Gotxold Efraim Lessing (1729.22.1, Kamenz, Saksoniya — 1781.15.2, Braunshveyg) — nemis dramaturgi, sanʼat nazariyotchisi, adabiyotshunos, maʼrifatparvar. Nemis mumtoz adabiyotining asoschilaridan biri hisoblanadi. Nemis maorifining radikal-demokratik yoʻnalishiga boshchilik qilgan va Pastor oilasida tugʻilgan. Leipzig (1746-1748) va Vittenberg (1748) universitetlarida taʼlim olgan. Lessing yozuvchi va jurnalist sifatida mutlaq hokimiyat mafkurasiga qarshi, ilgʻor milliy madaniyat uchun kurashgan. U oʻz umrini oʻtab boʻlgan fransuz klassitsizmi qonun-qoidalariga koʻr-koʻrona rioya etishni tanqid qilib chiqqan. Klassitsizmga qarshi kurashda Germaniyada birinchi "Sara Sampson xonim" (1755) oilaviy "meshchanlar" dramasini va milliy harakterlari boʻlgan "Minna fon Barnxelm" (1767) komediyasini yozgan. "Emiliya Galotti" (1772) fojiasi Lessing ijodining choʻqqisidir. Unda feodal knyazlarning zoʻravonliklari qoralanadi. Lessing publitsistik faoliyatida koʻproq maʼrifatparvarlik masalalariga eʼtibor berdi ("Fossishe Zeitung" gazetasi bilan hamkorligi, 1751-1755; "Teatr kutubxonasi"ning nashr etilishi, 1754-1758 va boshqalar). Lessingning muhim xizmati sheʼriyatning birinchi asosi sifatida ("Laokoon", 1966) hayotni butun joʻshqinligi bilan va toʻliq aks ettirish haqidagi taʼlimotni olgʻa surganida, realistik teatr va dramaning nazariy tamoyillarini himoya qilganligidadir. Lessingning teatr xususidagi qarashlari fransuz maʼrifatparvari Deni Didro qarashlariga mos. Ular ikkisi ham teatr va dramaturgiyaning oddiy hamda haqqoniy boʻlishining tarafdori edi. Falsafada Lessing Germaniyadagi materialistik anʼanalarning asoschilaridan biridir. 1888-1943-yillarda Berlinda "Lessing-teatr" mavjud boʻlgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Lessing Gotxold Efraim" OʻzME. L-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Laokoon ili o granitsax jivopisi i poezii, M., 1957.