Henri de Toulouse-Lautrec
Henri de Toulouse-Lautrec (1864-yil 24-oktyabr, Albi 1901-yil 9-sentyabr, Malrome, Bordo yaqinida) — fransuz rassomi, postimpressionizmning yirik namoyandasi. 1881-yildan asosan Parijda yashagan, L. Bonn va 1884-yildan F. Kormondan taʼlim olgan. E. Dega, yapon gravyurasidan taʼsirlangan. Ilk asarlaridayoq oʻta individual obrazlar yaratdi (E. Bernar portreta, 1885, Teyt galereyasi, London). 1880-yillarning 2-yarmidan ziyolilar, oddiy kishilarning hayoti va ermaklarini, Parij teatrlari, raqs zallari, kabare, sirk lavhalarini yaratdi, portret va kompozitsiyalarida kinoyali, oʻta fosh etuvchanlik ruhi namoyon boʻldi: "MulendelaGalettdagi bal", 1889; "MulenRujdagi raqs", 1890; "MulenRujda", 1892; "Xonanda Ivett Gilber", 1894; "DeMulen koʻchasidagi salonda", 1894—95 va boshqa. Uning qalamtasvirining oʻtkirligi teatr afishalarida oʻz ifodasini topgan. Shuningdek, qalamtasvirining yengil va oʻynoqiligi, tanlangan ranglar yorqinligi bilan eʼtiborni tortadi ("Aristad Bryuan oʻz kabaresida", 1892; "Janna Avril", 1893 va boshqalar). Uslubiy izlanishlar Toulouse-Lautrecni modernizmga yaqinlashtirdi, bu grafika asarlari (ayniqsa, rangli litografiyalar)da koʻzga tashlanadi. Koʻplab rasmlari va litografiya turkumlari jonli, taʼsirchanligi, mubolagʻali sharjlari bilan diqqatga sazovor. Albi shahrida Toulouse-Lautrec muzeyi tashkil qilingan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |