Ishdagi ishq
„Ishdagi ishq“ (ruscha: Служебный роман, transkripsiyasi: Sluzhebnyy roman, inglizcha: Office Romance) – 1977-yil sovet kinorejissori Eldar Ryazanov tomonidan suratga olingan romantik komediya janridagi mashhur film. Film Eldar Ryazanovning Emil Braginskiy bilan birga teatr uchun yozgan „Hamkasblar“ (Soslujivsi) nomli pyesa asosida suratga olingan. Namoyish etilgan yili Sovet davlatida eng koʻp foyda olgan film sifatida tarixda qolgan kartina, Sovet ittifoqidan ajralib chiqqan respublikalarda mashhurligini hanuz yoʻqotgan emas. Film 1979-yil RSFSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Ishdagi ishq | |
---|---|
Служебный роман (Sluzhebnyy roman) | |
filmining asl afishasi (1977-yil) | |
Rejissyor(lar) | Eldar Ryazanov |
Hikoya |
Eldar Ryazanov Emil Braginskiy |
Qaysi asarga asoslangan |
„Hamkasblar“ (Soslujivsi) |
Rollarda |
Andrey Myagkov Alisa Freindlich Oleg Basilashvili |
Bastakor(lar) | Andrei Petrov |
Operator(lar) | Vladimir Nakhabtsev |
Studiya(lar) | Mosfilm |
Chiqarilgan sanasi | 1977-yil 26-oktyabr |
Davomiyligi | 159 minut |
Mamlakat | SSSR |
Til | ruscha |
Byudjeti | 500 000 rubl |
SSSR davrida Moskovadagi statistika qoʻmitasining turmushga chiqmagan rahbari Ludmila Kalugina va uning qoʻl ostida ishlovchi iqtisodchi xodim Anatoly Novoseltsevning nafrat bilan boshlangan munosabatlarining sevgiga aylanishi koʻrsatib berilgan komediya filmdir. Bu aslida AQSh film turi sanalgan „Screwball komediyasi“ga xos kartinadir. Klassik taʼrifi bilan aytganda, „Ichida jinsiy ochiqlikka yoʻl qoʻyilmagan jinsiy mavzudagi komediya“ tarzidadir. Bu shakldagi film suratga olish Qoʻshma Shtatlarda roʻy bergan „Buyuk depressiya“ davrida avj olgan edi. Film bu holatga oʻxshaydigan vaziyatda Brejnev davrida yuzaga kelgan „Turgʻunlik davri“ (Period zastoya, Stagnation Era) suratga olingan. Film 1976-yil Moskvasining kundalik turmushini koʻrsata olgani bilan ahamiyatlidir.
Film sovet kinoijodkorlarining SSSR filmlarini yanada koʻproq shaxslarga yetib borishi yoʻlida yangi kino turlariga murojaati koʻzga tashlanib turadi. Melodrama va komediya xususiyatlarini oʻzida mujassam etgan „Ishdagi ishq“ kartinasi Eldar Ryazanovning „Uchlik“ uslubidagi filmlaridan biridir. Ryazanovning „Uchlik“ filmlari jumlasiga shular kiradi: „Taqdir hazili yoxud qushdek yengil boʻling“ (1976), „Ishdagi ishq“ (1977), „Ikki kishilik vokzal“ (1982). Bu filmlarning asosiy mavzusi „Insonlar har vaqt bir-biriga ehtiyoj his qiladilar“dir[1].
Mavzusi
tahrirFilm voqealari 1976-yil SSSR poytaxti Moskovada boʻlib oʻtadi. Davlat statistika qoʻmitasining qattiqqoʻl rahbari Ludmila Kalugina (Alisa Freindlich) oʻrta yoshlarda boʻlishiga qaramasdan turmush qurmagan ayoldir. Ishchan va talabchan boʻlgan Ludmila ishga barchadan avval kelib, hammadan keyin ketadigan odati boʻlgan. Ludmillaning qoʻl ostida ishlovchi xodimlari unga „Telba kampir“, deb laqab qoʻygan boʻlib, u tashqi koʻrinishiga umuman ahamiyat bermagan. Rahbar, shuningdek, barchaga nisbatan ijtimoiy masafoda turgani bois atrofidagilarda yolgʻizlikni xush koʻruvchi shaxs taassurotini uygʻotgan. Barcha xodimlar bu rahbardan hayiqib turishgan.
Davlat statistika qoʻmitasida ishlovchi iqtisodchi xodim Anatoliy Novoseltsev (Andrey Myagov) boʻlsa, hamkasblari hurmatida boʻlgan. U xotini tashlab ketgani sababli 2 nafar farzandi bilan yashovchi erkakdir. Lapashanglarga xos turishi bilan ajralib turuvchi Anatoliy doimiy iqtisodiy qiyinchilik va pulsizlikdan aziyat chekib keladi. U hamkasblarining qistoviga qaramay, rahbaridan mukofot puli soʻrashdan tortinib yurar edi. Film voqealari tashqi ovoz orqali yoritib boriladi va film boshida barcha qahramonlar birma-bir tomoshabinga tanitiladi. Anatoliyning eng yaqin doʻsti yoqimtoy va u bilan yaxshi kelishadigan Olga Ryzovadir (Svetlana Nemolyayeva). Statistika qoʻmitasiga yangi tayinlangan direktor yordamchisi Yuriy Samahvalov edi (Oleg Basilashvili). Xarizmatik koʻrinishi, sirli kishiligi va yaxshi kiyinishi bilan ajralib turadigan Yuriy doimiy xorijda boʻlgani uchun xodimlarga kichik sovgʻalar keltirib turadi. Ofisda Ludmilladan tortinmaydigan yagona shaxs Yuriy edi. Yuriy doʻsti Anatoliyning lavozimini koʻtarish borasida bergan taklifi qabul qilinmaydi. Shundan soʻng, Yuriyning uyida tashkil etilgan mehmondarchilik kechasida uning taklifi bilan Anatoliy rahbari Ludmillaning koʻnglini olishga harakat qilib koʻradi. Ammo tajribasiz harakatlari ortidan bunga erisha olmaydi. Anatoliy ayolning sovuqqon holati va eʼtiborsizligi qarshisida jahlga otiga minib, unga haqoratli soʻzlar yogʻdira boshlaydi. Haqoratga uchragan Ludmilla mehmondorchilik kechasini tark etadi.
Anatoliy ertasi kuni uzr soʻrash niyatida rahbar xonasiga kirganida, ishdan haydalishini kutar ekan, hech kutilmagan holat yuz beradi. Ludmilla toʻsatdan yigʻlashni boshlab, yolgʻizlikdan aziyat chekishi haqida soʻzlay boshlaydi. Keyinroq sekretari Verochka (Liya Akhedzhakova)ni yoniga chaqirib, ayollarning qay tarzda kiyinishi kerakligi va modada boʻlgan kiyimlar haqida soʻraydi. Ofisda boʻlayotgan hamma narsadan xabardor boʻlgan sekretar rahbarga Anatoliyning ajrashganligi va uning ijtimoiy holati haqida gapirib beradi. Ludmillada Anatoliyga nisbatan qiziqishi uygʻonib, u bilan yaqin boʻlishga harakat qila boshlaydi. Har ikkisining jasorati yetmasdan bir-biriga boʻlgan tuygʻularni oshkor etmasligi, doimiy anglashmovchiliklarning yuz berishi sababli oʻrtada bahsli munosabatlar davom etaveradi. Ludmilla yangicha uslubdagi koʻrinishida Anatoliyni uyiga mehmon sifatida chaqiradi. Ertasi kuni bu yangicha koʻrinishida ishga kelgan Ludmilani koʻrgan ofisdagi barcha xodimlar hayratda qolishadi. Direktor ilk bor ishga kech qolgandi. Munosabat baxtli yakun topadi.
Oilali bir ayol boʻlgan Olga universitet davrida sevishgan Yuriy bilan qayta topishishni istaydi, ammo Yuriy ofisda birga ishlaydigan xotini bilan birga qoladi. Olganing baxtsizligiga qarama-qarshi ravishda, sekretar Verochkani tashlab ketgan sobiq sevgilisi bilan munosabatini qayta tiklab oladi.
Uslubi
tahrirXX asrning 70-yillariga kelib SSSRda film tomoshasiga tashrif buyuruvchi insonlar soni kamaygani sababli sovet rejissyorlari yangi film uslubi boʻyicha ish olib borishga kirishadilar. Buning natijasida, gʻarb dunyosiga xos boʻlgan baʼzi film turlari sinovdan oʻtkazilgan. Fantastika, sarguzasht va vestern kabi film turlari shular jumlasidandir. Avval boshda boʻshliqni toʻldirgan bu film turlari qisqa vaqtdan keyin Sovet kino sohasiga hech qanday oʻzgarish olib kirmagani maʼlum boʻladi. Istisno oʻlaroq, shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, komediya va melodrama aralashgan uslubdagi filmlar SSSR ichkarisida ham, SSSR tashqarisida ham keng jamoatchilikka yetib borilgani kuzatilgan. Ezgulikni madh etuvchi, his-tuygʻu aralash mavzular, shuningdek, vaqti-vaqti bilan nostalgiyaga oʻrin berilgan, inson mehri va uning taftini koʻrsatib turuvchi bu turdagi filmlarning eng yaxshi oʻrnaklari Eldar Ryazanovga tegishli.
Bu filmlar baʼzi tanqidchilar tomonidan yengil mavzuli sifatida tanqid qilingan boʻlsa-da, baʼzilar melodramaga xos boʻlgan motivlarda jiddiy ichki ramzlar mavjudligini aytiladi. Vladimir Menshov rejissyorligida suratga olingan „Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi“ filmi bu kabi filmlarning eng mashhuridir. Bu film nafaqat SSSRda, balki xorijiy mamlakatlarda ham rekor darajada tomosha qilingan.
Eldar Ryazanov rejissyorligida suratga olingan „Ishdagi ishq“ romantik komediyasi AQSh kinoijodkorlariga tegishli „Screwball komediyasi“ga asosida suratga olingan. Sevgi-nafrat munosabatlarining qorishuvi natijasida oʻzaro ziddiyatli qahramonlarni bir-biriga qarama-qarshi qoʻygan bu jozibador film turi XX asrning 40-yillariga kelib nihoyatda taraqqiy qilgan. Bu filmlarga tegishli oʻxshash jihatlardan biri erkak qahramonning „macho“ shaxsiyati soʻroqqa tutilishi, ayol va erkak oʻrtasidagi munosabatda ayolning yetakchilik salohiyati koʻzga tashlanishidadir. Ijtimoiy tabaqalarning qarama-qarshiliklarini yuzaga chiqargan „screwball“ komediyasining boshqa xususiyatlari orasida „fars“ (beoʻxshov kulgi) qismlari, tezkor savol-javob tarzida kechadigan dialoglarga, hozirjavob hazillarga boy suhbat va xayolparast qahramonlar boʻlishi bilan ahamiyatlidir. „Jinni komediya“ deb nomlangan bu uslubga yoqqal misol sifatida 1934-yil suratga olingan „It Happened One Night“ (Bir kechada amalga oshdi) filmini koʻrsatish mumkin.
„Screwball komediya“ uslubi AQShda yuz bergan „Buyuk depressiya“ vaqtida chuqur ildiz otgan. AQSh hukumati tomonidan oʻsha yillarda chiqarilgan va filmlarga senzura oʻrnatgan „Hays qonunlari“ tufayli kinoijodkorlar jinsiy mavzuga unchalik murojaat etishmasdi. Bu film turi ham qonunlarni aylanib oʻtish asnosida, yaʼni jinsiy mavzudan uzoqroq turish niyatida yaratilgan. Shu sababli ham bu film turiga „Ichida jinsiy mavzu koʻrsatilmagan jinsiy mavzudagi film“ deya taʼrif berilgan.
Screwball – amerikaliklar argosida „gʻalati narsa“ maʼnosida keladi. Shuningdek, beysbol oʻyinida aldamchi harakat bilan uloqtirilgan toʻpga ham „Screwball“ nomi berilgan. Aldamchi harakat bilan uloqtirilgan toʻpning qarshidagi kishini chalgʻitgani kabi bu uslubdagi filmlarda doimiy janjal qilib kelgan juftlik film soʻnggida turmush quradi. AQShda „Screwball komediyasi“ film turi „Buyuk depressiya“ vaqtida avj olgan boʻlsa, „Ishdagi ishq“ kartinasi bunga oʻxshash ravishda Brejnev davridagi „Turgʻunlik davri“da suratga olingan. Film 1976-yilgi Moskvasining kundalik turmushini koʻrsata olgani bilan ham ahamiyatlidir.
Rollarda
tahrirAktyorlar | Filmdagi nomi |
---|---|
Andrey Myagkov | Anatoly Yefremovich Novoseltsev |
Alisa Freindlich | Ludmila Prokofievna Kalugina |
Oleg Basilashvili | Yuri Grigoryevich Samokhvalov |
Svetlana Nemolyayeva | Olga Petrovna Ryzhova |
Liya Akhedzhakova | Sekreter Verochka |
Ludmila Ivanova | Ishchilar sendikati faoli Shura |
Georgi Burkov | Logistika boʻlimi boshligʻi |
Pyotr Shcherbakov | Pyotr Ivanovich Bublikov |
Nelly Pshennaya | Samokhvalovning xotini |
Alik Denisov | Vova Novoseltsev |
Musiqalari
tahrirFilmning musiqalari sovet bastakori Andrey Pavlovich Petrov (1930–2006) tomonidan bastalangan. Qoʻshiqlarni esa bosh rollarni ijro etgan Alisa Freindlich va Andrey Myagkov kuylagan. Qoʻshiq soʻzlari esa shotland xalqining milliy shoiri Robert Burns (1759–1796)ga tegishli. Bir dona sheʼr mashhur rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoga oiddir. Pop musiqa yoʻnalishida va ballada uslubida kuylangan soundtracklar film qadar mashhurlikka erishgan. LP formatida boʻlgan musiqa albomi, 1977-yil „Melodiya“ nomli plastinka shirkati tomonidan eʼlon qilingan (S60—09545-46). Filmda soundtrack albomidan oʻrin egallagan qoʻshiqlar quyidagilardir:
- „Moey dushe pokoya net“ – Andrey Petrov bastalagan va soʻzlari Shotlandiya xalq shoiri Robert Berns tomonidan yozilgan sheʼrdan olingan ushbu qoʻshiq filmning asosiy musiqasi boʻlib, qoʻshiqning ikkita alohida versiyasini filmning bosh qahramonlari boʻlgan Alisa Freindlich va Andrey Myagkov ijro etgan. Sheʼr soʻzlarini rus tiliga Samuil Marshak tarjima qilgan.
- „Nas v nabitix tramvayax boltaet“ – Andrey Petrov tomonidan bastalangan, soʻzlari rus shoiri Yevgeni Yevtushenkoga tegishli bu qoʻshiqni filmda Andrey Myagkov kuylagan.
- „Obrivayutsya rechi vlyublyonnix/Obletayut poslednie maki“ – Andrey Petrovning kompozitsiyasi asosidagi qoʻshiq soʻzlari Nikolay Zabolotskiyga tegishli. Bu qoʻshiq ham Alisa Freindlich va Andrey Myagkov tomonidan ijro etilgan.
- „Pesenka o pogode“ boshqacha nomi „U prirodi net ploxoy pogodi“ – Andrey Petrov bastalagan qoʻshiq matni film rejissyori Eldar Ryazanov tomonidan yozilgan va Alisa Freindlich tomonidan kuylangan.
- „Uvertyura“ – kompozitor Andrey Petrov, soʻzlari Robert Bernsga tegishli. Filmning ochilish qoʻshigʻidir.
- „Utro“ – Instrumental musiqa bastakori Andrey Petrovdir.
- „Dojd“ – instrumental, Andrey Petrov tomonidan bastalagan.
- „Tanes vospominaniy“ – instrumental, Andrey Petrov bastalagan.
- „Osen“ – Ushbu instrumental qoʻshiq bastakori ham Andrey Petrovdir.
- „Final“ – Qoʻshiq Robert Bernsga tegishli. Bastakor – Andrey Petrov[2].
Manbalar
tahrir- ↑ Plakhov, Andrei (1991). Sovyet Sineması. Çev.Ergün Akça, Şerif Erol. Arena Yayıncılık.
- ↑ „Songs from "Office Romance"“ (ru). Qaraldi: 2007-yil 30-dekabr.