Infuzoriyalar (Infuzoria, Ciliophora) — yuksak rivojlangan bir hujayrali hayvonlar tipi. Tanasining uzunligi 12 mkmdan 3 mm gacha. Tashqi koʻrinishi har xil; erkin va oʻtroq, yakka va koloniya boʻlib yashovchi turlari bor. Harakatlanish organoidlari tanasini qoplab turuvchi kipriklardan iborat. Tanasi yupqa va pishiq pellikula qobiq bilan qoplangan. Yadrosi 2 xil: bitta katta yadro (makronukleus) va bitta yoki bir necha kichik yadro (mikronukleus)dan iborat. Katta yadro loviyasimon, zanjirsimon, taqasimon yoki boshqa shaklda, kichik yadro dumaloq boʻladi. Infuzoriyalar hazm qilish va ayirish organoidlarining ancha murakkab tuzilganligi bilan boshqa bir hujayralilardan farq qiladi. Erkin yashovchi infuzoriyalarda ogʻizoldi chuqurchasi, ogʻiz, halqum, hazm qilish vakuollari va chiqarish teshigi boʻladi. Qisqaruvchan vakuollari 2 ta, murakkab tuzilgan boʻlib, sitoplazmadan suyuklik yigʻuvchi uzun naychalar, suyuklik saqlovchi rezervuar va chiqarish naychasidan iborat. Infuzoriyalar ning ektoplazmasida himoya vazifasini bajaruvchi ipsimon otiluvchi tanachalar (trixosistalar) joylashgan. Parazit infuzoriyalar ning ogʻiz teshigi va qisqaruvchan vakuollari bulmaydi. Bakteriyalar va suv utlari bilan, ogʻizsiz parazit turlari fagotsitoz usulda oziqlanadi. Infuzoriyalar ikkiga boʻlinish, ketma-ket boʻlinish, koʻp marta boʻlinish, kurtaklanish orqali koʻpayadi. Infuzoriyalar da jinsiy jarayon ikkita infuzoriya oʻrtasida irsiy belgilarning almashinuvi (konyugatsiya) orqali sodir boʻladi. 8000 ga yaqin turi maʼlum. Dengiz, chuchuk suv va tuproqda uchraydi. 2 sinf (kiprikli va soʻruvchi infuzoriyalar) ga boʻlinadi. Ayrim infuzoriyalar hayvonlar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, sut emizuvchilar) oshqozonida simbioz yashaydi. Kavsh qaytaruvchi sut emizuvchilar oshqozonida ofrioskoleks infuzoriyasi yashaydi. Bir qancha infuzoriyalar parazitlik qiladi. Baliqlarda ixtioftirius, uy hayvonlari va odamlarda balantidiy parazitlik qilib, katta ziyon keltiradi. Ayrim infuzoriyalar (masalan, tufelka) laboratoriya hayvonlari hisoblanadi[1].

Infuzoriyalar (Lacrymaria, Coleps, Stentor, Dileptus, Paramecium)

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil