Xiva

O‘zbekiston Respublikasidagi shahar
(Xiva shahridan yoʻnaltirildi)

Xiva – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi shahar. Xiva tumani markazi. Oʻzbekistonning shimoliy gʻarbida, Xorazm viloyatning janubida, Amudaryoning chap sohilida, daryodan 40 km janubida, 95 m balandlikda joylashgan. Shahar yonidan Polvonyop (qadimiy Xeykaniq) kanali oʻtgan. Yaqin temir yoʻl stansiyasi – Urganch (30 km). Maydoni 0,08 ming km². 2022-yil 1-yanvar holatiga Xiva tuman doimiy aholisining soni 149 698 kishi, Xiva shahri – 95 246 kishini tashkil qilgan[1]. Shaharning qadimgi qismidagi juda koʻp arxitektura yodgorliklariga boy boʻlgan Ichan-Qal’a Sharqning ekzotik shahar timsolini oʻzida saqlab qolgan afsonaviy shahardir[2].

Xiva
shahar
41°23′0″N 60°22′0″E / 41.38333°N 60.36667°E / 41.38333; 60.36667
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Xorazm viloyati
Asos solingan mil. av. 5-asrda
Aholisi
 (2017)
89 500
Vaqt mintaqasi UTC+5
Avtomobil kodi 90
Xiva xaritada
Xiva
Xiva

Tarixi

tahrir
 
 

Qadimgi davrda

tahrir

Xiva – Oʻzbekistonning qadim shaharlaridan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shahar miloddan avval V asrda barpo etilgan. Uning nomi shaharning qadimiy qismida joylashgan Xivaq (Xeyvaq) qudugi bilan bogʻliq. Baʼzi tadqiqotchilar shahar nomini xorazmiy tiliga yaqin boʻlgan qadimgi osetin tilidagi „Xiauv“ – qalʼa soʻzidan, boshqalari bu atamani antik davrdan Xiva hududidan okib oʻtgan Xeykaniq (hozirgi Polvonyop) kanalining oʻzgartirilgan (Xeykaniq-Xeyvaniq-Xeyvaq-Xeva-Xiva) nomidan kelib chiqqan deydilar. Xorazmlik tarixchi solnomachi Xudoyberdi Qoʻshmuhammad oʻzining 1831-yilda yozgan „Dili Gʻaroyib“ asarida Xorazmning qadimiy shaharlarini nomma-nom sanar ekan, „Bu mamlakatning yana bir qalʼasi – Qalʼai Ramldir. Bu qalʼaga Som ibn Nuh asos solgan boʻlib, u hozirgi Xivaq nomi ila mashhurdir“ deydi.

Xalq rivoyatlarida ham shaharning bunyod etilishi Nuh zamonlariga borib taqaladi. Bunda Nuhning oʻgʻli Som boʻlajak shahar yoniga kelib quduq qazdirgan va shu bilan Xivaga asos solgan. Haqiqatan ham Xivaning Ichan qalʼasida qadimiy Xeyvaq (Xivak) qudugʻi saqlanib qolgan.

Xiva haqidagi dastlabki ishonchli maʼlumotlar X asrdan boshlab arab va fors tilidagi tarixiy-geografik manbalarda uchraydi.

Istaxriy (930) Xivani oʻsha davrdagi eng yirik 30 ta shahar roʻyxatiga kiritgan. U. Xivani Hazoraspdan 8 farsax masofada Jurjoniya (Gurganj) yoʻlida joylashganligini qayd qiladi. Muqaddasiyning maʼlumotlariga koʻra esa Xiva bilan Hazorasp oʻrtasidagi masofa 8 dovon (10 farsax)dan iborat boʻlgan. Xiva Yoqut Xamaviy (XIII-asr), Nizomiddin Shomiy (XIV-asr) asarlarida ham karvon yoʻlida joylashgan shahar sifatida eslatib oʻtiladi.

Xiva oʻzining tarixiy oʻtmishi, meʼmoriy tuzilishi, obidalarining yaxlit saqlanganligi jihatidan mazkur qad. shaharlar orasida alohida oʻrin tutadi. Yer kurrasida mashhur boʻlgan Qohira shahriga tengdosh boʻlgan bu shaharning Ichan qalʼa qismi (1990) Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan 100 shahar boʻlib, dunyoga al-Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Shihabuddin Xivaqiy, Pahlavon Mahmud, Muhammad Rahimxon (Feruz), Munis va Ogahiy kabi buyuk zotlarni yetkazib bergan azim zamin hisoblanadi.

Miloddan avval 5-asr oxirigacha Xiva Xorazm tarkibida Ahamoniylar davlati tasarrufida, soʻngra mustaqil Xorazm davlati tarkibida boʻlgan. Ilk oʻrta asrlarda Xiva orqali Sharqni Gʻarb bilan bogʻlovchi Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. 4-asr boshlaridan Xiva – Xorazm bilan birga Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan. Budavrda u qalʼa devori bilan oʻrab olingan.

712-yil Xivani arablar istilo qilgan. Arab sayyohlari Istaxriy va Muqaddasiy qoʻlyozmalarida keltirilishicha, Xiva 10-asrda Xorazm vohasida eng yirik shaharlardan biri boʻlgan. 1221-yildan moʻgʻullar imperiyasi, 1388-yildan temuriylar davlati tarkibida, 16-asr boshlaridan 1920-yil 2-fevralgacha Xiva xonligi poytaxti boʻlgan. Xonlik 1873-yil rus qoʻshinlari tomonidan zabt qilinib, Gandimiyon shartnomasiga koʻra, Rossiya imperiyasi protektoratiga aylantirilgan. 1920-24-yillarda Xiva Xorazm Xalq Sovet Respublikasi poytaxti boʻlib turgan.

Xivani arxeologik jihatdan oʻrganish qisman S. P. Tolstov, Yahyo Gʻulomov, A. I. Terenojkin va boshqa tomonidan 20-asr oʻrtalarigacha olib borilgan. 1984-1993-yillarda arxeologik kazishma ishlari rejali ravishda keng miqyosda olib borildi. Qazishmalar Oʻzbekiston Fanlar Akademiasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi arxeologlari va xorazmlik arxeologlar hamkorligida amalga oshiridi. Shahar hududida 6 ta stratigrafik qazilma va 7 shurf belgilandi. Xivaning qadimiy qismi – Ichan qalʼada 1200 m² boʻlgan maydon qazib oʻrganildi. Arxeologik ashyolarning 7 metrgacha chuqurlikdan topilganligi, shaharning paydo boʻlish davri qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Shahar tarixiy taraqqiyotining ilk davrida Ichan qalʼa oʻrnida odamlar yashay boshlagan. Arxeologik materiallarning shahodaticha, bu davr miloddan avval 5-asrga toʻgʻri keladi. Kulolchilik charxida tayyorlangan sopol buyumlar majmuasi, shuningdek, paxsa devor qoldiqlari shu davrga mansub. Miloddan avval 5-asr oxirida Xorazm Eronning siyosiy tazyiqidan xalos boʻlgach, Xivada shahar sistemasining asosiy elementlari shakllana boshladi.

Miloddan avval 4-3-asrlarda qalʼa atrofi 2 qavatli qalin devor bilan oʻrab olindi. Devor oldin paxsa, uning ustiga xom gʻisht terilib, bunyod etilgan. Gʻishtlarning aksariyatiga tamga bosilgan. Devor orasida (ichida) eni 2 m li yoʻlak boʻlgan. Devor boʻylab, har 22- 27 m masofada minoralar tiklangan. Devordagi minoralar toʻgʻri burchakli boʻlgan. Qalʼa devorining butun tizimi asosiy devordan 4,4-8,5 m masofadagi qoʻshimcha toʻsiq – devor bilan oʻrab chiqilgan.

Devor ichi va yoʻlaklardan topilgan sopol buyumlar miloddan avval 4-3-asrlarga taalluqli. Boʻyin qismi ingichka, nozik kilib ishlangan xum va xumchalarning sirtiga och pushti rangda gul naqshi solingan. Yana bir nodir topilma – koʻzachaning sher kallasi shaklidagi dastasidir. Qadimiy qalʼa devori va yoʻlaklar Xiva oʻsha davrda vohada yirik shaharlardan biri sifatida Xeykaniq (Polvonyop) kanali sohillari hamda sohilga yaqin hududlarni nazorat qilib turganligini tasdiqlovchi dalildir.

Xiva dastlab agrarhunarmand shahar sifatida rivojlandi. Miloddan avval 2-asrda Xivaning katta qismi qum ostida qolgach, aholi shaharni tark etdi. Ichan qalʼa devorlari vayron boʻldi.

Milod boshlarida shaharda hayot yana tiklana boshladi. Qalʼa devorining gʻarbiy qismida ark bunyod etildi. 1-3-asrlarda (Kushonlar davri) Xiva Ichan qalʼa devorlari tashqarisidan qalin gʻishtin devor bilan mustahkamlandi, natijada shahar devori qalinligi 7,5- 9 m ga yetdi.

Arxeologik tadqiqotlarning koʻrsatishicha, milodiy 4-5-asrlarda shaharni yana qum bosgan. 6-8-asrlarda Xiva qayta tiklana boshladi. Xiva xududida zamindorlarning dastlabki koʻshklari paydo boʻla boshladi. Ichan qalʼada shunday koʻshklardan 2 tasi topilgan.

Etimologiyasi

tahrir

Xiva nomi dastlab Xivak deya aytilgan. Mahalliy aholi Xiva soʻzini Xavo soʻzidan kelib chiqqan daydi. Aholi oʻrasida Xeyvak soʻzining asl maʼnosi Xey-voh boʻlgani yaʼni charchagan va chanqagan yoʻlovchi suv topganidan soʻng shu soʻzni aytgan deydi[3]. Z.Doʻsimovning fikriga koʻra, nomning etimologiyasini Xorazmiy tilidan izlash kerak, chunki nomning qadimiyligi buni taqozo qiladi. Xorazmiy tili bilan qarindosh deb hisoblangan osetin tilida koʻpgina xorazmiy soʻzlar saqlangan. Bu toponimiyada ham oʻz aksini topadi. Nuxos, Pirnaxos, Darxos toponimlari Osetiyada ham uchraydi. Shunday ekan, Xiva toponimini hozirgi Osetiya toponimiyasidagi Xiauv – „qishloq“ soʻzi bilan bogʻlash mumkin. Demak Xiva atamasi kichik qishloq maʼnosini anglatadi[4]. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati kitobida Xiva soʻzi xiauv – qoʻrgʻoncha, kichik qal’a degan maʼnoni anglatadi deyilgan[5]. Rus olimi N. I. Berezin oʻz asarida Xiva atamasini Xayva yoki Xavak soʻzlaridan kelib chiqqandeydi. Bu soʻzlarni quruq boʻshliq qoʻrgʻon deya talqin qiladi[6].

IX-XIII asrlarda

tahrir
 
Xiva manzarasi

Shahar Xorazmshoxdar davri (12-13-asr boshi) ravnaq topib, hududi kengaydi. 1220-21 yillarda Xiva Chingizxon qoʻshinlari tomonidan vayron etildi. Keyinroq qayta tiklana boshladi. Hunarmandchilik (kulolchilik, koshinkorlik va boshqalar) rivojlandi.

Oʻzbek xonliklari davrida

tahrir

1511-yilda Xiva arabshohiylar oʻzbek sulolasi boshqargan davlat tarkibiga kirdi. 1598-yilda, shahar ilk marta Xiva xonligining poytaxtiga aylanganda, bu kichik mustahkam shahar edi. Abulgʻoziyxon (1643-1663) davrida Xivaga poytaxt maqomi berildi.

16-19-asrlarda shahar jadal taraqqiy eta bordi. Quyi Volga, Oʻrta va Yaqin Sharq shaharlari bilan savdo aloqalari oʻrnatildi.

17-asrda yashab oʻtgan Mahmud ibn Valiy bu shahar toʻgʻrisida shunday yozadi: „Xiva keng va bahavo shahar. U shayx Najmiddin Kubroning vatanidir“. Abulgʻoziy Bahodirxonning „Shajarai turk“ va „Shajarai tarokima“ asarlaridagi Xiva xususidagi fikrlari ham ana shu davrga mansub.

Xiva 16-asrning 2-yarmidan Xorazmning poytaxtiga aylangach, har tomonlama rivojlandi. Meʼmoriy qiyofasi ham oʻzgara bordi. Shahardan oʻzaro koʻndalang kesishgan 2 ta katta koʻcha va 4 darvoza (Otadarvoza, Polvondarvoza, Bogʻchadarvoza, Toshdarvoza) orqali Dishan qalʼa (rabod) ga chiqiladi. Ichan qalʼa devorining uzunligi 2200 metr, balandligi 6- 8 metr, tag zaminining qalinligi 5-6 metr. Qalʼa toʻgʻri toʻrtburchak shaklida qurilgan boʻlib, uzunligi 650 metr, eni 400 metr, jami 26 gektar maydonga ega.

Xivaning rabod qismi Dishan qalʼa 1842-yil Olloqulixon davrida (1825- 42) baland devor bilan oʻrab olingan. Oʻsha davrda Ichan qalʼada 33 mahalla (machitqavm) va Dishan qalʼada 34 mahalla boʻlgan. Mahallalar nomi shu yerda yashayotgan aholining kasbkori (Chitkarlik, Elakchilik, Kulollar, Misgarlik, Gʻassollar) yoki shaxs lavozimi (Otamurod qushbegi, Yoqub mehtar, Yusuf yasovulboshi) bilan atalgan. Shaharda 109 kattakichik koʻcha, 79 masjid va 120 qorixona boʻlgan. Xivada 19-asr oʻrtalarida 20 ming kishi yashagan. Shahar, asosan, 19-asrning 2-yarmidan kengaya bordi.

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida

tahrir
Fayl:Costumes of Uzbek men.jpg
Xiva oʻzbeklari, 1913-yil.

1874-yilda shahar maʼmuriy jihatdan Qumyosqa, Kaptarxona, Oʻr, Koʻhnabozor, Kaltaminor, Amin chorsu, Mevaston, Qoraaʼlam va Yangi qalʼa mavzelariga boʻlingan. Xiva xonning „mulki xolisasi“ hisoblanib shaxsan uning oʻzi tomonidan boshqarilgan. 19-asr oxiri – 20-asr boshlarida Xivada 64 Madrasa, 79 masjid boʻlgan. 1924-yil shaharda olingan aholi roʻyxatida 4029 xonadonda 18145 kishi qayd qilingan.

Xivaning ilk tarixi 1740-yilda chizilgan. Shahar tarhi uzunasiga 1000 metr, eniga 400 metr boʻlib, 40 gektar maydonni egallagan. Uning butun tevarak atrofi suvli xandaq bilan oʻrab olingan. Shaharga sharq tomondan maxsus koʻprik orqali kirish mumkin boʻlgan. Koʻprik kechalari koʻtarib qoʻyilgan. Koʻprik yonidagi darvozadan boshlangan katta koʻcha toʻppatoʻgʻri Ark darvozasiga borib taqalgan. Ark shaharning gʻarbiy qismida joylashgan. Shaharning asosiy koʻchasi uni 2 qism (shimol va janub) ga ajratgan. Arkda xon saroyi, haramxona, aslahaxona boʻlib, ular maxsus qalʼa devori bilan oʻralgan. Lekin, oʻsha davrdagi baʼzi inshootlar chizmaga kirmay qolgan. Shaharning yana bir tarhi Rossiyadan maxfiy topshiriq bilan kelgan topograf G. N. Zelenin tomonidan 1839-yilda chizilgan. Zeleninning maʼlumotlariga koʻra, shaharda oʻsha davrda 17 ta masjid, 22 ta mahalla va 260 savdo rastasi boʻlgan. Shaharning juda aniq va mukammal boʻlgan soʻnggi tarhi 1873 yilgi rus istilosidan soʻng rus topograflari tomonidan tuzilgan va oʻsha yiliyoq „1873-yilgi Xiva yurishlari“ maqolasiga ilova tarzida bosilgan.

Bu davrda ilk oʻzbek matbaachisi va noshiri Otajon Abdalov (1856-1939) oʻz faoliyatini boshladi. Matbaachilik faoliyatini 1874-yildan Xiva shahrida Xiva xoni Muhammad Rahimxon II saroyida tashkil etilgan toshbosmada ishlashdan boshlagan. Otajon Abdalov 1876-yilda Abdunosir Farohiyning „Nisabussibyon“ asarini toshbosmada bosib xonga taqdim etdi. Bu kitob Xivadagina emas, balki butun Oʻrta Osiyo miqyosida birinchi bosma kitob hisoblanadi.

Asfandiyorxon (1910—18) Rossiyadagi oʻzgarishlar sabab Xiva xonligida zulmni kuchaytirgan. Shu bilan birga Rossiya hukumati talabi bilan 1910—13 yillarda vazir Islomxoʻja boshchiligida islohotlar oʻtkazishga harakat qilgan.

Meʼmoriy ansamblining yaxlitligi jihatidan shahar Oʻrta Osiyoda yagona hisoblanadi. 1967-yilda Oʻrta Osiyoda ilk bor Xivaning Ichan qalʼa (shahriston) qismi tarixiymeʼmoriy yodgorliklar qoʻriqxonasi deb eʼlon qilindi. Xivaning jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan oʻrni YUNESKO Bosh konferensiyasining (1995-yil oktabr-noyab.) 28sessiyasida alohida qayd qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 3 yanvardagi qarori bilan Xivaning 2500-yilligi 1997-yilda jahon miqyosida keng nishonlandi.

Sanoat va ishlab chiqarish

tahrir

Shaharda „XivaKarpet“ qoʻshma korxonasi, sopol buyumlar, paxta tozalash, gʻisht zavodlari, tikuvchilik, „Xiva gidami“ aksiyadorlik jamiyati va boshqa gilam toʻqish korxonalari, non kti, dehqon bozori, madaniy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. Urganch universitetining agromenejment fti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Xorazm Maʼmun akademiyasi boʻlimi, Qoraqum ilmiy tadqiqot stansiyasi, pedagogika, tibbiyot, turizm kasb-hunar kollejlari, kasbhunar litseyi, gimnaziya, 15 umumiy taʼlim maktabi, mehribonlik uyi, 2 maxsus internat, viloyat qoʻgʻirchoq teatri, sanʼat maktabi, 2 kutubxona va uning tarmoqdari, madaniyat va istirohat bogʻi mavjud. AlXorazmiy, Feruz yodgorliklari, birinchi oʻzbek kinooperatori Xudoybergan Devonov muzeyi, markaziy stadion, sport majmuasi, tennis korti, sport zallari va boshqa sport inshootlari bor.

Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, tugʻruqxona, bolalar kasalxonasi, tish davolash markazi, markaziy dorixona, xususiy dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar mavjud.

Tarixiy-meʼmoriy obidalardan Sayd Aloviddin maqbarasi, Pahlavon Maxmud majmuasi, Juma masjid, Koʻhna Ark, Oqshayx bobo koʻshki, Toshhovli, Nurullaboy saroyi, Muhammad Aminxon madrasasi, Muhammad Rahimxon madrasasi, Islomxoʻja madrasasi va minorasi, Olloqulixon madrasasi, Qutlugʻmurod inoq madrasasi, Olloqulixon karvonsaroyi va timi, Anushaxon xammomi, Oq masjid, Polvon darvoza, Ota darvoza, Bogʻcha darvoza, Tosh darvoza, Hazorasp darvoza, Kush darvoza va boshqa saqlanib qolgan.

Shaharda „Xiva-Sharq gavhari“ jurnali (2001-yildan), „Xiva tongi“ tuman gaz. nashr etiladi. Shahar jahon turizmi markazlaridan birga aylangan. Xivaga har yili 200 mingdan ziyod sayyoh, shu jumladan, 7 mingga yaqin xorijlik sayyoh va mehmonlar tashrif buyuradi. Shaharda „Oʻzbekturizm“ milliy kompaniyasiga qarashli va bir necha xususiy mehmonxonalar ishlab turibdi.

Xivadan Urganch shahriga trolleybus katnovi yoʻlga qoʻyilgan (1997). Xiva-Toshkent, Xiva-Buxoro, Xiva-Navoiy-Samarqand-Toshkent yoʻnalishida, shuningdek, Urganch, Qoʻshkoʻpir, Yangiariq, Bogʻot, Hazorasp va viloyatdagi boshqa shahar va yirik aholi punktlariga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi.

Xivaning tarixiy va arxitektura yodgorliklari

tahrir
 
Xiva shahriga kirishdagi yoʻl belgisi
  • Ichan-Qalʼa: Masjid va Saidboy madrasasi (18asr oxiri – 19asr boshlari)
  • Polvon Darvoza darvozasi atroflari
  • Allaqulixon madrasasi (1834/35)
  • Qutlugʻ Murod Inoq madrasasi (1804/12)
  • Tim va Allaqulixon Karvon saroyi (19asr)
  • Abdullaxon madrasasi (1865)
  • Anushxon masjidi va saroyi (1657)
  • Tosh Hovli(Allaqulixon saroyi) (1830/36)
  • Oq masjid (1832/42)
  • Juma masjid minorasi (1788/89)
  • Said Alovuddin maqbarasi (14asr)
  • Muhammad Aminxon madrasasi (1851/52)
  • Kalta Minor minorasi (1855)
  • Koʻhna Ark (1868/88)
  • Toʻra Murodtur minorasi (1888)
  • Muhammad Aminxon madrasasi (1871)
  • Shergʻozixon madrasasi (1718/20)
  • Bogʻlandi masjidi (19asr)
  • Arabxona madrasasi (1838)

Adabiyotlar

tahrir
  • Gulyamov Ya. G., Pamyatniki goroda Xivi, T., 1941; Abdurasulov A., Xiva, T., 1997; Zaxidov P.Sh., Xiva, T., 1980; Mamedov M. A., Muradov R. G., Srednevekovie pismennie istochniki o drevnem Urganche, Ashxabad, 2000.

Manbalar

tahrir
  1. „arxiv nusxasi“. 2022-yil 25-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-may.
  2. Abdurasulov, Abdulla; Karimov, Ibrohim. „Xiva“ OʻzME. X-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
  4. Doʻsimov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lugʻati, –T., 1977.
  5. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati. Toʻra Nafasov, Vazira Nafasova. Toshkent. 2007.
  6. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.