Kabarda-Bolqoriya hududida mezolit va neolit davrlariga oid yodgorliklar topilgan. Kabardinlarning ajdodlari — adigelar (sind, meot, zix, kerket qabilalari) Azov va Qora dengiz soqillarida yashagan. Mil. av. 1-ming yillik oʻrtalarida sindlar yagona davlatga birlashdi. Keyinchalik ular Bospor podshohligiga qoʻshildi. 4-asrda xunlarning bostirib kelishi natijasida adige (adigey)larning rivojlangan xoʻjaligi va madaniyati tushkunlikka uchradi. Shimoliy Kavkaz va alan qabilalarining bolgarlar va qipchoqlar bilan aralashuvi natijasida bolqor xalqi vujudga keldi.

13-asr boshlarida moʻgʻullar bostirib kelgach, bolqorlar togʻlarga koʻchib ketishga majbur boʻlishdi. Moʻgʻullar mahalliy aholidan koʻp kishini qirib yubordi. 13—14-asrlarda adigelarning bir qismi kabardinlar deb atala boshladi. 17-asrda Kabarda Katta Kabarda va Kichik Kabardaga boʻlindi. 1557 yili Kabardani Rossiya bosib oldi. 1774 yilda Kabarda Rossiyaning ajralmas qismi deb eʼlon qilindi. 1827 yilda Rossiyaga Bolqoriya ham qoʻshib olindi.

Modern Kabardino-Balkaria

1918 yili 21 martda Shoʻro hokimiyati eʼlon qilindi. 1920 yilning mart oxirigacha fuqarolar urushi davom etdi. 1921 y ili1 sentyabrda RSFSR tarkibida Kabarda muxtor viloyati, 1922 yil 16 yanvarda birlashgan Kabarda-Bolqoriya muxtor viloyati tuzildi. 1936 yili 5 dekabrda Kabarda-Bolqoriya Muxtor Respublikasi deb ataldi. Kabarda-Bolqoriya 1942 yili oktyabrda nemislar tomonidan bosib olindi. 1943 yili yanvarda ozod etildi. 1944 yilda bolqorlar Ikkinchi jahon urushi davrida nemis bosqinchilariga yon bosdi degan tuhmat bilan zoʻrlab Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonga koʻchirildi. Kabarda-Bolqoriya muxtor respublikasi Kabarda muxtor respublikasi deb atala boshladi. 1957 yil bolqor xalqining milliy muxtoriyati tiklandi va Kabarda muxtor respublikasi yana Kabarda-Bolqoriya Muxtor Respublikasiga aylantirildi. 1991 yili yanvarda Kabarda-Bolqoriya Oliy Kengashi davlat suvereniteti haqida deklaratsiya qabul qildi, 1992 yilning fevralidan Kabarda-Bolqoriya Respublikasi deb atala boshladi. [1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil