Ota darvoza

Ichan qalʼaning gʻarbiy darvozasi

Ota darvoza – Ichan qalʼaning gʻarbiy darvozasi. Olloqulixon hukmronligi davrida qurilgan (182829). Shermuhammad ota nomi bilan ham atalgan. Ota darvoza Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻtxati“ga kiritilgan[1]. Shuningdek, Xiva shahrining tarixiy yodgorligi sifatida YuNESKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga ham kiritilgan[2].

Ota darvoza
oʻzbekcha: آته‌ دروازه‌

Ota darvoza va Kaltaminor
Muqobil nom(lar)i Shermuhammad ota darvozasi
Joylashuvi
Manzil Xiva shahri
Hudud Xorazm viloyati
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°22′43″N 60°21′26″E / 41.37859824937195°N 60.357101639944915°E / 41.37859824937195; 60.357101639944915
Umumiy maʼlumotlar
Qurdirgan hukmdor Olloqulixon
Qurilishi boshlangan 1828-yil
Qurib bitkazilgan 1829-yil
Buzilgan yili 1920-yil buzilgan, 1975-yil qayta tiklangan
Qalʼa (shahar) Ichan qal’a
Arxitekturasi
Qurilish materiali pishgan gʻisht
Gumbazlar soni 2 ta
Map
Ota darvoza xaritada
Ota darvoza

Tarixi

tahrir

Ota-darvoza Xiva xoni Olloqulixon davrida 1828—1829-yillarda qurilgan. Darvozaning ichki qismida 13 ta savdo qatori va yopiq bozor chorsu[3] boʻlgan. Darvozaning oʻng tomonida Muhammad Aminxon madrasasi, chap tomonida xon saroyi Koʻhna ark joylashgan edi.

Shahar darvozalari mudofaa tizimining bir qismi edi. Ota darvoza misolida koʻrish mumkinki, ularning arkli oʻtish joyining ikki tomonida kuzatuv minoralari, darvoza ustida kuzatish maydoni ham bor.

Darvoza ichida bojxona va sarrofxona (pul almashish xonasi), shuningdek, darvozabon uchun xona bor edi. Binoning kattaligi va strukturaning oʻlchamlari Xiva xonligining 19-asrda qurilgan boshqa darvozalariga oʻxshab ketadi. Strukturaning barqarorligini taʼminlash uchun gʻishtlarning ogʻirligini hisobga olgan holda darvoza arklarining shakli ishlab chiqilgan. Terilgan gʻishtlar qatoriga yogʻoch toʻsinlar kiritib chiqilgan. Kichik gumbazlarni qurishning bu usulida „davra“ va „balxa“ shaklida gʻisht teriladi. Shu bilan birga, binoning ichki qismi suvoq qilingan[4].

Ota darvozaning asl qiyofasi saqlanib qolmagan, darvozalari 1920-yilda vayron qilingan. Ota darvoza 1974—1978-yillarda arxiv materiallari asosida qayta tiklandi.

Meʼmorchiligi

tahrir

Darvozaxona toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (17,50×15,40 m), ichkarisi uzun dalon boʻlib, usti ikki katta gumbaz (diametri – 15,07 m) bilan krplangan. Da-lonning 2 tomonida bir-biriga oʻtiladigan oldi ochiq, gumbazli xonalar darvozabonlar xonasi vazifasini oʻtagan. Xonalarning biridan hujraga oʻtiladi. Hujradagi aylanma zinadan tomga chiqiladi. Darvoza peshtogʻi baland boʻlib, ikki yon tomonini guldastalar egallagan. Peshtoqining ravokli darchalari guldastalar qafasasi bilan bir balandlikda boʻlib, kunguralar bilan yakunlangan. Darvoza barglari oʻyilgan gul naqshlari („islimi“) va geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Markaziy qismdagi ikkala darvozaning barglari bir xil nisbat va oʻlchamdagi teng qirrali toʻrtburchaklar bilan bezatilgan boʻlib, ularda sakkiz burchakli yulduzlar tasviri bilan doiralar yozilgan. Oʻng qanotdagi doira ichida arab tilida Qur’onning „Ixlos surasi“, chap qanotida „Kalimai shahodat“ „La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh“ soʻzlari yozilgan. Biroq, bu eshiklar binoning haqiqiy eshiklari emas, ular ilgari Muhammad Aminxonning 1850-1851-yillardagi Xiva yaqinidagi Angarik qishlogʻida qurilgan saroyi hovlisiga oʻrnatilgan edi[5]. Ota darvozaning dastlabki koʻrinishi saqlanmagan, arxiv materiallari asosida qayta tiklangan (1974). 1978-yildan doʻkon uchun moslashtirilgan.[6]

Manbalar

tahrir
  1. „МОДДИЙ МАДАНИЙ МЕРОСНИНГ КЎЧМАС МУЛК ОБЪЕКТЛАРИ МИЛЛИЙ РЎЙХАТИНИ ТАСДИҚЛАШ ТЎҒРИСИДА“. Qaraldi: 14-oktabr 2023-yil.
  2. Centre, UNESCO World Heritage „Itchan Kala“ (en). UNESCO World Heritage Centre. Qaraldi: 2023-yil 13-oktyabr.
  3. " Ouzbékistan ", guide Le Petit Futé, édition 2012, 260 bet
  4. „Ата Дарваза“. meros.uz. Qaraldi: 2023-yil 13-oktyabr.
  5. Bobojonov D, Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. Xorazm Ma'mun akademiyasi nashriyoti 2008 — 15-bet. 
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil