Gʻulom Abdiyev (Gʻulom Egamshukur) — shoir, yozuvchi. U 1959-yil 15-yanvarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tugʻilgan. Gʻulom Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy Unversiteti) ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Gʻulom 1981-yilda birinchi bor ish faoliyatini Oʻzbekiston Davlat teleradiosida boshlagan[1].

Hayoti va faoliyati

tahrir

Gʻulomning yillar davomidagi  mehnat faoliyatida, respublika gazetalaridan tashqari viloyat teleradiosi kabi  mas’uliyatli joylarda oʻz  lavozimi ishlab astoydil mehnat qildi. Gʻulom Abdiyev respublikada oʻzining sermahsul ijodi bilan tanilgan shoir-yozuvchilardan biri hisoblanadi. Hozirgi damda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Gʻulom Egamshukur ijodiyot olamiga erta qadam qoʻyadi. Uning qalami Toshkentda, adabiyotimizning qaynoq davralarida charxlandi. Rauf Parfi, Muhammad Yusuflar izidan bordi, koʻpga tanildi, sheʼrlari nazariga tushadi. Nufuzli toʻplamlarga ham kiritildi. Tengdosh ijodkorlar orasida oʻzining xos ovoziga, mavqeiga ega boʻldi. Buning sababiyati isteʼdod, intilish, nazmiy fidoiylik, deb qaralishi tabiiy. Yana bir tomoni ham bor. „Ruh anatomiyasi“ni mutolaa qilaroq faqatgina Gʻulomjonga xos boʻlgan ifodat usulini, ichki, ruhiy kechinmalarning favqulodda badiiyat toʻlgʻamasiga ega ekanligini anglash qiyin emas. Vatan, yurt, diyor haqida soʻzlaganida, poetik nutq, nazmiy mushohada juda erkin va tarxi toza ekanligi bilan oʻziga rom etadi. Taʼrifu vasf nihoyasida shoir, „Tuprogʻing boshida ash’oring aytsa, Vatanda tugʻilib, Vatanda oʻlsang“, degan xulosaviy misralar keltirgan[2].

Sheʼriyatining koʻrinishi

tahrir

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Shodi Otamurod Gʻulom  haqida iliq fikrlarini bayon etdi. Uning sheʼrlarida soʻz sanʼatga aylanib, ajabtovur jilolar taratadi, ayricha tarovat kasb etadi. Sheʼrlardagi hayajon, iztirobli oʻylar, fikr va xayolot ajib bir tarzda  uygʻunlashib ketadi. Shoir hayotni, umrni, goʻzal tabiatni, ziddiyatlarga toʻla algʻov-dalgʻov dunyoni, inson ruhiyatidagi bezovtalikni juda taʼsirchan ifodalaydi.  „Qogʻozlar hayqirigʻi“da soʻz dardi bilan yashayotgan shoirning zamon bilan chambarchas, bezovta qalbi koʻrinadi. Sheʼrlardagi rang-baranglik, quyma va ohangdorlik sizni  ham befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz[3].

Ruhiyatning badiiy sinoati

tahrir

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adabiyotshunos olim, Poyon Ravshanov quyidagicha eʼtirof etadi: — Sheʼriyat iqlimining obi-havosi tozarib, moʻtadillashib bormoqda. Keyingi chorak asrda bosib oʻtilgan yoʻl, siyosiy-iqtisodiy hayot ulugʻvorligi, mustaqillik nasimi ruhlarga tetiklik, qalblarga roʻshnolik baxshida etdi. Badiiyat havoiylikdan, majburiylikdan poklandi, „kommunizm gulbogʻlari“ tashbehiga hojat  qolmadi, kompartiya madhi uni uchdi, shoir eʼtirof etganidek, qalb „qabrdan qutildi“ — ruhiy  hurlik qaror topdi. Ruhning  anatomiyasi-sinoati mubhamlik liboslarini muayyanlik bilan almashtirdi, endi u oʻzligiga-"men"iga qaytdi. Muallaq  ruh jism bilan uygʻunlashdi, uning ajib asrori badiiy tadqiqi maʼnaviy ehtiyojga aylandi. Bu mulohazalar Gʻulom Egamshukurning „Ruh anatomiyasi“ deb atalgan yangi sheʼriy majmuasi mundarijasi  bilan  tanishish  asnosida  xayoldan kechadi.       

„Koʻngil Vatani“ manzumasida lirik qahramon koʻz oʻngimizda orif,  kechani unutmaydigan, bugunni yoqlaydigan, ertaga ishonchi mustahkam zamondosh sifatida namoyon boʻladi. Sheʼrda falsafiy samimiyat va oqibat nazmning nafis badiiyat qobigʻida, diqqatga molik ifodat etiladi. Ilk satrlarda dalolat etilgan tugun keyingi bandlarda pishitilgan holda, mantiqning avjiy nuqtasiga koʻtariladi, yechim sari taxayyulni yetaklab boradi. Shoir, lirik qahramon tilidan, „Bunda afsona yoʻq, haqiqat-Kaʼbam, Bu-Allohdan ato etilgan vatan“, muammosini qoʻyib, javob tomon zamin hozirlaydi. Vatandan  quvonch tuyish, „Yayrab nafas olgay pajmurda bu tan“ satridan anglashila boshlaydi. Shu kalimaning oʻziyoq, kechagi kunning qiyofasiga chizgi, bu kun esa, Keshda, „ulugʻ daho“ni — Amir Temurni tiklagan yurtda, qahramonimizning „ruhi orom topadi“, yuragidan „gʻurur kuyi“, „Millati Turon“ tuygʻusi oʻtadi. Bu xil sheʼrlarni orifona,  syujeti oʻtkir, mantigʻi kuchli, deb atasak toʻgʻri boʻladi[4].

Gʻulom Egamshukur sheʼriyati bilan xassoslik martabasida turib, tanishish, oʻquvchiga, eng avvalo, saboq beradi, hikmat manzili tomon boshlaydi, oʻylashni oʻrgatadi. Bu oʻylar, shunchaki oʻylar emas, hamisha sharhiga mushtoq  boʻlganimiz, donolarning, daholarning, allomalarning ham boshini qotiradigan olam va odam abadiyati, sinoati tarannumi oqimidir. Shoir kitobxonni beixtiyor shu oqimga oshufta qilish yoʻlidan boradi: Ruhim-sangtaroshim parvona, halak, Yurakning gʻubori toshar koʻzimdan. Qorachiqdan toshar, qorachiqdan lak-lak Koʻz yoshlarim chopar izimdan.

Falsafiy mushodalar

tahrir

Gʻulom Egamshukurning mazkur dostonida ana shu tabarruk manbalardan kelib chiqib ilm va maʼrifat, tasavvufiy maʼnolarni chuqur anglash yoʻlidan boriladi. Shoirning maʼrifiy-irfoniy qarashlarida bu turfa dunyoda muhabbatdan muhabbat paydo boʻlishi mehru oqibat, aql, xayol, tafakkur siyrati, tashvish, armon, ranju nadomatlar xususida falsafiy mushohadalar yuritiladi. Insonlarning bir biriga mehr-muhabbatli boʻlishiga alohida urgʻu berilgani quyidagi koʻrinishda nomoyon boʻlgan: Muhabbat oldida gapirar daraxt, Muhabbat poyida tosh ham boʻzlaydi. Muhabbat bagʻrida ruh shodlik tuyar, Hatto gil-vujuding jonli soʻzlaydi deya eʼtirof etadi.

Uzoq yillardan buyon ilm-maʼrifat yoʻlida kelayotgan Gʻulom Egamshukur joʻshqin shoir va mohir telejurnalist sifatida elga tanildi. Madaniy-maʼrifiy va adabiy jarayonni siljishiga munosib hissa qoʻshib, taniqli ijodkor sifatida eʼtiborga tushdi. Gʻulom Egamshukur ijodidagi sheʼrlarning hammasi ham mukammal degan xulosaga kelib boʻlmaydi. Uning ayrim sheʼrlarida choʻziqlik, koʻp soʻzliklarga yoʻl qoʻyish holatlari uchraydi. Shoir baʼzi bir sheʼrlariga muhim hayotiy-falsafiy mazmun bagʻishlay olmaganligi ham seziladi, ayrim sheʼrlarda esa oʻz orzusi uchun kurashgan insonlar qiyofasi teranligiga toʻlaligicha taʼrif-tavsif yetishmay qolgan holatlar ham uchraydi[5].

Asarlari

tahrir

Uning „Quyoshning hidi“ (1997-yil), „Ruh anatomiyasi“ (2018-yil), „Qogʻozlar hayqirigʻi“ (2022-yil), „Sabr soyasi“(2023-yil) sheʼriy toʻplamlari va asosiy dramatik asarlari chop etilgan.

Yutuqlari

tahrir

Shoir va yozuvchi Gʻulom Egamshukur AQShda oʻtkazilgan Ajoyib adabiy asar uchun tanlovda gʻolib deb topildi va Mark TVEN xalqaro adabiy mukofoti — Diplom bilan taqdirlandi.

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat boʻlimi boshligʻi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hududiy boʻlimi rahbari, shoir Gʻulom Abdiyevning Amir Temur tavalludining 687-yilligiga bagʻishlab yozgan „Sohibqiron“ nomli sheʼri „Oʻzbekistonda taʼlim“ jurnalining 26-aprel sonida chop etildi[6].

Manbalar

tahrir