Grim
Grim (fransuzcha: „grime“, italyancha: „grumo“ — ajinli) — 1) aktyorlik sanʼatida qiyofa (asosan yuz)ni ijro etiladigan rolga moslab (maxsus boʻyoq bilan boʻyab, sunʼiy soch-soqol yopishtirib, sochni rolga moslab tarash va sh.k.) oʻzgartirish sanʼati. Obraz yaratishda muhim vositalardan biri. Pyesa yoki ssenariyning badiiy xususiyatlari, bezaklari, qahramonning feʼl-atvori, aktyor va rejissyorning ijodiy maqsadiga qarab xar xil boʻladi.
Teatrda grim tarixi qadimda xalq sayillari va oʻyinlariga borib taqaladi. Xitoy, Hindiston, Yaponiya va boshqa Sharq mamlakatlarida ham grimdan foydalanilgan. Aktyor yuziga chizilgan rasmlar koʻrinish jihatidan niqobga yaqin boʻlib, baʼzan uning oʻrnini bosgan. Lekin grim niqobga nisbatan harakterliroq boʻlgani sababli aktyorlar faqat grimdan foydalanganlar. XVIII-XIX asrlarda koʻpgina rus aktyorlari grimga obraz yaratishda milliy va tarixiy harakteristika vositasi deb qarashgan. K. Stanislavskiy ham grimni qahramon psixologiyasini ochishga yordam beruvchi eng zarur vosita deb bilgan. Grim rejissyor gʻoyasini amalga oshirishda eng muhim tarkibiy qismlardan boʻlgani sababli teatr rejissyori va rassomning eng yaqin yordamchisi boʻlib grimchi-rassom vazifasi yuzaga keldi.
Kinoda grim oʻziga xos xususiyatga ega. Grim operator texnikasi talabiga (plyonkaning rang yoki yorugʻlikka taʼsirchanligiga qarab) mos boʻlishi lozim. Grim qilishda salgina soxtalik, sunʼiylikka yoʻl qoʻyilishi filmga nuqson boʻlib tushadi. Grim qilish murakkab jarayon boʻlib, u ssenariychi, rejissyor fikri va operator ishi bilan bogʻliq. Grimchi-rassom suratga olish jarayoni va kinotexnika imkoniyatlarini bilishi lozim. Agar aktyorning yuzi katta oʻzgarishlarni talab qilsa, u holda plastik grim yopishtiriladi, yengil, yumshoq, rezina qoʻllanadi. Plastik grim egiluvchan, elastik boʻlib, u kishi yuziga juda qulay joylashadi. Bu uslubni birinchi marta 1930-yilda Sankt-Peterburglik rassom R. Raugul qoʻllagan. Rangli filmlarning takomillashib borishi grimchi-rassomlar oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda, ular grimni kiyimning oʻziga xos xususiyatlari bilan uygʻunlashtirishga harakat qilib, grimdan foydalanish usullarini muntazam oʻzgartirib bormoqdalar.
Sirkda masxarabozlarning chiqishlarida va harakterli rollari bor yirik tomoshalarda qoʻllanadi. Sirk yuzaga kelgan davrdan boshlab masxarabozlar yuzlariga oq narsalar surib tomosha koʻrsatishgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida grim masxarabozlikda muhim omillardan biriga aylandi. Zamonaviy sirkda hayotiy grim koʻproq qoʻllanilmoqda. Oʻzbek xalq masharaboz va qiziqchilari — Yusufjon qiziq Shakarjonov, Aka Buxor, Akrom Yusupov kabilar oʻz ijodlarida grimdan koʻp foydalanishgan.
2) Grim uchun zarur boʻlgan boʻyoq va buyumlar. Grim boʻyoqlari maxsus resept asosida tayyorlanib, turli xil ranglar bilan aralashtiriladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |