Gerontologiya
Gerontologiya (yun. geron, gerontos —keksa, kari va ... logiya) —tirik organizmlar, jumladan, odamning qarish jarayonini oʻrganadigan fan; tibbiyot va biologiya fanlarining bir boʻlimi. Yoshi kashtan organizm kasalliklarining xususiyatlari haqidagi taʼlimot —geriatriya, keksaygan va katta yoshdagi kishilar gigiyenasi haqidagi taʼlimot —gerogigiyena, keksalar psixikasi va feʼl-atvorini oʻrganadigan taʼlimot — gerontopsixologiya G.ning asosiy tarkibiy qismidir. Infeksion kasalliklardan nobud boʻlishning hamda bolalar oʻlimining kamayishi va b. omillar umr uzayishiga yordam beradi. Qarish sabablari haqida bir necha nazariya ilgari surildi. I. I. Mechnikov fikricha, ichakda yashaydigan bakteriyalarda moddalar almashinuvi mahsulotlari va organizmning oʻzida azotli moddalar almashinuvining mahsulotlari (siydik kislota) kishi organizmini zaharlab, qarishga sabab boʻladi. Hoz. G. qarish sabablari va mexanizmlarini molekula va hujayradan tortib to butun organizm darajasida oʻrganmoqda. G., asosan, eksperimental, klinik va ijtimoiy yoʻnalishlarda rivojlanmoqda. G.ning ijtimoiy gigiyena sohasidagi ilmiy tadqiqotlari barvaqt qarish sabablarini ijtimoiy sharoitga, kishilarning yashash tarziga bogʻlab oʻrganish, keksaygan kishilarning moddiy taʼminoti, mehnat qilishi, ovqatlanishi, yurish-turishini maqsadga muvofiq tashkil etish, ijtimoiy va tibbiy yordam berishning eng maqbul usullarini qidirib topishga qaratilgan.
Oʻzbekistonda G. va geriatriya muammolari I va II ToshTI, vrachlar malakasini oshirish instituti ichki va asab kasalliklari hamda jarrohlik kafedralarida professorlar R. M. Nurmuhamedov, A. R. Rahimjonov, E. Y. Qosimov, N. N. Nasriddinova, M. G. Rustamovalar, dotsentlar L. E. Otaxonova, M. H. Hojiboyev va b. tomonidan oʻrganilmoqda. Ibn Sino Xalqaro jamgʻarmasi qoshida tashkil qilingan Ibn Sino gerontologiya markazi (2000 y.) da ham G. sohasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda (Sh. B. Ergashev, L. E. Yoʻldosheva va b.).
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil