Gayka:

1) mashina va mexanizmlarning qismlarini bir-biriga mahkamlashda ishlatiladigan detal; vint yoki boltga burab kiritiladi. Gayka ichi rezbali, sirti olti yoki toʻrt qirrali va dumaloq boʻladi. Tojsimon va quloqli Gaykalar ham bor. Gaykaning oʻlchamlari, odatda, standartlardan olinadi, lekin balandligi 0,8 d dan kichik boʻlmasligi kerak (d — bolt yoki vintdagi rezbali qismning tashqi diametri). Gayka poʻlat, rangli metall va polimerlardan tayyorlanadi. Avval tokarlik stanoklarida dumaloq yoki qirrali material qirqib olinadi, soʻngra tegishli stanoklarda unga rezba ochiladi;

2) vintli mexanizmlarda vintning aylanma harakatini boshqa detal va uzellarning ilgarilama harakatiga aylantirib beradigan detal. Mas, domkratda shunday Gayka bor.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil