Gidrometeorologiya xizmati —mamlakatda meteorologiya, iqlimshunoslik, agrometeorologiya, gidrologiya, geliofizika sohalarida xalq xoʻjaligi uchun ahamiyatli vazifalarni bajarish hamda ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullanadigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, markazlar, rasadxonalar, lab.lar, st-yalar, kuzatuv manzilari tizimi.

Turkiston oʻlkasi hududida G.x. shakllanishi 19-asrning 70-yillariga toʻgʻri keladi. 1867-yilda Toshkent sh.da muntazam meteorologik kuzatishlar yoʻlga qoʻyilgan. 1870-yilning mart oyidan "Turkestanskiye vedomosti" gazetasida meteokuzatish maʼlumotlari va ob-havo toʻgʻrisidagi xabarlar eʼlon etila boshladi. 1873-yilda Toshkent Astronomiya va fizika rasadxonasi ish boshladi, tez orada u Turkiston oʻlkasi meteorologiya xizmatining rahbar markaziga aylandi. 1876-yilda "Toshkent" rasadxona-meteostansiyasi ochildi. Oʻzbekiston G.x.ning rasmiy tashkil etilgan sanasi —1921-yil 7 may hisoblanadi. Shu kuni har xil idoralar tarkibidagi koʻp sonli meteostansiyalar yangi tashkil etilgan xizmat —Turkiston meterologiya instituti ("Turkmet")ga birlashtirildi. 1929-yilda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya boshqarmasi taʼsis etildi. Xizmat 1931-yildan boshlab tabiiy muhit holati ustidan kuzatishlar va gidrometeorologik prognozlarning hamma turlarini birlashtiruvchi yaxlit tashkilot tarzida faoliyat koʻrsatmoqda. Jahon ob-havo xizmati tizimi doirasida 1967-yildan Toshkentda meteorologik axborotlar toʻplanadi, ob-havo haritalari va prognozlari tuziladi va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari va Rossiyaning Osiyo qismiga tarqatiladi. Respublika G.x. 1967-yildan Yerning sunʼiy yoʻldoshlaridan axborotlarni fotosuratlar koʻrinishida qabul qilib, amaliy ishlar.uchun tahlil qiladi. 1972-yildan tabiiy muhit ifloslanishini muntazam kuzatish ishlari olib boriladi.

Oʻzbekistonda G.x. davlat boshqaruv organlari va iqtisodiyot tarmoklarini (suv xoʻjaligi va energetika, agrosanoat majmuasi, gaz va neft sanoati, avtomobil va temir yoʻl transporti, aviatsiya, aloqa, qurilish, kommunal xoʻjalik va b.) tabiiy muhit holati va iqlimning gidrometeorologik sharoitlari va kutilayotgan oʻzgarishlari, gidrometeorologik hodisalar va atmosfera ifloslanishning yuqori qiymatlari tufayli vujudga kelgan favqulodda holatlar toʻgʻrisidagi ekspert maʼlumotlari bilan taʼminlaydi, ofat hodisalardan keladigan zararni kamaytirish yoki oldini olish uchun gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir oʻtkazish vazifalarini bajaradi. Respublika G.x. kunlik gidrometeorologik, ekologik; dekadalik agrometeorologik va gidrologik; oylik gidrokimyoviy, gidrobiologik byulletenlar, oylik atrof muhitning ifloslanishi holati toʻgʻrisida axborot; yillik yer usti suvlari rejimi, resurslari toʻgʻrisida maʼlumotlar; agrometeorologik, havo, yer usti suvlari, quruqlik (yer) sifati va tuproqning ifloslanishi yilnomalari, gidroagrometeorologiya va ekologiya masalalari boʻyicha ilmiy maqolalar, toʻplamlar, uslubiy qoʻllanmalar va tavsiyalar nashr qiladi. Xizmat koʻrsatilayotgan vazirliklar, idoralar, trestlar, konsernlar, assotsiatsiyalar, firmalar, sanoat korxonalari soni 2 mingdan koʻproq.

G. x. asosini kuzatuv tarmoklari tashki l etadi. Respublikada 47 meteorologik, 10 gidrologik, 1 suv balansi, 5 koʻl, 3 qorkoʻchki, 14 aviatsiya meteorologik st-yalari, 1 zonal aviamarkaz, 1 balandlik mateomajmua, 2 atrof muhit monitornigi st-yasi, 87 agrometeorologik kuzatish punktlari, viloyatlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini doʻldan himoya qilish xizmati (57 punktga ega; doʻldan himoya maydoni 741 ming ga) ishlaydi (2001).

Oʻzbekiston Respublikasi milliy G.x. gidrometeorologiya, tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanish, qurgʻoqchilik va b. masalalar sohasida faol va koʻp qirrali xalqaro ilmiy-texnik faoliyatni amalga oshirmoqda. 1993-yil 2 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Jahon meteorologiya tashkilotita (JMT) aʼzo boʻldi. Respublika G.x. xalqaro tashkilotlar: PROON (BMTning rivojlanish dasturi), YUKEP (BMTning atrofi muhit dasturi), YUNESKO, Jahon banki va GFR, AQSH, Shveysariya, Yaponiyadagi gidrometeorologiya tashkilotlari bilan gidrometeorologiya sohasidagi loyihalarni yaratish va amalga oshirishda hamkorlik qiladi.

Oʻzbekistonda G.x.ga 1992-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya Bosh boshqarmasi rahbarlik qiladi (qarang "Boshgidromet").

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ocherki razvitiya gidrometeorologii v Sredney Azii, Sankt-Peterburg, 1993; Gidrometeorologiya Oʻzbekistana, T., 1996; Oʻzbekiston gidrometxizmatining tarixi muzeyi boʻyicha yoʻlkoʻrsatkich, T., 1998.

Viktor Chub, Malika Nazarova.