Jumaniyoz Olloqulov

Xivalik jadid maʼrifatparvarlaridan biri

Jumaniyoz Olloqulov (1898-yil, Xiva – 1938-yil, Toshkent) – xivalik jadid maʼrifatparvarlaridan biri.

Jumaniyoz Olloqulov
Tavalludi 1898-yil
Vafoti 1937-yil 12-iyul
Toshkent shahri, Pushkin ko'chasi
Faoliyat yillari 1916—1937-yillar
Turmush oʻrtogʻi Zoya Alekseyeva
Bolalari Ella
Otasi Polvon Naimboy о‘g‘li
Onasi Robiya xonim

Hayoti

tahrir

Jumaniyoz Olloqulov 1898-yilda Xiva shahrida tavallud topgan. Otasi yirik qorakoʻl savdogari Polvon Naimboy oʻgʻli boʻlgan. Jumaniyoz Olloqulov maktab yoshiga yetganidan soʻng, dastlab Xivadagi eski maktabda tahsil olgan. 1907—1910-yillarda shahzodalar bilan Toʻrtkoʻlda joylashgan jadid maktabida taʼlim olgan. 1910-yildan 1915-yilga qadar Petro Aleksandrovsk shahridagi harbiy bilim yurtida oʻqigan. Jumaniyoz Olloqulov Zoya Alekseyeva bilan tumush qurgan va ularning Ella ismli qizi boʻlgan. Onasining ismi Robiya xonim edi. Jumaniyoz Olloqulovning Durdijon, Saodat Shamsiyeva hamda Soʻna Husaynzargarova ismli singillari, Madamin va Ismoil Alloqulov ismli ukalari boʻlgan.

Ish faoliyati

tahrir

Oʻqishni tugatganidan soʻng, Amudaryo boʻlimi boshqarma boshligʻi idorasida amaliyot oʻtagan. 1916-yil Yangi Urganch shahrining „Zinger“ korxonasida faoliyat olib borgan. 1917-yilning mart oyigacha Amudaryo boʻlimi devonxonasida hisobchi vazifasida faoliyat yuritgan. 1917-yilning mart oyidan 1918-yilning noyabr oylariga qadar Toʻrtkoʻl shahrida soldat deputatlari Toʻrtkoʻl qoʻmitasining hisobchisi sifatida ishlagan. 1918-yilning noyabr oyidan Xiva boʻyicha pasport boʻlimi boshligʻi vazifasida ish faoliyatini boshlagan. 1919-yilning iyun oyidan 1920-yilning fevral oyigacha Yosh xivaliklar inqilobiy qoʻmitasining kotibi sifatida ishlagan. Toshkentga kelganidan soʻng, turk subayi Mustafo Subhibey bilan tanishgan. Mustafo Subhibey Jumaniyoz Olloqulovni „Yosh xivaliklar“ inqilobiy qoʻmitasiga olmoqchi boʻldi[1]. 1920-yilning fevral oyida bolsheviklar tomonidan Xiva agʻdarilgandan soʻng, Xorazmga kelgan. Jumaniyoz Olloqulov XXSRning I qurultoyida ishtirok etgan hamda Xorazm Xalq Respublikasi Tashqi ishlar noziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. V.I. Lenin rahbarlik qilgan Sovet hukumati Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiyani 1920-yilning yoz oylarida Rossiyaga taklif qilgan. Jumaniyoz Olloqulovga Sovet maʼmurlari tomonidan tuz savdosi bilan shugʻullangan degan soxta ayblov qoʻyilgan va Toshkent shahrida qamoqqa olingan. Keyinchalik, u aybsiz deb topilgan va yana oʻz ish joyiga qaytarilgan. 1921-yilning 6-mart kunida XXSR hukumatidagi Yosh xivaliklar partiyasining barcha vakillari hokimiyatdan chetlashtirilgan. 1921-yilning iyun oyidan boshlab, Jumaniyoz Olloqulov Moskva shahrida Xorazmning doimiy vakili sifatida ishlagan. Shundan soʻng, Xorazmga qaytib kelgan va soxta ayblovlar sabab otishga hukm qilingan. Lekin, bunga koʻpchilik norozilik bildirganligi sababli hukm bekor qilinib, 10 yillik qamoq jazosi berilgan. 1923-yilning 30-yanvar kuni XXSR MIK sessiyasida Jumaniyoz Olloqulovga nisbatan umumiy avf qoʻllanib, Xorazm Markaziy qoʻmitasi tomonidan oqlangan. 1923-yilning fevral oyida esa Jumaniyoz Olloqulov ozodlikka chiqqach, Chorjoʻyda joylashgan jamgʻarish idorasida oʻz faoliyatini qaytadan boshlagan. 1924-yilda boʻlib oʻtgan Xorazm Kommunistik partiyasi qurultoyida ishtirok etgan. 1924-yilning fevral oyidan Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjalik bankida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 1928-yilda Samarqand okrug qishloq xoʻjalik bankining xodimi boʻlgan Jumaniyoz Olloqulov Fayzulla Xoʻjayev tomonidan OʻzSSR XKS referenti sifatida ishga olingan.

Vafoti

tahrir

1937-yilning 11-iyul kuni Jumaniyoz Olloqulov aksilinqilobiy targʻibotchi sifatida aybdor deb topilgan hamda qamoqqa olingan. 1937-yilning 12-iyul kuni Toshkent shahrida joylashgan Pushkin koʻchasidagi 40-uyida tintuv oʻtkazilgan va barcha mol-mulki davlat tomonidan musodara etilgan. 1937-yil 9-dekabrda otib oʻldirishga hukm etilganiga muvofiq 1938-yil 7-yanvar kuni otib oʻldirilgan. Turmush oʻrtogʻiga Olloqulovning 1946-yilning noyabrida jazoni oʻtash vaqtida oʻpka shamollashi sababli vafot etganligi haqidagi soxta maʼlumotnoma taqdim etilgan[2].

Manbalar

tahrir