Franchayzing (ingliz. franchising), yoki franshiza (gallits. franchise — imtiyoz), yoki tijorat konsessiyasi — bozor subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar turi; bir tomon (franchayzer[1]) ikkinchi tomonga (franchayzi) tadbirkorlikning maʼlum bir turida ish yuritishning oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan biznes modelidan: franchayzerning brendi, savdo belgisi, xom ashyosi va texnologiyalaridan foydalanib, uning nomidan ish yuritishga haq evaziga (akkord; bir yoki koʻp martalik toʻlov) ruxsat berishi.

Franchayzing tushunchasi tahrir

Umumiy maʼnoda, franchayzing — bu savdo belgisi yoki kommersion belgini „ijaraga olishni“ bildiradi. Franchayzingdan foydalanish franchayzer (franshizani beruvchi) va franchayzi (uni oluvchi) oʻrtasidagi kelishuv bilan tartibga solinadi. Shartnoma mazmuni har xil, oddiydan to juda murakkabgacha boʻlishi, tovar belgisidan foydalanishning eng kichik tafsilotlarini ham oʻz ichiga olishi mumkin. Odatda, shartnomada franchayzingdan foydalanish uchun pul ajratmalar miqdori tartibga solinadi (bu maʼlum bir muddat uchun belgilangan bir martalik yoki sotishning foizidan kelib chiqadigan to'lov boʻlishi mumkin). Pul ajratmasi boʻyicha hech qanday talab boʻlmasligi ham mumkin, ammo bu holda franchayzi franchayzerdan maʼlum miqdordagi tovarlar/ishlar/xizmatlarni sotib olish majburiyatini oladi.

Tovar belgisi/brenddan foydalanish shartlari shartnomalarning alohida bandi boʻlib xizmat qilishi mumkin. Ushbu shartlar juda erkin boʻlishi ham mumkin (masalan, franchayzi maʼlum bir sohada brenddan foydalanish huquqiga ega) yoki qatʼiy ham boʻladi (masalan, franchayzi doʻkonning ichki interyerida javon va qatorlarning rangidan tortib, personalning ish kiyimlarigacha va uskunalardan foydalanishda franchayzerning talablariga qatʼiy rioya qilish majburiyatini oladi).

Filip Kotler franchayzingning quyidagi elementlarini alohida taʼkidlaydi[2]:

  • Franchayzer oʻz savdo belgisidan foydalanganlik uchun put ajratmasi oladi, koʻpincha, xom ashyo, butlovchi qismlar yetkazib berish va xodimlarni oʻqitishni ham taʼminlaydi.
  • Franchayzi franchayzer tomonidan ishlab chiqilgan sxema boʻyicha biznes yuritish huquqini sotib oladi (toʻlovlarni toʻlaydi). Franchayzi oʻz savdo nuqtasini tayyorlash, ishga tushirish va ishlatish xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi.
  • Franshiza — bu franchayzerning talablariga javob beradigan biznes yuritishning barcha jihatlari va shartlarini tavsiflovchi tizim.
  • Paushal toʻlov (nemis. pauschale — qalin, yogʻli boʻlak") — franshizaning qiymati, franchayzi dastlabki bosqichda franchayzerga toʻlaydigan belgilangan miqdordagi to'lov. Odatda bu umumiy boshlangʻich xarajatlarning 9-11 % ni tashkil qiladi. Oʻz ichiga biznes-buk (faoliyatni tashkil etish reglamenti), brend-buk (korporativ identifikatsiya elementlarini qurish va ulardan foydalanish va reklama qoidalari), xodimlarni boshqarish va oʻqitish, sotish metodikasi, tarkiblar va texnologiyalar, koʻrsatmalar, hisobotlar, hisob berish shakllari va boshqalarni o'z ichiga oladi.
  • Royalti — franchayzerga tegishli boʻlgan tovar belgilari, patentlar yoki boshqa mualliflik huquqlaridan foydalanganlik uchun oylik toʻlov. Bu franchayzi aylanmasi/daromadidan 2-6 % yoki aylanma/daramadga bogʻliq boʻlmagan miqdorda belgilanishi yoki hatto nolga teng boʻlishi mumkin. Reklama toʻlovi miqdoridan alohida shaklda toʻlanadi.
  • Reklama toʻlovi — global reklama va marketing kampaniyalarini oʻtkazganligi uchun franchayzer foydasiga toʻlanadigan oylik toʻlov. Bu aylanma/daromaddan 1-3 % yoki belgilangan miqdorda boʻlishi mumkin. Royalti toʻlovi miqdoridan alohida shaklda toʻlanadi.

Franchayzing shakllari tahrir

  • Toʻgʻridan-toʻgʻri franchayzing. Hududni cheklagan holda ish faoliyatini amalga oshirish huquqini bir shaxsga (bitta korxona uchun) berishni anglatadi.
  • Subfranchayzing. Ushbu shaklga koʻra, franchayzer subfranchayzerga belgilangan hudud uchun oʻz huquqlarining katta qismini oʻtkazadi. Subfranchayzer bu hududda savdo nuqtalarini ochish va franshizalarni uchinchi shaxslarga sotish huquqini oladi.
  • Master franshiza subfranchayzingga juda yaqin boʻlib, odatda, yirik xalqaro tarmoqlar faoliyatida qoʻllaniladi (odatda, belgilangan hududga butun mamlakat yoki mamlakatlar guruhi kiritiladi). Bosh kompaniyaning huquq va majburiyatlarining faqat bir qismi oʻrta boʻgʻinga berilgan oldingi shakldan farqli oʻlaroq, bu holda franchayzerning vakolatlarini toʻliq va eksklyuziv ravishda master-franshizaga oʻtkazib beriladi.
  • "Yumshoq" franchayzing. Bunda potentsial hamkorga biznes ochish uchun zarur boʻlgan barcha mablagʻlarning faqat yarmini kiritishi taklif qilinadi. Ikkinchi yarmini qoplashni boshqaruv kompaniyasi oʻz zimmasiga oladi. Keyinchalik, bu hamkor boshqaruv kompaniyasining ulushini ham sotib olish va franchayzingni yagona egasi boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunday tizim, masalan, Mail Boxes Etc kompaniyasi ishlaydi[3]. Baʼzi hollarda kompaniyalar hamkoriga faqat yangi korxona faoliyatini va joriy xarajatlarni boshqarishni qoldirib, franchayzing ochish uchun zarur boʻlgan investitsiyalarning 100 % gacha boʻlgan qismini oʻz zimmalariga olishlari mumkin.

Franchayzing turlari tahrir

  • Tovarli. Asosan savdo sohasida qoʻllaniladi. Franchayzi franchayzer tomonidan yoki uning tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish huquqini oladi. Franchayzing shartnomasi savdo texnologiyasini, xizmatlar va tovarlar assortimentini, ishlab chiqaruvchining tovar belgisidan foydalanishning aniq qoidalarini tartibga soladi. Masalan, maʼlum kompaniyaning poyabzal yoki kiyim-kechaklari sotadigan firma doʻkoni.
  • Ishlab chiqarishda (sanoatda). Franchayzi franchayzerning tovar belgisi ostida mahsulot ishlab chiqarish va sotish huquqini oladi. Franchayzi texnologiya va asosiy xom ashyoni olgan holda, ishlab chiqarish jarayoniga qoʻyiladigan talablar, mahsulot hajmi, uning sifati, sotish rejalari, xodimlarning malakasi va hisobotlari haqida kelishib oladi.
  • Xizmat koʻrsatishda. Franchayziga franchayzerning tovar belgisi ostida xizmat koʻrsatishning maʼlum bir turi bilan shugʻullanish huquqi beriladi, bunda, franchayzer oʻz hamkorini asbob-uskunalar, reklama va marketing texnologiyasi bilan taʼminlaydi. Qoʻllab-quvvatlashdan tashqari, franchayzer ishlarni nazorat qiladi. Xizmat koʻrsatish franchayzingiga kiyimlarni kimyoviy tozalash tarmogʻini misol keltirish mumkin.
  • Biznes formatli. Franchayzer hamkoriga nafaqat savdo huquqini, balki ushbu turdagi biznesni tashkil etish uchun litsenziyani ham beradi. Hujjatlarda tadbirkorlik kontseptsiyasi aniq belgilanib, xodimlarni oʻqitish boʻyicha batafsil yoʻriqnomalar, interyer dizayniga, xodimlarning kiyim-kechaklari qoʻyiladigan talablar koʻrsatilgan boʻladi. Reklama siyosati, ish yuritish va tovar yetkazib beruvchilar bilan munosabatlar tartibga solinadi.

Ochiq resurs orqali franshiza tahlili tahrir

Har bir franshiza haqida koʻplab maʼlumotlarni: tarmoqda qoldirilgan fikrlardan tortib va ishlab turgan franchayzilarning manzillarigacha topish mumkin. Kompaniya vakillari bilan ham, ularning mijozlari bilan ham muloqot qilishning keng imkoniyati mavjud.

Kompaniya dinamikasi tahrir

Kompaniyani baholashda xaridlarning takroriyligi muhim mezon boʻlib xizmat qilishi mumkin. Mavjud franchayzi hamkor ikkinchi, uchinchi va keyingi franshizalarni sotib olsa, bu franchayzingning maksimal sifati va rentabelligi belgisidir.

Franchayzini qoʻllab-quvvatlash tahrir

Franchayzer franchayzini qanchalik qoʻllab-quvvatlashini baholash muhimdir. Buning eng oson yoʻli mavjud franchayzi bilan aloqa qilishdir.

Huquqiy tahlil tahrir

Franshiza sotib olishdan oldin oddiy huquqiy tahlil oʻtkazish mumkin. Buning uchun shartnoma boʻyicha ochiq maʼlumotlar bazalaridan foydalangan holda bitimning maʼlum jihatlari tekshirish kifoya: yuridik shaxs, uning arbitrajlik ishlar boʻyicha sud tarixi, ijro protsessining mavjudligi va boshqalar. Bankrotlik holatida turgan kompaniya tomonidan franchayzing sotilgan holatlar mavjud. Shuningdek, savdo belgilarining ochiq reestriga koʻra[4] qachon va kim tomonidan roʻyxatga olinganligi, bu franchayzing savdosi boshlanishidan oldin sodir boʻlgan-boʻlmaganligini va roʻyxatdan oʻtgan litsenziya shartnomalari hajmini baholash uchun tovar belgisini tekshirib koʻrish mumkin.

Manbalar tahrir

  1. V Bolshom tolkovom slovare russkogo yazika zafiksirovano napisanie „Franchayzer“, ot angl. „franchiser
  2. Kotler F. Marketing menedjment. — SPb.: Piter, 2004. — S. 575. — ISBN 5-94723-311-8.
  3. „Франшиза Mail Boxes Etc.“. mberussia-franchising.com. Qaraldi: 2020-yil 27-noyabr.
  4. Reestr tovarnix znakov

Havolalar tahrir