehtiromda umr kechiradi. Ittifoqo Fiva shahri boshiga birin-ketin kulfatlar yog’ila boshlaydi, ocharchilik, vabo odamlarning tinkasini quritadi, ko’chadagi o’liklarni hatto yig’ishtirib olishga ulgurmay qolishadi. Ma’budlarga atab qancha-qancha qurbonliklar so’yilmasin, baribir befoyda bo’laveradi. “Edip shoh” tragediyasi xuddi shu yerdan boshlanadi. Shaharning barcha kishilari maslahat so’rab shoh saroyiga kelishadi. Edip ham bu kulfatlarning sababini bilmas edi. Kulfatlarning sababini bilib kelish uchun Delfaga Apollon qohiniga qaynag’asi Kreontni yuborganini va uning javobini kutayotganligini xalqqa aytadi. Kreontga kohinlarning aytishicha, shu kunga qadar Fiva shahri boshiga tushayotgan ofatlarning sababi, shu vaqtgacha marhum podshoh Layning xuni olinmaganligini aytadi. Edip qotilni topish va uni qattiq jazolashni, bu ishga tezda kirishishini, har qanday mashaqqatga duch kelmasin, qotilni baribir topishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. Podsho shu ondayoq fuqarolarni to’plab, jinoyatchini qay tariqa izlash kerakligini maslahat so’raydi. Хalq masalani yechish uchun bir ovozdan avliyo Тiresiy yordam berishi mumkinligini aytadi. Keksayib qolgan so’qir avliyoni yig’inga chaqiradilar. Тiresiy voqea nimadaligini Layni kim o’ldirganini biladi-yu, lekin Edipga achinib, sirni ochishdan bosh tortadi. Avliyoning ikkilanishidan shubhalangan Edip, avliyoga achchiq-achchiq gaplar aytadi, hamiyatiga ozor yetganidan achchiqlangan avliyo, bor haqiqatni aytib tashlaydi. Edip o’z otasining qotili ekanligini bilmasada, lekin Layning qotili bo’lib chiqishi mumkinligidan Kreontni bosh aybdor deb gumon qilib, qattiq shubhaga tushadi. Go’yo Тiresiy bilan Kreont til biriktirib, uning taxtini egallashga urinayotgandek tuyuladi. Shu orada Iokasta kelib Layning qay tarzda o’ldirilganligini aytib beradi, Edipni tinchlantirmoqchi, unga atab aytilgan barcha bashoratlarning puch ekanligini isbotlamoqchi bo’ladi. Layni tog’ oralig’idagi chorraha yo’lda qaroqchilar o’ldirib ketganligini aytib, erini shubhalarga bormaslikka va tinchlantirishga urinadi. Bu voqealarni eshitgan Edipning ko’ngliga tahlikali shubhalar o’rnashib kuchaya boradi. Keyingi so’roq va tekshirishlar natijasida Layning belgi alomatlari aniqlanadi. Edip shu tariqa goh shubhalar iskanjasida yonib, goh falokatning bartaraf bo’lishiga umid bag’ishlaydi. Shu payt Korinfdan bir odam kelib Polibning vafot etganini uning o’rniga xalq podshoh qilib Edipni saylaganini aytadi. Bu habar unga tasalli beradi. Karomatlarning yolg’onligiga endi hech qanday shubha qolmaydi. Ammo shunga qaramay karomatda zikr qilingan ikkinchi jinoyatning ijro etilishi, ya’ni beva qolgan onasi Meronaga uylanib qo’yish xavfi hamon Edipni qo’rqitar edi. Elchi shu mudhish shubhalarni Edipning dilidan chiqarib tashlash maqsadida o’zi bilgan ba’zi bir voqealarni aytib beradi: Edip haqiqatda Polib va Meronaning bolasi emas, elchining o’zi bundan bir necha yil muqaddam Kiferon tog’i etaklarida mol boqib yurganida podshoh Layning bitta cho’ponidan tovoniga nishtar urilgan bolani olib, o’z podshohi Polibga eltib bergan ekan. Edip o’sha bolaning o’zginasidir. Iokastaga hamma narsa ayon bo’ladi, indamasdan saroy ichiga kirib ketadi. Edipni esa endi yangi muaamo qiynaydi: axir u kimning bolasi? Shu payt Lay o’ldirilgan paytda qochib qolgan qulni olib keladilar. Bu odam bir paytlar endigina tug’ilgan Edipni Korinf podshohi odamiga topshirgan cho’pon bo’lib chiqadi. Endi na Edipning o’zida, na odamlarda hech bir shubha qolmaydi: Edip Layning o’g’li, o’z otasining qotili, onasining eri! Naqadar dahshat, naqadar dahshat! Хor Edipning g’am-g’ussalarga to’lib toshgan shum taqdiri, odam bolasining nochorligi va inson baxtining bepandligi haqida g’amgin-g’amgin qo’shiq aytadi. Хuddi shu payt ichkaridan xizmatkor chiqib, yana bir musibat yuz berganini aytadi. Iokasta yotog’iga kirib, bu og’ir-hasratlar alamiga chidolmay o’zini osganligini xabar qiladi. Ko’rguliklardan aqlu-hushini yo’qotayozgan Edip, butun gunohlarning shohidi bo’lgan o’sha xonaga yuguradi va jon holatda Iokasta ko’ylagidagi to’g’nog’ichni yulib olib, ikkala ko’zini sitib tashlaydi. U ortiq quyosh yog’dusini, bolalarini, aziz yurtini o’zining tubanlashganini ko’rishni istamas edi. Edip yana xaloyiq qarshisida paydo bo’ladi. Uning yuzida, so’qir ko’zlarida laxta-laxta qon qotib qolgan. Baxtiqora dili shikastaning so’nggi daqiqalari qizlari bilan vidolashuvi–tragediya san’ati yaratgan eng dahshatli fojialardan biridir. Edip afsonasining keyingi voqealari “Edip Kolonda” tragediyasida tasvirlanadi. Yuqoridagi voqealarning guvohi bo’lgan Fiva xalqi la’natining shaharda turishidan xavfsirab, uning badarg’a qilinishini talab etadi. Edipning har ikkala o’g’li Eteokl, Polinik ham bu talabni ma’qullab otasini mamlakatdan quvadilar. Edipning katta qizi Antigona butun hayotini otasiga bag’ishlab, o’z ixtiyori bilan, u ham uzoq mashaqqatli safarga otlanadi. Ular necha zamonlar boshpana topolmay yer yuzini kezadilar. Nihoyat Afina yaqinidagi Kolon degan joyda muruvvat ma’budalari Evmenidalar sharafiga o’stirilgan bog’u-bo’stonga yetib keladilar. Kolon aholisi Edip tufayli xalq boshiga og’ir musibatlar tushishi mumkin deb, uning bu yerdan chiqib ketishini talab qiladilar. Bechoralarning ohu-zoriga ko’ngli yumshagan Kolon xalqi podshoh Тezey kelgunicha sabr qilishga rozi bo’ladilar. Хuddi shu paytda bu yerga Edipning kichik qizi Ismena ham keladi. Otasi quvg’in qilingandan so’ng Fiva shahrida yuz bergan voqealarni birma-bir otasiga aytib beradi. Ota taxtini talashib ikki aka-uka ancha vaqtgacha kelisha olmaydilar. Nihoyat Eteokl g’olib kelib Polinikni yurtidan haydab yuboradi. Polinik Fivaga qarshi qo’shin to’playotganligini aytadi. Edip bolalarining xudbinligini, u yurtidan haydalgan kun Edipga zarracha ham rahm qilmaganlarini o’ylab ularni la’natlaydi. Ma’budlarning amriga ko’ra tez orada Afina bilan Fiva o’rtasida urush boshlanishi kerak edi. Edipning jasadi qayerga ko’milsa o’sha yurt lashkarlari g’olib chiqishi karomat qilingan edi. Eteokl Kreontni otasining oldiga jo’natadi, uni olib kelishni buyuradi. Kreontning so’zlarini eshitgan Edip Fivaga borishdan qat’iy bosh tortadi. Kreont Edipni va uning qizlarini zo’rlik bilan olib ketmoqchi bo’lib turganida podsho Тezey kelib qoladi va ularni o’z panohiga oladi. Kreont noiloj orqaga qaytib ketadi. Oradan ko’p o’tmay katta o’g’il Polinik ham bu yerga keladi, otasiga Fiva shahriga qo’shin tortib borayotganini, u bilan birga borishini o’tinib so’raydi, lekin Edip o’g’lining ayyorliklarini oshkora aytib uni quvib soladi. Axir, ota boshiga shuncha musibatlar solgan, begona yurtlarda och-nahor kezdirgan, faqatgina shuhrat va mansab qidirib shu qabih maqsad yo’lida bir-birining qonini to’kishdan, yurtning kulini ko’kka sovurishdan, fuqaroni qon qaqshatishdan toymagan beandisha, behayo, xudbin bolalarga otaning qanday rahmi kelsin. Edip ma’budlarga iltijo qilib, ikkala o’g’lini yakkama-yakka jangda halok qilishlarini so’raydi. Polinik ko’zdan g’oyib bo’lar-bo’lmas charaqlab turgan osmonda birdan bulut va chaqmoq paydo bo’ladi, bu esa Edipning paymonasi to’lganligidan dalolat beradi. Edip qizlari bilan vidolashib, Тezeyga minnatdorchilik bildirib, Afina shahri va Тezeyning madadkori bo’lishini aytib ko’zdan g’oyib bo’ladi. Lay xonadonida ro’y bergan fojialarning xotima qismi “Antigona” tragediyasida tasvir etiladi. Тragediyaning mazmuni quyidagicha: Eteokl bilan Polinik yakama-yakka jangda halok bo’lganidan so’ng hokimiyat Kreont qo’liga o’tadi. Yangi podshoh vatan mudofasi yo’lida qurbon bo’lgan Eteoklni katta tantana va izzat-ikrom bilan ko’madi. Lekin u Polinikning jasadini ko’mishni qat’ian man etadi. Kimda-kim bu farmonni buzsa, qattiq jazoga tortilishini aytadi. Lekin shunga qaramay Antigona bir kechasi akasining jasadini dafn qilayotganida shoh odamlari ko’rib qolib bu haqda shohga xabar beradilar. Dafn rasm-rusmlarini ado etgan Antigona, endi hech ikkilanmay o’limga tik boradi. Kreontning o’g’li Gemon otasiga qanchalik yalinib-yolvormasin baribir Antigonani o’limga mahkum etadi. Uni tiriklayin yer ostidagi maqbaraga qamab o’ldirishni buyuradi. Bundan ogoh bo’lgan ma’budlar Piriseyni Kreontning oldiga yuboradi. Pirisey agar Antigona o’lsa, uni og’ir musibat kutib turganini aytadi. Shoh bu xabarni eshitishi bilan maqbaraga yuguradi, afsuski bu vaqtda Antigona o’z kiyimlaridan arqon yasab o’zini osib o’ldiradi. Mahbubasining jasadini quchoqlab yig’layotgan Gemon otasini ko’rishi bilan alami toshib o’zini-o’zi o’ldiradi, bu falokatdan xabar topgan Gemonning onasi Evridika ham eriga lan’at o’qib o’zini o’ldiradi. Тragediya Kreontning befoyda pushaymonlari va xorning “Ma’budlar yomonlarni bejazo qoldirmaydi” degan hikmatli so’zlari bilan tugaydi. Sofoklning bu asarlaridan tashqari bizga qadar yana to’rtta tragediyasi yetib kelgan. Shundan uchtasi: “Ayaks”, “Elektra”, “Filaktey” Тorya afsonalari mavzuida va bittasi “Тraxinali ayollar” Gerakl haqidagi rivoyatlar asosida yozilgandir. Antik dunyoda o’tgan dramaturglardan birontasining asari jahon adabiyotida “Edip shoh” tragediyasichalik chuqur iz qoldirmagan. Sofoklning bu asari XVIII asrning oxiri XIX asr boshlarida Yevropa adabiyotida “Тaqdir tragediyasi” deb atalmish maxsus adabiy oqimning tug’ilishiga sabab bo’ladi.
EVRIPID
Qadimgi Yunon tragediyasining uchinchi vakili hisoblangan Evripid, rivoyatlarda aytilishicha eramizdan avvalgi 480 yilda xuddi Yunonlar Eron ustidan g’alaba qozongan kuni Afina yaqinidagi Salamin orolida, o’rtahol oilada dunyoga kelgan, yaxshigina bilim olgan. Shu davrning atoqli faylasuflari Sokrat, Anaksagor, Arxelay, safistlardan Protagor hamda Evripidning eng yaqin do’stlari bo’lgan. Yunon tarixining keyingi asrlari ellinizm davrida Evripid o’z xalqining eng sevimli tragik shoiriga aylanadi. Hatto Esxil, Sofokl ham uning dovrug’i soyasida qolib ketadilar. Bu ahvol shoirning adabiy merosi taqdiriga ham kuchli ta’sir ko’rsatib 92 ta asaridan bizga qadar 17 ta tragediya hamda bitta satir dramasining to’la holda yetib kelishini ta’minlaydi. Bular tubandagilar: “Alkestida”, “Medeya”, “Geraklidlar”, “Ippolit”, “Gekuba”, “Gerakl”, “Iltijogo’ylar”, “Тroyalik ayollar”, “Elektra”, “Ion”, “Ifigeniya Тavridada”, “Yelena”, “Andromaxa”, “Finikiyalik qizlar”, “Orest”, “Vakx qizlar”, “Ifigeniya Avlidada va Kiklop” nomli bitta satir dramasi. Bu asarlarning hammasi yunon taomiliga ko’ra, Esxil hamda Sofoklning tragediyalari singari mifologik afsonalar mavzuida yozilgandir. Evripidning yunon tragediyanavisligiga kiritgan yangiliklarini to’laroq aks ettirgan asari “Medeya” tragediyasidir. Asarning voqeasini Evripid “Argonavtlar” afsonasidan olgan. (Bu afsona haqida 1957 yilda O’zbek Davlat Badiiy adabiyoti nashriyoti bosib chiqargan “Ellada qahramonlari” kitobidan to’la ma’lumot olish mumkin.) Rivoyatlarda aytilishicha bir qancha yunon pahlavonlari oltin qo’chqor juni–yapog’ini olib kelish uchun “Argo” degan kemaga tushib uzoq Koloxida eliga jo’naydilar. Og’ir mashaqqatlar va son-sanoqsiz xavf-xatarlardan keyin ular nihot manzilga yetib keladilar. Bu yerda podshoh Etning qizi quyosh ma’budi Geliosning nabirasi sehrgar Medeya Argonavtlar sardori Yazonni sevib qoladi. “Medeya”– xo’rlangan muhabbat va rashk tragediyasidir. Shoir bu ehtiroslarning butun kuch va haroratini Medeyaning dardu-alamlarida, nafrat va g’azablarida ko’rsatgan. Medeya avvalo–ona uning yuragida farzand mehri beto’xtov javlon urib turadi. Shuning uchun bu xotin o’z bolalarining joniga qasd qilib, xanjar ko’targanida onalik tuyg’ulari bilan qasos ehtiroslari o’rtasida nihoyatda kuchli kurash boshlanadi: Kerakmas qo’y dilim! Bunday qilmagin! Bolalarga omon ber, o’ldirma achin! Ulardan ayrilib hijronda butkul Uzoqdan bo’lsa ham sevmaklik shirish... Shu so’zlar og’zidan chiqar-chiqmas, Medeyaning qalbidagi qasos alami yana xurujga kelib, onaning ich-tashini yondirib borayotgan mehr haroratini bosib ketadi: Yo’q, aslo yo’q! Oxirat kuchlarin o’rtaga qo’yib, Jahannam nomidan ont ichamanki, Bolalarim tushmas dushman qo’liga Modomiki o’lim ekan muqarrar
O’zim tug’dim, o’zim etaman qatl. Bechora ona oxirgi damlarda bolalarini bag’riga bosib erkalaydi, yuzlaridan o’padi. Ularni o’ldirishga qat’iy qaror qilgan-u, ammo qo’l ko’tarishga aslo majoli yo’q:
Evoh, og’ushingiz naqadar shirish Munchalar momiqsiz jon bolalarim Jonim orom olar nafasingizdan, Qoching tezroq hech to’xtamasdan,. Hayhot yuragimda qolmadi kuchim.
Bir-biriga zid sevgi va tuyg’ularning bu tariqa keskin kurashlarini tasvirlab, odam bolasining chinakam ruhiy dunyosini ochish – Evripid tomonidan tragediya san’atiga kiritilgan eng birinchi yangilik va ulug’ kashfiyotdir. KOMEDIYa–turli-tuman qiziqchiliklar bilan tomoshabinni kuldirish yoki hayotda uchraydigan ba’zi bir manfiy hodisalarni masxaralash–komediyaning asosiy maqsadidir. Dastlabki komediyanavis shoirlar o’zlarining asarlarida ana shu nuqsonlarni fosh etishga, kulgi va satira yordami bilan ularni bartaraf etishga intilganlar. Shu sababli «Qadimgi Attika komediyasi» deb atalmish maxsus adabiy oqim maydonga keladi. O’tkir siyosiy jo’shqinlik, demokratiya dushmanlariga qarshi murosasizlik - qadimgi attikka komediyasining asosiy xususiyatidir. Mazkur janrda ijod qilgan ko’pdan-ko’p shoirlar orasida faqat uch kishining nomi bizga ma’lum. Bular–Kratin, Evpolid hamda Aristofondir. Bulardan faqatgina Aristofanning asarlari saqlanib qolgan. Aristofanning shaxsiy hayoti haqida biz deyarli hech narsa bilmaymiz. Ba’zi bir manbalarga qaraganda shoir taxminan eramizdan avvalgi 445 yilda Attika viloyati yaqinidagi Egina orolida tug’ilgan va Afina davlatining fuqarosi bo’lgan. U 20 yoshidayoq komediyanavislar orasidagi musobaqalarda ikki marta birinchi o’rinni egallaydi. Qirq yilcha davom etgan adabiy faoliyatida 40 tacha asar yaratgan. Shulardan bizgacha to’la holda o’n bittasi yetib kelgan. Olimlarning taxminiga ko’ra, shoir 385 yilda dunyodan o’tadi. Shoirning dastlabki asarlaridan biri «Axarnliklar» komediyasidir. Bu asarda shoir urush tarafdorlari bo’lgan radikal demokratlarga va ularning boshlig’i, zamonasining qudratli hukmroni Kleonga zahrini sochadi va urush ofatlari faqatgina o’zining manfaatlarini o’ylagan shuhratparast, nobop rahbarlarning kasofati orqasida ro’y beradigan bir musibat ekanligini aytib, Afinaliklarni tez orada ichki qirg’inlarni to’xtatishga, Sparta bilan sulh tuzishga da’vat qiladi. Yozuvchi o’zining butun tinchliksevar g’oyalarini asarning bosh qahramoni, oddiy dehqon DIKEOPOL (adolatparvar fuqaro) obrazi orqali ko’rsatgan. Aristofanning bizga qadar yetib kelgan asarlari orasida, urushning kasofati, osoyishta hayotning go’zalligi haqida hikoya qiluvchi yana ikki komediya bor. Bulardan biri: Тinchlik, Ikkinchisi: Lisistrata. Тinchlik komediyasi Peleponnes urushining o’ninchi yilida (421)yozilgandir. Bu asarning mazmuni quyidagicha: Тrigey degan Attikalik oddiy bir dehqon, urushni bartaraf qilish maqsadida bir go’ngqo’ng’izni boqadi-da, katta bo’lgach uni minib, Olimp tog’iga ma’budlar huzuriga arzga jo’naydi. Biroq bu yerda Germesdan bo’lak birontayam ma’bud yoki ma’budani topa olmaydi. Germesning aytishiga qaraganda hamma ma’budlar odamlarning uzluksiz urushlaridan achchiqlanib, osmonga uchib ketishgan emish, Olimp tog’ida esa yakka-yolg’iz hukmron bo’lib, faqatgina muhoraba ma’budi Polemos qolibdi, u tinchlik ma’budasi Irinani g’orga qamab, g’or og’zini katta xarsangtosh bilan berkitib tashlabdi. Тrigey vaqtni o’tkazmasdan butun yunon elidan mehnat ahlini yordamga chaqirib ularning ko’magida tinchlik ma’budasini tutqunlikdan qutqarishga muyassar bo’ladi, yer yuzida baxtiyor va shodiyona hayot o’rnatiladi. LISISТRAТA–komediyasini Aristofan Peleponnes urushining yigirmanchi yilida (411), butun yunon elini halokat yoqasiga kelib qolgan bir paytda yozadi. Asarning bosh qahramoni Lisistrata (urushni to’xtatuvchi)degan sohibtadbir, serfarosat bu ayol, yunon tuprog’idagi barcha xotin-qizlarni to’plab ularni o’z erlari hamda jazmanlari bilan yaqinlik qilmaslikka va shu yo’sin barcha erkaklarni behuda qon to’kishni to’xtatib, bir-birlari bilan sulh tuzishga majbur etishga da’vat etadi. Ayollar o’z oldilariga qo’ygan maqsadlariga, ya’ni urushni to’xtatib tinch hayot kechirishga erishadilar. Aristofan ijodining dastlabki davrlarida yozilib, bevosita Afina demokratik idora usulini tasvirlashga bag’ishlangan eng o’tkir siyosiy asar «SUVORIYLAR»(424) komediyasidir. Dramaturg bu asarni ham Kleonga qarshi yozadi, biroq «Axarnliklar» komediyasida Afina hukmroniga sal-pal tegib o’tgan bo’lsa «Suvoriylar» da bu zotni asarning bosh qahramoni qilib oladi va uning kirdikorlarini shafqatsiz fosh etadi. Bu asarlaridan tashqari «Arilar», «Qurbaqalar», «Davlat» deb nomlanadigan komediya asarlarini ham yaratganligi uning bu janr ustasi va boshlovchisi ekanidan dalolat beradi. Jahon Тinchlik Kengashining tashabbusi bilan 1954 yilda Aristofanning 2400 yillik yubileyini o’tkazadi. Bu tantana yunon komediyanavisining jahon madaniyatiga qo’shgan hissalarini taqdirlash va tinchlik kuychisi sifatida qilgan xizmatlarini ulug’lash alomati edi.
V-IV asrlarda proza adabiyoti.
V asrning ikkinchi yarimlarida she’riy adabiyotning doirasi borgan sari torayib, prozada yozilgan asarlar soni beto’xtov orta boradi va keyinchalik attika davrining oxirlariga qadar nasriy shakl yunon adabiyotining yetakchi turi bo’lib qoladi. Тarixiy proza–asari bizga qadar to’la holda yetib kelgan tarixiy prozaning eng birinchi nomoyondasi Gerodotdir. Gerodot yoshlik paytlaridan o’z vatanining siyosiy faoliyatida faol qatnashadi, keyinchalik ma’lum sabablarga ko’ra ona yurtini butunlay tark etib, sayohatlarda yuradi. Misr, Eron, Bobil, Finikiyani, Qora dengizning shimoliy qirg’og’idagi Yunon mustamlakasi Skifiyani, Yunoniston tuprog’idagi qancha-qancha shaharlarni kezadi, ammo uning eng sevimli oshiyoni va ma’naviy vatani Afina shahri bo’lgan. Yozuvchi bu yerda ko’pdan-ko’p do’stlar orttiradi, Perikl hamda Sofokl bilan yaqin munosabatda bo’ladi. 444 yili Italiyaning janubidagi Yunon mustamlakasi Furiyaga ko’chib ketadi va 425 yilda shu yerda vafot etadi. Gerodotdan qolgan asarlar ichida eng muhimi va qimmatli ma’lumotlar bilan jahon tarixini boyitib kelayotgan asarining nomini «Òarix» ya’ni «Òadqiqot» deb atagan. Aleksandriya olimlari bu asarni to’qqiz bobga bo’lib, har birini yunon mifologiyasidagi to’qqizta muza nomi bilan ataganlar. Asar yaqindagina bo’lib o’tgan Eron-Yunon urushiga bag’ishlangandir. Biroq yozuvchi eroniylar bilan yunonlar o’rtasidagi urush tarixini boshlashdan oldin, ana shu xalqlarning uzoq o’tmishlari, ularning qaysi xalqlar bilan munosabatda bo’lganliklari va kimlar bilan urushganliklari haqida to’la ma’lumot berib o’tadi. Binobarin o’sha zamonlarda yunonlarga tanish bo’lgan xalqlarning tarixlari ham ma’lum darajada aks ettirilgan bo’lib, bu holat Gerodot asarini jahon tarixi darajasiga ko’taradi. Yozuvchi eroniylar bilan yunonlarning dastlabki to’qnashuvlarini ko’rsatish maqsadida birinchi kitobni Kichik Osiyodagi Lidiya davlatining Eron podshohi Kir (Kayxisrav) tomonidan bosib olinish voqealaridan boshlaydi. Yozuvchi Kayxisravning urushlari haqidagi bayonotini davom ettirib, Bobilning zabt etilishi va nihoyat Kaspiy dengizining sharqiy tomonida Sir va Amu daryolari o’rtasidagi bepoyon sahroda yashovchi ko’chmanchi massagetlar bilan bo’lgan urushda Kayxisravning vafotidan so’ng Eron taxtiga o’tirgan shahzoda Kambiz otasining bosqinchilik siyosatini davom ettirib Misr ustiga yurish boshlaydi. Gerodot bu mamlakat tarixiga ham mufassal to’xtalib, yana Eron tarixiga qaytadi. Doroning podshoh bo’lib ko’tarilishi va Skiflar mamlakatiga lashkar tortib borishi haqida gapiradi va bu yurtning ham to’liq tarixini yoritib beradi. Gerodotning Skiflar haqidagi ma’lumotlari biz uchun nihoyatda qimmatlidir, mamlakatimizning g’arbiy-janubida Dnepr hamda Don daryolari sohillarida Qora dengiz qirg’oqlarida yashagan eng qadimgi xalqlar to’g’risida gapirganimizda avvalo ulug’ yunon muarrixining shahodatlariga murojaat qilamiz. Doroning skiflarga qarshi boshlagan urushi munosabati bilan Kichik Osiyo xalqlari, ayniqsa yunon qabilalari o’rtasida Eron hukmronligiga qarshi kuchli g’alayonlar boshlanadi. Yozuvchi voqealarni shu tariqa tasvirlab kitobxonni asta-sekin o’z asarining asosiy mavzusi Eron-Yunon urushiga olib keladi. Asarini 478 yil voqealari bilan bayonotni to’xtatadi. Bevaqt o’lim asarni oxiriga yetkazishga imkon bermagan bo’lsa kerak. O’rta Osiyo tarixini o’rganish borasida Gerodotning asari ayniqsa juda muhim o’rin tutadi. Muarrix bu tomonlarga qadam bosmagan bo’lsada, yurtimizning uzoq o’tmishi haqida yaxshigina ma’lumotlar beradi. Uning aytishicha Kaspiy dengizi sohillaridan boshlab Sirdaryoning o’rtalariga qadar cho’zilib boradigan keng sahroda massaget deb atalgan ko’chmanchi qabilalar yashagan, ular hech qanday ekin ekmasdan, faqat chorvachilik bilan kun kechirganlar, ovqatlari mol go’shti va baliq bo’lgan, ular temirni bilmagan, hamma asboblari misdan yasalgan, ayollari erkaklar bilan birga janglarda qatnashgan, hatto qabila boshlig’i ham etib saylanar ekan. Gerodotdan minnatdor bo’lishimizning yana bir sababi: adabiyotimizning eng qadimgi yodgorliklaridan biri bo’lgan «Òo’maris» qissasi faqat shu odam tufayli bizning zamonga qadar yetib kelgan. Òarixiy prozaning ikkinchi vakili Fukididdir. Bu adib haqida ham yetarli ma’lumot yo’q. Olimlar uni 470-460 yillar orasida tug’ilgan bo’lsa kerak deb taxmin qiladilar. 424 yili Peleponnes urushida qatnashib, Frakiya qirg’oqlaridagi Afina flotiga qo’mondonlik qiladi va yirik bir harbiy xatosi uchun davlat jinoyatchisi hisoblanib, Afinadan haydaladi. Òaxminan 400 yillarda vafot etadi. U o’z asarini Peleponnes urushi voqealariga bag’ishlaydi. Notiqlik san’ati-jamoat oldida so’zga chiqib, unga biron narsani tushuntirish yoki isbotlab berish zarurati qadim-qadim zamonlardan beri odamlarni dilkashlikka, so’zamollikka rag’batlantirib kelgan. Hatto Gomer ham o’z poemalarida Nestor, Menelay va Odisseyning gapga nihoyatda chechan bo’lganliklarini qayd etib o’tadi. Biroq notiqlikning qadimgi namunalari yozma shaklda bizgacha yetib kelmagan. Asta-sekin bu san’at rivojlanib asosan ikki turga ajralib boradi: Siyosiy notiqlik Sud notiqligi keyinchalik uning uchinchi turi yuzaga keladi Epidektik – ya’ni tantanali nutq notiqlari paydo bo’ladi. Epidektik notiqlar ulug’ zotlarni va mashhur voqealarni madh etib tantanali yig’inlarda nutq so’zlaganlar. Notiqlik san’atini birinchi marta adabiy janr darajasiga ko’targan va unga ilmiy tus bergan kishilar Sofistlar bo’lganlar. Ular o’zlaridan oldin o’tgan va o’sha kezlarda ijod qilayotgan so’z ustalarining faoliyatlari namunasida notiqlik san’atining nazariy asoslarini ya’ni «Ritorika» ilmini yaratadilar. Ritorika (orator, notiq)ning asl vatani Sitsiliya bo’lgan. Qadimgi ritorikaning asoschilari deb Sitsiliyalik Korak hamda Òisey degan notiqlarni ko’rsatadilar. Biroq ular haqida bizgacha hech narsa yetib kelmagan. Bu notiqlarning vatandoshi bo’lgan 483-376 yillarda yashagan Gorgiy haqida qisman bo’lsada ma’lumotlar bor. 427 yilda o’z shahri Leontina uchun harbiy yordam so’rab, maxsus elchi sifatida Afinaga keladi. Õalq majlisida so’zlagan nutqi bilan Afina yoshlari orasida kuchli taassurot qoldiradi. Shundan so’ng ko’p o’tmay Gorgiy Afinaga ko’chib kelib shu yerda ritorik maktab ochib o’z shogirdlariga so’z san’atini o’rgatish va notiqlik san’ati bilan shug’ullanadi. Gorgiy asosan mifologik mavzularda tantanali nutqlar so’zlagan, uning nomi ostida bizga qadar «Yelena» va «Polimed» sarlavhali ikkita yozma nutq yetib kelgan. Gorgiyning aytishicha notiqning eng muhim vazifasi tinglovchini ishontirish, uni maftun etish, rom qilishdir. Ellinizm davrining olimlari Afinada yashab, shu yerda ijod qilgan bir talay mashhur so’z san’atkorlarining orasidan 10 tasini eng ulug’lari deb biladilar. Ular quyidagilar: Antifont, Andokid, Lisiy, Isokrat, Isey, Likurg, Demosfen, Esxil, Giperid va Dinarx. Bizgacha mana shu so’z san’ati ustalarining asarlari yetib kelgan xolos. Yuqorida nomlari zikr qilinganlar orasida eng mu’tabarlaridan biri Lisiy bo’lgan. U 459-380 yillarda yashagan. Vatani Sitsiliyadir. Notiqning otasi Perikl taklifi bilan Afinaga kelgan va o’rnashib qolgan. Lisiy hammasi bo’lib 300 ga yaqin nutq yozgan. Shulardan 34 tasi bizgacha yetib kelgan. Ularning barchasi asosan sud nutqlaridan iboratdir. Lisiyning ulug’ligi va san’atkorligining asosiy siri shundaki, u har qachon qo’liga qalam olib so’z yozishga kirishar ekan, o’z oldiga faqat bir maqsadni qo’yadi, u ham bo’lsa so’zlayotgan kishi haqida sud hay’ati dilida eng yaxshi taassurotlar qoldirish, uning har bir gapi yurakdan chiqayotgan chinakam, samimiy gaplar ekaniga ishontirishdir. Lisiyga buyurtma bergan odam kam bo’lishidan qat’iy nazar notiq har qaysisining tabiatiga, bilimiga, jamiyatdagi o’rniga mos keladigan, o’zining monandligi bilan tinglovchilarni maftun etadigan uslubni topadi va shu yo’sinda so’zlovchining va uning nutqida nomlari zikr qilingan shaxslarning yorqin portretini chizishga muyassar bo’ladi. Notiqlik san’atini yanada yuksak bosqichlarga ko’targan ikkinchi buyuk zot Demosfendir. U 384 yilda Afina shahrida anchagina badavlat oilada tug’iladi, Biroq yetti-sakkiz yoshlarida otasi o’lib, vorislari otasining mulkini talon-taroj qilib yuboradi. Voyaga yetgach merosni qaytarib olish maqsadida notiqlik san’atini o’rganadi. Demosfen bir qancha vaqt Makedoniya istilosiga qarshi yunon xalqini o’z notiqligi bilan birlashtirib ularning ruhini ko’tarib, qo’zg’olonga chorlaydi. Necha bor urinmasin taqdir uni o’z qahriga tortaveradi. Aleksandr o’lganidan keyin yunonlar yana tutqunlikdan qutulish maqsadida urushga tayyorlana boshlaydilar. Bunda Demosfen ayniqsa juda katta tashabbus ko’rsatadi. Biroq birlashgan yunonlar bu safar ham yengiladilar. Dushman qo’zg’olon rahbarlarining orqasidan quvib borib, ularni qurshab oladi. Òiriklayin dushmanga taslim bo’lishni istamagan Demosfen zahar ichib o’ladi. Shunday qilib ulug’ vatanparvarning hayoti o’z xalqining milliy ozodligi yo’lida qurbon bo’ladi. Demosfendan bizga qadar 61 ta nutq va 6 ta maktub yetib kelgan. Falsafiy proza–eramizdan oldingi V-IV asrlarda ilmu-fan taraqqiyoti, san’at, adabiyot, tarix va notiqlik sohalaridagi yutuqlar bilan bir qatorda yunon falsafasi benihoya keng rivoj topdi. Falsafiy tafakkurning asosiy oqimlari bo’lgan materializm hamda idealizm ta’limotlari shu davrda takomillashadi. Demokritning hamma asarlari nihoyatda yuksak badiiy mahorat va nozik uslub bilan yozilganligini qadimgi dunyoning qalam ahllari bir og’izdan tasdiqlaydilar. Demokrit iboralarining ravshanligini, nafisligini Sitseron alohida qayd etib uni Platon bilan bir qatorga qo’yadi. Qadimgi yunon falsafasining idealizm oqimiga asos solgan va o’zining ijtimoiy va siyosiy dunyoqarashlari bilan Afinaning tagli-taxtli zodagonlari tabaqasiga mansub bo’lgan kishi Platondir. 427-347 yillarda yashagan. Platon yoshlik chog’larida Sokratning sevimli shogirdlaridan biri bo’ladi, ustozi qatl qilingach Platon Afinani tashlab ketib bir necha yillar sayohatda yuradi. Yunonistonning turli shaharlarida hatto uzoq Misrda, Sitsiliyadagi orollarda, Sirakuz shahrida bo’ladi. Nihoyat Afinaga qaytib Akadem degan qahramonning ibotatxonasi bog’ida, o’zining shu qahramonning nomi bilan atalamish mashhur maktabi Akademiyani ochadi. Platon yaratgan mukammal idealistik falsafiy ta’limot to shu kunga qadar mazkur oqimning hamma reaksion tarmoqlari uchun asosiy zamin va namunali manba bo’lib kelmoqda. «Ideya» so’zining o’zi ham birinchi marta falsafiy iste’molga Platon tomonidan kiritilgan. Platonning qarashicha birdan-bir tuzum deb tushunilgan bu davlatda jamiyat a’zolari 3 toifaga bo’linadi: Faylasuflar–mamlakatni idora qilishlari kerak Soqchilar–mamlakatni qo’riqlashlari kerak Mehnatkashlar– (dehqon va kosiblar) hamma fuqaroni boqishlari, kiyintirishlari lozim. Platon ideal davlatida butun e’tiborni faylasuflarga qaratadi. Platonning bizga qadar 41 ta asari yetib kelgan. O’zining asarlari bilan Yunon ilmu-fanini, falsafiy bilimlarini barkamol etgan ulug’ olim va donishmand mutafakkir Aristoteldir. 384-322 yillar yashagan. Aristotel Makedoniyaning Stagiriya shahrida tug’iladi. Uning otasi Makedoniya podshohining tabibi bo’lgan. Aristotel ham yoshligidan otasining kasbini davom ettirib, boshqa sohalar bilan ham shug’ullanadi. Afinaga kelib taxminan 20 yil davomida Platonga shogird bo’ladi. 342 yili podshoh Filippning taklifi bilan Makedoniyaga qaytib uch yilgacha Aleksandrning tarbiyachisi bo’lib xizmat qiladi. Aleksandr taxtga chiqqach, yana Afinaga qaytib bu yerda «Litsey» nomi bilan shuhrat qozongan o’zining xususiy maktabini ochadi. 323 yilda Aleksandr o’lgach, Afinani tashlab Evbey orolidagi Õalkida shahrida 322 yilda vafot etadi. Qadimgilarning aytishicha, Aristotel mingga yaqin asar yozgan. Ana shu buyuk merosdan bizga qadar 47 tasigina yetib kelgan. Bular orasida «Metafizika», «Politika», «Etika», «Ritorika», «Fizika», «Poetika», «Jon haqida», «Hayvonlar haqida» degan yirik-yirik asarlari bor. Ammo ulug’ dahoning asrlar to’fonidan omon qolib bizga qadar yetib kelgan asarlari ozginagina namunasi ham shu qadar chuqur, shu qadar murakkabki, olimlarning idroki to shu kunga qadar ularning tagiga yetib ulgurgan emas, desak yolg’on bo’lmaydi. Aristotel o’zining san’at va adabiyot haqidagi fikrlarini «Poetika» asarida bayon qiladi. Adabiyotning turli masalalari yuzasidan aytgan yozuvchining fikrlari afsuski, bu kitobda nihoyatda qisqa, ba’zi o’rinlarda hatto birmuncha noaniq ifoda etilgan. «Poetika» asari antik dunyo adabiyotining qimmatbaho meroslaridan biri hisoblanadi. Chunki bu asar badiiy so’z san’ati va uning qonunlari haqida sistemali suratda hikoya qiladigan va shu sohaning noyob namunasi sifatida bizga qadar yetib kelgan yakkayu-yagona yodgorlikdir. Aristotelning tushunchasicha san’at avvalo insonning faoliyati natijasida tug’iladigan va o’zining maxsus qonun-qoidalari asosida ish ko’radigan alohida «ijodiyot» sohasidir. Kitob davomida Aristotel o’zining san’at haqidagi fikrlarini, garchi nomini aytmasa ham, asosan Platon nazariyalariga qarama-qarshi qo’yadi, ustozining poeziyaga qarshi aytgan gaplariga e’tiroz bildiradi. Aristotel ham Platon singari poeziyaning asosiy vazifasi «Òaqlidchilik» dan ya’ni hayotni aks ettirishdan iborat ekanligini tasdiqlaydi, ammo bu masalada ustozidan ancha ilgarilab ketadi. Platon mavjud borliqni ideallar olamining xira sharpasi tarzida tushunib, taqlidchilikning imkoniyatlariga unchalik qiymat bermagan bo’lsa, Aristotel asosiy ahamiyatni, aksincha badiiy taqlid bilan bog’lab, faqat shu yo’l bilan hayotni anglash mumkinligini aytadi. Bas shunday ekan san’at ham inson faoliyatining ijodiy tarmoqlaridan biri bo’lib, u ham o’zining qonun va qoidalari vositasi bilan boshqa ilmlar singari yagona bir maqsadga, ya’ni borliqni o’rganish va anglash talablariga xizmat qiladi. Biroq san’atning voqelikka bo’lgan munosabati faqatgina yuzaki taqlidchilik, hayotiy voqealar ko’zga qanday tashlansa, shunday aks ettirish bilan emas, balki badiiy asarning ichki mazmuni, voqealarni aktiv suratda mushohada qilish bilan belgilanadi. «Shoirning vazifasi, - deb yozadi Aristotel haqiqatni bo’lib o’tgan narsalar haqida emas, balki chindan ham yoki zarurat yuzasidan ro’y berishi lozim bo’lgan narsalar to’g’risida gapirishdir». Yozuvchi poeziya bilan tarixni taqqoslab fikrini isbotlashga harakat qiladi. «Òarixchi bilan shoirning farqi, ularning biri she’rda, biri prozada gapirganida emas: Gerodotning asarini ham she’rga ko’chirish mumkin baribir shunda ham asar tarixligicha qoladi. Shoir bilan tarixchining farqi shundaki, ulardan biri haqiqatdan bo’lib o’tgan voqealar, narsalar haqida, ikkinchisi yuz berishi mumkin bo’lgan narsalar haqida gapiradi». Shu sababli tarixga qaraganda poeziyaning ko’proq falsafiy va jiddiy ma’nosi bor, chunki poeziya umumiy narsalar haqida, tarix esa xususiy narsalar to’g’risida gapiradi. Aristotelning adabiy ijodga bergan bu ta’rifida shu qadar chuqur ma’no borki, u to shu kunga qadar o’z qimmat va mohiyatini yo’qotmay keladi. «Poetika» asarida Aristotelning diqqatini ko’proq jalb etgan narsa–tragediya masalasidir. Òragediyaning eng muhim xususiyati deb uning maqsadini tushunadi. Yozuvchining aytishicha, chinakam tragediya asari tomoshabinning dilida qo’rquv va achinish hislarini qo’zg’atib, shu yo’sin inson ruhining «musaffolashishiga» ta’sir etishi lozim. Bu xususiyatni Aristotel «katarsis» deb ataydi. Darvoqe, tomoshabin begunoh odamning boshiga tushgan og’ir kulfatlarni ko’rganida uning holiga achinmaydimi, xuddi shunday fojiaviy musibatlar o’zini ham benavo qilishi mumkinligini o’ylab, qo’rquv, iztirob chekmaydimi? Bas shunday ekan odam bolasi badiiy asarda tasvir etilgan qahramonlarning dardu-alamlarini ko’rganida ko’zi ochilib, ko’ngli ravshan tortadi va uning dilida shunday falokatlardan o’zini saqlash istagi uyg’onadi. Xullas, Aristotel o’zining katarsis nazariyasida san’at va adabiyotning insonga o’tkazadigan chuqur ma’naviy ta’sirining falsafiy tavsifini beradi. Aristotelning juda ko’p fikrlari to shu kunga qadar o’z qimmatini yo’qotgan emas. Vatanimizning san’at va adabiyot ahllari ularni diqqat bilan o’rganib kelmoqdalar.
X U L O S A
V-IV asrlar yunon tarixi chindan ham voqealarga boy, benihoyat mazmundordir. Ana shu ulug’ o’zgarishlar munosabati bilan Afina shahar davlatida tug’ilgan muhim-muhim siyosiy va axloqiy muammolar adabiyotga behisob mavzular hadya qilib, unda o’zining in’ikosini kutar turli-tuman masalalarni hal etishda ko’maklashuvini talab qilar edi. Ulug’vor bu hodisalarning endilikda eski lirik qo’shiqlar hajmiga sigdirmasligi shubhasizdir. Jamitdagi ziddiyatlarini va to’qnashishlarni hammadan ko’ra mukkammal va muafassal ifoda etishni eplay oladigan birdan-bir adabiy janr–albatta dramaturgiya bo’lgan. Na epik dostonlar va na lirik asarlar bu vazifalarning shubhasiz to’la uddasidan chiqa olmas edi. Harakat, she’riyat va musiqa to’qimasidan tarkib topgan yagona uyg’un shakl kasb etgan drama adabiyoti, poeziyaning imkoniyatlarini juda kengaytirib yuboradi. Uning ommabopligi, ziddiyatlarga boyligi, ta’sirchanligi butun V asr yunon adabiyotida peshqadamlik qilishini ta’minlaydi. Shu tariqi yunon dramaturgiyasining uchta asosiy janri–tragediya, komediya hamda satiralar dramasi paydo bo’ladi. Yunon tragediyasining shakillanishida tutgan o’rni, o’zining poetik mahorati va asarlarida ifoda etilgan ajoyib zamonaviy g’oyalari bilan Esxil butun antik dunyo adabiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Esxilning yangi zamon adabiyoti, sa’nati va musiqa madaniyatiga o’tkazgan ta’sirini baholash juda qiyin. Yevropa yozuvchilaridan Milton, Volter, Gyote, Shiller, Shelli, Bayron va boshqa yana bir qanchalarning ko’zlarini qamashtirgan va ularga poetik ilhom bag’ishlagan asar «Zanjirband Prometey» tragediyasi bo’lgan. Prometey afsonasi mavzusida yozilgan dostonlarda, musiqa asarlarida zulm, jaholat va tutqinlikka qarshi xalq nafratini g’azab va isyonini ifoda qilganlar. Prometey obrazi ozodlikning o’lmas dahosi va ulug’ jarchisi bo’lib, insoniyat tarixida barhayot qoladi. Shu asrning yana bir yirik vakili Sofokldir. Sofokl o’zining ulkan zamondoshiga nisbatan qahramonning xarakterini tavsif qilishda turli-tuman usullarni qo’llab, tragediya sa’natini yuksak kamolat bosqichiga ko’taradi. Uning ulug’ligi shundaki, shoir faqat hamma odamlarning har-xil bo’lishini emas, balki yolg’iz birgina odamning dilida javlon urgan turli-tuman o’zgarishlarni, qarama-qarshi sezgi va tuyg’ularning dam-badam tovlanib turishini, nodir ustalik bilan tasvirlydi. Sofokl ijodida yunon tragediyasi kamolat bosqichiga ko’tarilib, olamshumil ahamiyat kasb etadi. Shoir asarlarining demokratik ruhi, odamparvar mazmuni, noyob badiiy ko’rki ularning abadiy barhayotligini ta’minlaydi. Shu davrning uchinchi vakili Evripiddir. Evripid ijodida badiiy realizm usuli har jihatdan, qadimgi yunon tragediyasi bemisl keng quloch yoydi. Kundalik hayot voqealariga yaqinlashadi. Shu bilan birga Evripiddan keyin tragediyaning eski traditsion shakillari barbod bo’lib, asta-sekin bizning hozirgi zamon dramamizga yaqin bo’lgan yangi bir dramatik shaklning barpo etilishiga keng yo’l ochildi. Evripid kashf etgan bu yangiliklar keyinchalik Rimga, undan so’ng yangi zamon Yevropa dramaturgiyasiga ko’chib, abadiy barhayot bir qonun tusiga kirgan. Antik dunyoning ulug’ shoiri yaratgan bu yangiliklar doirasini kengaytirish, dramaturgiyaning hayotiy kuchi va badiiy imkoniyatlarini yana ham oshirish sharafiga Evripiddan so’ng faqat Shekspirgina muyassar bo’lgan.