Gidrometallurgiya (gidro... va metallurgiya) — kimyoviy elementlarning suvdagi eritmasi yordamida xom ashyo (ruda va baʼzi sanoat chiqindilari)dan rangli metallarni ajratib olish. G. birin-ketin bajariladigan quyidagi texnologik yumushlarni uz ichiga oladi: rudaga mexanik ishlov berish, kimyoviy ishlov berish, choʻktirish (tindirish), metallni ajratib olish. Rangli metallarni ajratib olish uchun xom ashyo maydalanadi, maydalangan xom ashyo xlorlovchi, oksidlovchi va qaytaruvchi muhitlarda kuydiriladi, qovushtiriladi, soʻngra erituvchi birikma bilan ishlanadi. Natijada pulpa (maydalangan rudaning erituvchi bilan aralashmasi) hosil boʻladi. Erituvchi birikma sifatida sulfat kislota, soda, oʻyuvchi natriy, ammiak, sianid va xloridlar, natriy sulfid va b. nin g suvdagi eritmasi ishlatiladi. Erituvchi birikmadagi metall eritmalari shlam (tarkibida metall boʻlmagan mayda qoʻshimchalar) dan ajratiladi. Buning uchun pulpa quritiladi, soʻngra tindirish qurilmalari va filtrlarda yuviladi. Erituvchi birikmadagi metall eritmalari chanlarda (krestovina va kurakchalar oʻrnatilgan val yordamida) va kimyoviy usul bilan (rux, alyuminiy kukunlari taʼsir ettirib) choʻkmagan zarralar va zararli qoʻshimchalardan tozalanadi. Metall va uning birikmalari eritmadan choʻktirib olinadi. Bu jarayonda elektroliz, sementitlash, sorbsiya (ion almashuvchi qatronlar yoki kumir yordamida), suyuq ekstraksiya (organik erituvchilar yordamida) usullari tatbiq etiladi. Choʻkindi metall va uning kimyoviy birikmalari qayta ishlanib, toza metall (mis, rux, kumush, oltin va b.) yoki shunga yaqin mahsulot olinadi. Buning uchun choʻkindi qayta kristallanadi, bugʻga aylangunga qadar qizdiriladi, qayta eritiladi va elektrolizlanadi. G. usulida oltin, mis, qoʻrgʻoshin, rux, volfram va b. rangli metallar olinadi (qarang Asl metallar. Gidroliz, Elektroliz).

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil