Grevis kasalligi - qalqonsimon bez gormonlarining gipersekretsiyasiga sabab bo'ladigan immun sistemasi buzilishidir. Grevis kasalligi boshqa kasalliklarga nisbatan keng tarqalgan gipertiroidizmga olib keluvhchi sababdir.

Grevis kasalligi
KXK-10 Z86. 39
KXK-9 246.9

Qalqonsimon bez gormonlari inson tanasining ko'plab funksiyalariga ta'sir qiladi shu sababli grevis kasalligi sababli kelib chiqishi mumkin bo'lgan simptomlar juda turlichadir. Ushbu kasallik asosan ayollarda va 40 yoshdan kishik shaxslarda uchraydi.

Davolash simptomatik va giperfunksiyaga uchragan qalqonsimon bez gormonlarining qondagi konsentratisyasini kamaytirishga qaratilgan[1].

Simptomlar tahrir

Grevis kasalligining umumiy belgilari va simptomlari:

 
Ko'z atrofi to'qimalari masasining ortishi sababli ko'z olmasining bo'rtib chiqishi
  • Bezovtalik va asabiylashish.
  • Doimiy ovqat ratsionining o'zgarmagan holda saqlanganligiga qaramay, vazn yo'qotish.
  • Qo'l yoki oyoq barmoqlairning tremori.
  • Issiqlikni gipersezuvchanlik va terlash, terining doimiy namligi, gipertermiya.
  • Ayollarda hayz siklining buzulishi.
  • Qalqonsimon bez hajmining kattalashuvi (buqoq)
  • Erkaklarda erektil disfunktsiya yoki libidoning pasayishi.
  • Ichak gipermotorikasi. Qorin g'uldurashlari.
  • Ko'zlarning bo'rtib chiqishi(Grevis oftalmopatiyasi).
  • Charchoq.
  • Oyoqning boldir yoki son qismida terining qizarishi(Grevis dermopatiyasi).
  • Tez va tartibsiz yurak urishi (taxikardiya,aritmiya)
  • Uyquning buzilishi[2].
 
Grevis oftalmopatiyasi

Grevis oftalmopatiyasi tahrir

Grevis kasalligi bilan og'rigan bemorlar orasida 30% dan ko'p hollarda ko'z bilan bog'liq bo'lgan grevis oftalmopatiyasi uchraydi. Ushbu patalogiyada immun tizimi anormal faoliyati va yallig'lanish jarayonlari sababli ko'z atrofi mushaklari va boshqa to'qimalar shikastlanadi. Belgilar va alomatlar quyidagi shakilda namoyon bo'lishi mumkin:

  • Shishgan yoki tortilgan ko'z qovoqlari.
  • Shishgan ko'zlar.
  • Ko'zlar xiralashuvi.
  • Ko'z bosimi yoki og'riq.
  • Gipersezuvchanlik- nurga sezgirlik.
  • Qizargan yoki yallig'langan ko'zlar.
  • Ko'rish qobiliyatini yo'qotish.
  • Ikkilangan ko'rish.

Grevis dermopatiyasi tahrir

Grevis kasalligi sababli ko'p hollarda grevis dermopatiyasi yuzaga keladi. Bu dermopatiya oyoqlarning boldir yoki yuqori qismida terining qalinlashuvi va qizarishi bilan namoyon bo'ladi.

Etiologiyasi tahrir

Grevis kasalligi organizm immun sistemasi anormal faoliyati natijasida yuzaga keladi. Ushbu jarayon nima sababdan ro'y berishi haligacha aniqlanmagan.

Immun sistemasi odatda organizmga tushgan bakteriya, virus va boshqa antigenlarni nishon hujayra sifatida ta'nib ularga nisbatan antitanachalar ishlab chiqaradi. Grevis kasalligida esa jarayon yaxshi tushunilmagan bo'lib, noaniq sababga ko'ra immun sistema tomonidan qalqonsimon bez hujayralariga nisbatan antitanachalar ishlab chiqarila boshlaydi.

Normal holatda qalqonsimon bez faoliyati bosh miya pastki qismida joylashgan(turk egarchasida) gipofiz bezi tomonidan boshqarilib turadi. Grevis kasalligi sababli yuzaga keluvchi antitanachalar - triotropin retseptorlarining antitanalarini (TR-At) - boshqarib turuvchi gipofizdan ajraluvchi gormon kabi ishlaydi. Buning natijasida esa TR-At lari qalqonsimon bez normal boshqarilishini bloklab qo'yadi va qalqonsimon bez tomonidan gormonlar gipersekretsiyasiga sabab bo'ladi(hipertiroidizm).

Grevis oftalmopatiyasining etiologiyasi tahrir

Grevis oftalmopatiyasi ko'z soqqasining orqa qismidagi mushak va boshqa to'qimalarida ma'lum bir turdagi uglevodlar to'planishi sababli yuzaga keladi. Bu trofik jarayon sababi ham noma'lum. Bundan tushuniladiki qalqonsimon bez gipersekretsiyasiga sabab bo'luvchi anormal antitanalar ko'z to'qimalariga ham ta'sir qilib uning normal morfologiyasini o'zgartirib yuboradi.

Grevis oftalmopatiyasi ko'p hollarda gipertiroidizm bilan paralel ravishda yoki bir necha oydan so'ng paydo bo'ladi. Ammo oftalmopatiya belgilari gipertiroidizm boshlanishidan bir necha yil oldin yoki keyin yuzaga chiqishi ham mumkin. Grevis oftalmopatiyasi gipertiroidizm bo'lmagan hollarda, yakka o'zi ham paydo bo'la oladi.

Xavf omillari tahrir

Har bir inson organizmida Grevis kasalligi uchrashi mumkin bo'lsa-da, ayrim omillar kasallikning yuzaga chiqishini stimullashi yoki moyillikni yuzaga keltirishi mumkin, jumladan:

Oila tarixida. Oila tarixida grevis kasalligi bilan og'rigan shaxslarning uchrashi, bu shu oilada ushbu kasallikka moyillik geni yoki genlar majmuasi borligidan dalolat beradi.

Jins. Ayollar grevis kasalligi bilan erkaklarga qaraganda ko'proq og'riydi.

Hissiy yoki jismoniy stress. Doimiy stressli turmush tarzi ushbu kasallikni qo'zg'atuvchi genlarga stimullovchi ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Yosh. Grevis kasalligi odatda 40 yoshgacha bo'lgan odamlarda rivojlanadi.

Boshqa avtoimmun kasalliklar. 1-tip diabet yoki revmatoid artrit kabi immun tizim kasalliklari bo'lgan odamlarda ushbu kasalliklar ham xavf omili bo'la oladi.

Homiladorlik. Homiladorlik yoki yaqin muddatdagi amalga oshirilgan tug'ruq, ayniqsa ushbu kasallik yuzaga kelishini yuzaga chiqaruvchi bo'lishi mumkin.

Chekish. Chekish immun tizimiga ta'sir qilishi sababli grevis kasalligini yuzaga keltirishi mumkin va ayniqsa chekuvchi grevis kasalligiga chalingan bemorlarda grevis oftalmopatiyasi yuzga kelishi xavfi yuqori[3].

Asoratlar tahrir

Grevis kasalligining asoratlari quyidagilarni o'z ichiga olishi mumkin:

Homiladorlikdagi muammolari. Homiladorlik davrida Grevis kasalligining mumkin bo'lgan asoratlari orasida abort, erta tug'ilish, homilada qalqonsimon bezning disfunktsiyasi, homilaning o'sish jarayonining buzulishi, onadagi yurak etishmovchiligi va preeklampsiyasi kiradi. Preeklampsiya - bu yuqori qon bosimi va boshqa jiddiy belgilar va alomatlarga olib keladigan onaning homila tomonidan zaharlanish holatidir.

Yurak kasalliklari. Kasallikning o'z vaqtida davolanmasligi, yurak ritmining buzilishi, yurak mushaklarining tuzilishi va faoliyatining o'zgarishi, yurakning tanaga etarli miqdorda qon haydab beraolmasligi (yurak etishmovchiligi) kabi holatlar paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin.

Qalqonsimon bez inqirozi. Grevis kasalligining kamdan-kam uchraydigan, ammo hayot uchun xavfli asoratlaridan biri bu tirotoksik inqiroz deb ham ataladi. Og'ir hipertiroidizm davolanmasa yoki etarli darajada davolanmasa ushbu holat yuzaga kelishi mumkin.

Qalqonsimon bez gormonlarining keskin oshishi gipertermiya, terlash, qusish, diareya, deliriya, kuchli zaiflik, tutilishlar, aritmiyalar, teri va ko'zlarning sarg'ayishi (sariqlik), qon bosimining keskin pasayishi va koma kabi ko'plab salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qalqonsimon bez inqirozi shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi.

Mo'rt suyaklar. Davo choralari amalga oshirilmaganda gipertiroidizm mo'rt va sinuvchan suyaklarga (osteoporoz) olib kelishi mumkin. Suyaklarnin mustahkamligi qisman ular tarkibidagi kalsiy va boshqa minerallar miqdoriga bog'liq. Qalqonsimon gormonning haddan tashqari ko'pligi tanadagi kalsiyni suyaklar tomonidan o'zlashtirilishiga xalaqit beradi[1][4].

Diagnostika tahrir

Grevis kasalligini tashxislash uchun jismoniy tekshiruv o'tkazish va grevis kasalligining belgilari va alomatlarini tekshirishi mumkin. Bundan tashqari oila kasallik tarixi ham tekshirilishi mumkin. shuningdek, quyidagi testlar ham amalga oshirilishi mumkin:

Qon testlari. Qon testlari qalqonsimon bezni ogohlantiruvchi gormon (TTG) - odatda qalqonsimon bezni rag'batlantiradigan gipofiz gormoni va qalqonsimon gormonlar darajasini aniqlashga yordam beradi. Grevis kasalligi bilan og'rigan odamlarda odatda TTG darajasi odatdagidan past va qalqonsimon gormonlar darajasi yuqori bo'ladi.

Tireotrop gormonining turli yosh chegaralarida qondagi miqdori
No Yosh Qondagi miqdori O’lchov birligi
1 Yangi tug'ulgan chaqaloqlarda 1.1-17 mBirlik/l
2 2,5 oylikgacha chaqaloq 0.6-10 mBirlik/l
3 2,5 oylikdan 14 oylikgacha 0.4-7 mBirlik/l
4 14 oylikdan 15 yoshgacha 0.4-6 mBirlik/l
5 Erkaklarda 0.4-4 mBirlik/l
6 Ayollarda 0.4-4 mBirlik/l
7 Homilador ayollarda 0.2-3.5 mBirlik/l

Grevis kasalligiga sabab bo'lishi ma'lum bo'lgan antikor darajasini o'lchash uchun boshqa laboratoriya tekshiruvini buyurishi mumkin. Odatda kasallikni tashxislash uchun bu kerak emas, ammo antikorlarni ko'rsatmaydigan natijalar hipertiroidizmning boshqa sababini ko'rsatishi mumkin.

Ko’rsatkich Natija O’lchov birligi Normadagi ko’rsatkich
TTG 13.000 mmME/ml,

mBirlik/l

0.4-4.0

1-trimestr 0.1-2.5

2-trimestr 0.2-3.0

3-trimestr 0.3-3.0

T3 erkin 9.69 Pmol/l 2.3-6.3
T4 erkin 13.10 Pmol/l 10.3-24.5
Trioglobulinga antitana(AT-TG 25.90 Birlik/ml 0-40.0
Trioperoksidazaga antita(AT-TPO) >1000 Birlik/l 0-35.0

Radioaktiv yodni qabul qilish. Qalqonsimon bez gormon ishlab chiqarish uchun yodga muhtoj. Bemorga oz miqdorda radioaktiv yod berib, keyinchalik ixtisoslashtirilgan skanerlash kamerasi yordamida qalqonsimon bezdagi radioaktiv yod miqdori o'lchanadi va qalqonsimon bez tomonidan yodni o'zlashtirish tezligi aniqlanadi. Qalqonsimon bez tomonidan qabul qilingan radioaktiv yod miqdori grevis kasalligi yoki boshqa holat gipertiroidizmning sababi ekanligini aniqlashga yordam beradi. Ushbu test radioaktiv yodni skanerlash bilan birlashtirilishi mumkin va buning natijasida chaqnash bergan radioaktiv yod vizual tasvirini hosil qilish mumkin.

Ultratovush. Ultratovush tanadagi tuzilmalarning tasvirini yaratish uchun yuqori chastotali tovush to'lqinlaridan foydalanadi. Bu qalqonsimon bezning kattalashganligini ko'rsatishi mumkin. Bu radioaktiv yodni qabul qila olmaydigan odamlarda, masalan, homilador ayollarda foydalidir.

Tasvirli tekshiruvlar. Agar Grevis kasalligining qon tahlillari va UTT tekshiruvlari tashxisni aniqlab bera olmasa,kompyuter tomografiyasi yoki MRT kabi maxsus ko'rish testlarini buyurishi mumkin[5].

Grevis oftalmopatiyasini davolash tahrir

Grevis oftalmopatiyasining yengil alomatlarini kunduz kunlari retseptsiz beriladigan sun'iy ko'z yoshlari va kechasi moylash gellari yordamida boshqarish mumkin.

Kortikosteroidlar. Prednizon kabi kortikosteroidlar bilan davolash ko'z qovoqlari orqasida shishishni kamaytirishi mumkin. Nojo'ya ta'sirlar orasida suyuqlikni ushlab turish, vazn ortishi, qondagi glukoza miqdori ko'tarilishi, qon bosimining oshishi va kayfiyatning o'zgarishi bo'lishi mumkin.

Teprotumumab (Tepezza). Ushbu dori Grevis oftalmopatiyasini davolash uchun ishlatilishi mumkin. U har uch haftada yelka venasiga yuboriladi va sakkiz marta beriladi. Bu ko'ngil aynishi, diareya, mushaklarning spazmlari va qon shakar darajasining ko'tarilishi kabi yon ta'sirga olib kelishi mumkin. Ushbu dori yangi bo'lgani uchun uning Grevis oftalmopatiyasini davolashdagi roli hali aniqlanmagan.

Prizmalar. Grevis kasalligi tufayli yoki grevis kasalligi uchun jarrohlikning yon ta'siri sifatida ikkilangan ko'rish yuzaga kelishi mumkin. Prizmalar hamma uchun ish bermasa ham, ko'zoynak prizmalari ikki tomonlama ko'rishni bartaraf qilishi mumkin.

Orbital dekompressiya operatsiyasi. Ushbu operatsiyada ko'z bo'shlig'i (orbita) va sinuslar orasidagi suyak - orbita yonidagi havo bo'shliqlari olib tashlanadi.

Orbital radiatsiya terapiyasi. Bir vaqtlar bu kasallikni davolash uchun keng tarqalgan usul edi, ammo foydalari noaniq. Ko'z olmasi orqa qismida joylashgan to'qimalarning bir qismini yo'qotish uchun bir necha kun davomida maqsadli rentgen nurlaridan foydalanadi. Agar ko'z bilan bog'liq muammolar yomonlashsa va kortikosteroidlar ham samarali ta'sir bermay qo'ysa, orbital radiatsiya terapiyasi tavfsiya qilinadi.

Grevis oftalmopatiyasi Grevis kasalligini davolash bilan har doim ham yaxshilanmaydi. Grevis oftalmopatiyasining belgilari hatto uch oydan olti oygacha yomonlashishi mumkin. Shundan so'ng, Grevis oftalmopatiyasining belgilari va alomatlari odatda bir yil yoki undan ko'proq vaqt davomida barqaror ravishda saqlanib qoladi va keyin ko'p hollarda o'z-o'zidan yaxshilana boshlaydi[6].

Manbalar tahrir

  1. „Graves disease“. 2022-yil 5-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-avgust.
  2. „What Is Graves’ Disease?“ (2021-yil 12-iyul). 2022-yil 7-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-avgust.
  3. „Graves' disease“ (2022-yil 14-iyun). 2022-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-avgust.
  4. B.X.Shagazatova. Endokrinologiya, 2021 — 248-263 bet. 
  5. „Harrisons' Endocrinology“ (2017). 2022-yil 4-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-avgust.
  6. „Graves’ Disease“. 2022-yil 5-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-avgust.