Koinot

olam murakkab va tartibli tizim oʻlaroq koʻrilganda unga beriladigan nom

Koinot (qadimgi yunoncha: κόσμος, /ˈkɒzmɒs/, AQSh shuningdek /-ms, -məs/)[1] – makon va zamonda bepoyon borliq, cheksiz moddiy olam. Bu oʻrinda „kosmos“ soʻzidan foydalanish olamni murakkab va tartibli tizim yoki mustaqil birlik sifatida koʻrishni anglatadi[2]. Har xil alohida jismlarni, ularning sistemalarini, moddalarning harakati jarayonida vujudga keladigan kosmik obyektlarni (Yerga Qaraganda bir necha million marta katta) oʻz ichiga oladi. Olamda sodir boʻladigan turli hodisalar oʻzaro bogʻliq va bir-birini taqazo etadi. Ular fazo va vaqtga bogʻliq holda rivojlanadi. Bu aloqalarga boʻysunadigan qonuniyatlarni oʻrganish tabiatshunoslikning asosiy vazifasidir. Moddaning koinotda makon va zamonda taqsimlanishi, turli kosmik jismlar va ularning tizimlari astronomiyada, koinotning umumiy tuzilishi, oʻtmishi va kelajagiga oid masalalar kosmologiyada oʻrganiladi.

Flammarion oʻymakorligi, Parij 1888-yil

Etimologiyasi

tahrir

Kkosmoῖn (kkomoeῖn) feʼli odatda „tashkil qilmoq, tayyor holga keltirmoq“, ayniqsa, „buyurmoq va tartibga solmoq (jang uchun qoʻshin yigʻish maʼnosida), (qoʻshin) shakllantirmoq“ maʼnosida qoʻllangan. Shuningdek, „(hukumat yoki muvaffaq rejim) oʻrnatish“, „pardozlanish, kiyinish“ (ayniqsa ayollar) singari maʼnolarda ham ishlatilgan. Shunday qilib, „kosmos“ soʻzi „naqsh, bezak“ degan maʼnoni anglatadi[3]. Faylasuf Pifagor olam tartibini ifodalash uchun kosmos (qadimgi yunoncha: κόσμος, lotincha kósmos) atamasini qoʻllagan[4]. Anaksagor keyinchalik hamma narsani tartibga soluvchi Kosmik aql (Nous) tushunchasini fanga kiritgan[5]. Zamonaviy yunon tilida κόσμος atamasi „tartib, toʻgʻri tartib, tartibli ketma-ketlik“ singari soʻzlar bilan maʼnodosh sifatida qoʻllanadi. Kosmos birlamchi „olam, dunyo“ maʼnosini anglatish bilan bir qatorda „odamlar“ (birgalikda) maʼnosini ham anglatadi.

Tarixi

tahrir

Jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida insoniyat koinotning biror chegarasini oʻrgana olgan. Koinot usullari va astronomik asboblar takomillashgan sari, koinotni kuzatish chegaralari kengayib, tadqiqotlar yanada chuqurroq, insoniyat bilimi haqiqatga yanada yaqinroq boʻlib borgan. Dastlab, inson oʻzi yashab turgan joy va uning yaqin atrofini, osmonda koʻzga tashlanib turadigan jismlarni birgalikda koinot deb tushungan. Yerning sharsimonligi maʼlum boʻlgandan keyin markazda Yer va uning atrofida aylanuvchi gʻoyat katta osmon gumbazi koinot hisoblangan. Beruniy, Ulugʻbek, Nicolaus Copernicus, Giordano Bruno, Galileo Galilei, Kepler Iogann, Isaak Nyuton va boshqalarning ishlari koinot haqida tasavvur hosil qilishda haqiqiy inqilob boʻldi, hamda Yerning koinotdagi vaziyati haqidagi, sayyoralarning harakat qonunlari haqidagi va boshqa fanlarga asos solindi. Quyosh sistemasi haqida haqiqatga birmuncha yaqin tasavvur vujudga keldi. XIX asrda rus astronomi V. Ya. Struve, nemis astronomi F. Bessel va boshqa olimlar koinotni tadqiq etishda yangilik – yaqin yulduzlargacha boʻlgan masofani aniqlaydigan yangi sahifani ochdilar. Yulduzlarning sayyoralarga qaraganda koʻp marta uzoqligi aniqlandi. Galaktika haqida tushuncha paydo boʻddi. Faqat XX asrning 30-yillaridagina uning oʻlchamlari va tuzilishi haqida umumiy maʼlumotlar olindi. Bu davrda osmondagi tumansimon spiral va elliptik obyektlarning Galaktikadan tashqarida joylashganligi, ularning har biri Galaktikaga oʻxshash bir necha oʻn milliard yulduzdan tashkil topgan mustaqil galaktikalar ekanligi isbotlandi. Koinotni kuzatishdagi yangi texnik vositalar (kosmik zondlar, kosmik apparat) ning paydo boʻlishi yangi kashfiyotlarning yaratilishiga olib keldi. Masalan, Mars, Yer, Oy, Venera, Merkuriy, Yupiter va ularni qurshab olgan fazolar haqida koʻpgina yangi maʼlumotlar olindi. Yer sunʼiy yoʻldoshlardan foydalanish natijasida fanning amaliy tarmoqlari, xususan, kosmik yershunoslik – tabiiy muhit, yer resurslari, geografiya, geologiya, okeanshunoslik va boshqa masalalarni oʻrganuvchi fanlar majmui vujudga keldi. Navbatda ularning birgalikda olingan sistemasi – Metagalaktikank oʻrganish muammosi turadi. Astronomik asboblar bizdan bir necha mlrd. yorugʻlik yili uzoqlikdagi obyektlarni kuzatish imkonini beradi. 1963-yilda kashf qilingan kvazarlar bundan ham uzoqda joylashgan. Koinotning oʻrganilayotgan qismi chegaralanganligi uning makon va zamonda cheksizligiga zid boʻlmay, fan va texnikaning ayni paytdagi taraqqiyot chegarasini belgilaydi.

Koinotdagi moddalarning asosiy tarkibi plazmadan iborat. Biroq koinotda oʻta zich tabiatli („qora tuynuk“), shuningdek, asosan, aynigan gazlardan iborat boʻlgan obyektlar (neytron yulduzlar) ham bor. Yulduzlar va galaktikalarning oʻziga xos xususiyatlari uning sirtida portlashlar va moddalarning otilishi vaqtida yuqori faollik mavjudligi hisoblanadi (yangi yulduzlar, chaqnaydigan yulduzlar, yadrosi faol galaktikalar).

Yer materik jismlarining yoshi zamonaviy hisoblashlarga koʻra, oʻrtacha 4,6 mlrd. yilni, Quyoshniki – 5 mlrd. yildan ortiqni, Galaktikalarniki – 10 mlrd. yilni tashkil etadi.

Astronomiya fani Quyosh sistemasi, yulduzlar va galaktikalar olamidagi fizik qonuniyatlar va evolyusiya qonunlari hamda sabablarini oʻrganmoqda. Koʻpgina kosmik jismlar va ular sistemalarining tarkib topish jarayonlari juda sekin – millionlab va milliardlab yil davomida boradi. Quyosh sistemasining kosmogoniyayechni oʻrgana borib, uning tuzilishi va jismlarning hosil boʻlish tarkibi haqidagi maʼlumotlarga asoslanish mumkin.

Ilgari koinotdagi barcha jismlar massasi, asosan, yulduzlarda toʻplangan, sayyoralar va mayda jismlar (kometa, meteor jism, gaz, chang va boshqalar) uning ozgina qismini tashkil etadi deb faraz qilinar edi. Endilikda yulduzlarning paydo boʻlishi va taraqqiyotida galaktikalar yadrosi faol ahamiyati aniqlandi, noyob kvazarlar gravitatsion linzalar kashf qilindi. Koinot massasining asosiy qismi galaktikada toʻplangan deyish mumkin. Galaktikalarning oʻzaro uzoqlashishi galaktikalar kachonlardir bir joyda toʻplangan oʻta zich jiyemdan iborat boʻlganligidan dalolat beradi.

Adabiyotlar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Definition of COSMOS“ (2023-yil 20-iyun). 2023-yil 7-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-iyun.
  2. „Cosmos“. Dictionary.com. 2019-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 1-iyun.
  3. „Henry George Liddell, Robert Scott, A Greek-English Lexicon, κόσμος“. 2023-yil 22-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 22-yanvar.
  4. Iamblichus, Pyth., β 59; Aetius ΙΙ 1.1.
  5. Aetius Ι 3.5.