Qarilik
Qarilik, keksalik (qarish) — organizm hayotining yoshga bogʻliq muayyan bir davri, muqarrar ravishda yuz beradigan jarayon.
Aʼzo va sistemalarda oʻziga xos oʻzgarishlar roʻy berib boradi, bu esa asta-sekin organizmning hayotga moslashuv imkoniyatlari susayishiga olib keladi. Odamlarning qarilik davri 75 yoshdan keyin boshlanadi (90 yoshdan oshgan kishilar uzoq umr koʻruvchilardir), bu fiziologik Qarilikdir bunda aqliy va jismoniy quvvat, maʼlum ish qobiliyati, xushchaqchaqlik va atrofga qiziqish saqlanadi. Turli noxush tashqi va ichki taʼsirotlar barvaqt yoki patologik qarishga olib keladi. Odatda, qarishning dastlabki belgilari odamda yetuklik davridan (shartli ravishda 60 yoshdan) soʻng boshlanadi. Lekin aslini olganda, qarish organizmning oʻsishi va rivojlanishi toʻxtagandan keyin sezila boshlaydi. Masalan, 30—35 yoshlarda biologik jarayonlarning faollik darajasi pasaya boshlaydi. Qarish turli toʻqima va aʼzolarda bir vaqtda boshlanmaydi va turli darajada kechadi, u organizm hujayralari yashash xususiyatlarining asta-sekin susaya borishidan iborat. Dastlab qarilik tufayli boshlangan oʻzgarishlar amalda organizmning hayot sharoitlarining keskin oʻzgarishlariga moslashuvchanlik jarayonini buzmasada, ammo borabora yosh ulgʻayib, oʻzgarishlar kuchayganda organizm bunga endi ancha qiynalib moslashadi. Xususan, bu kasallik davrida, jismoniy va ruhiy zoʻriqishlarda bilinadi. Qarish jarayoni, birinchi navbatda, yuraktomir va nerv sistemasiga taʼsir qiladi; bunda bir faoliyatdan ikkinchisiga oʻtish qobiliyati qiyinlashadi. Tormozlanish jarayonining yetarli boʻlmasligi nerv sistemasi qoʻzgʻaluvchanligining oshishiga olib keladi, shu tufayli atrofdagi narsalarga moslanish va javob reaksiyalari sust ishlanib, sekin yoʻqoladi; emotsional beqarorlik kuchayadi. Qarilik qoʻpincha turli xil surunkali kasalliklar bilan kechadi, bu barvaqt qarib qolishga olib kelishi mumkin. Umuman yoshga xos oʻzgarishlar bilan kasallanish oʻrtasida maʼlum darajada bogʻliklik bor. Qarilikda organizmning moslanuvchanlik va tiklanish imkoniyatlari susayadi, bu — kasalliklarning avj olishiga va ularning ancha ogʻir oʻtishiga sabab boʻladi. Shuning uchun kasallikning oldini olish barvaqt qarishga yoʻl qoʻymaslikka yordam beradi. Hozirgacha Qarilik sabablari toʻgʻrisida aniq fikr yoʻq, lekin u bir qadar irsiyatga ham bogʻliq. Baʼzi oilalarda uzoq umr koʻruvchilarning nasldannaslga oʻtganligi maʼlum. Ayollarda qarilikning erkaklarga nisbatan kechroq kuzatilishi genetik apparatning xususiyatlariga va boshqalar omillarga (mas, ayollarda chekish, spirtli ichimliklar ichish kam) ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Maʼlumki, qarilik surʼati turlicha boʻladi: baʼzilarda 75—80 yoshda, hatto ancha keyin ham turli ishlar bilan shugʻullanish uchun kuchquvvat va imkoniyat boʻladi. Biroq yosh oʻtishi bilan barcha odamlarda mehnat qobiliyati pasayadi, salga toliqadi. Shu sababli, yosh oʻtganda kishining ahvoli yaxshi boʻlsa ham ogʻir ish qilmaslik kerak. Qarilik davrida ovqatlanish, mehnat va dam olish rejimiga qatʼiy rioya etish, uxlashdan oldin ozroq sayr qilish, chiniqish muolajalari va boshqalar katta ahamiyatga ega. Biroq chiniqish muolajalari turini va muddatini, albatta, vrach bilan maslahatlashib olgan maʼqul. Aytib oʻtilganlarga amal qilish barvaqt qarilikning oldini oladi va uning maromida kechishiga, shuningdek, odamning jismoniy va maʼnaviy imkoniyatlarini iloji boricha saqlab qolishga olib keladi. Qarilik sabablari va sirasrorlarini gerontologiya, ularda kechadigan kasalliklarni esa geriatriya fani oʻrganadi[1].
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrirVikiiqtibosda Qarilikga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |