Gidralar (Hydrida) — boʻshliqichlilar tipiga mansub umurtqasiz hayvonlar turkumi. Koʻpincha yakka, baʼzan vaqtincha koloniya hosil qilib yashaydi. Skeleti yoʻq. Tanasi xaltaga oʻxshash, ichi kovak. Uzunligi 3 sm gacha. Tanasining ostki yassi tovonga oʻxshash tomoni bilan suvdagi narsalar (toshlar, usimliklar, mollyuskalar chigʻanogʻi va b.)ga yopishib oladi, tovoni urtasida torgina teshik bor. Tanasining yuqori uchida joylashadi ogʻiz teshigi paypaslagichlar (4-20 ta) bilan oʻralgan. Tana devori tashqi — ektoderma va ichki — endodermadan iborat. Bu ikki qavatni yupqa tayanch plastinka (mezogleya) parda ajratib turadi. Ektodermada, ayniqsa paypaslagichlarda kuydirish xususiyatiga ega boʻlgan juda kup otuvchi hujayralar buladi. Ular yordamida gidralar dushmandan himoyalanadi yoki siklop va boshqa mayda jonivorlarni tutib oladi. Gidralar yil fasllariga qarab jinssiz (kurtaklanib) yoki jinsiy usulda koʻpayadi. Ular meduza hosil qilmaydi. Ayrim jinsli yoki germafrodit. Germafrodit gidralarda erkaklik va urgʻochilik jinsiy bezlari tanasining turli qismlarida hosil buladi. Gonadasida faqat bitta tuxum hujayra yetiladi. Tuxum hujayra tanasida urugʻlanadi. Urugʻlangan tuxum hujayra oʻz atrofiga qalin pust ishlab chiqarib sistaga aylanadi va qishlab qoladi. Qishda ona gidralar nobud boʻladi. Bahorda esa zigotadan yosh gidralar rivojlanadi. Gidralarning 10 dan ortiq turi chuchuk suvlarda yashaydi. Chuchuk suv havzalarida asosan oddiy, yaʼni poyachasiz gidra (Hydra vulgaris), poyachali, yaʼni qoʻngʻir gidra (Pelmatohydra oligactis), qorongʻi joyda yashay olmaydigan yashil gidra (Chlorohydra viridisisima) va boshqalar uchraydi.

Gidralar
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Boʻshliqichlilar
Oila: Hydridae

Manbalar tahrir

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil