Komarovo

Igor Sklyar ijro etgan qoʻshiq

Komarovo“ (ruscha: Комарово) — sovet va rus aktyori hamda xonandasi Igor Sklyar ijro etgan qoʻshiq. Qoʻshiq kuyini Igor Nikolayev, matnini esa rus shoiri Mixail Tanich yozgan. „Komarovo“ qoʻshigʻi Sklyar repertuaridagi eng mashhur taronalarning biridir.

„Komarovo“
Igor Sklyar qoʻshigʻi
Chiqarilgan sanasi 1985
Davomiyligi 2:08
Matn muallif(lar)i Mixail Tanich
Bastakor(lar) Igor Nikolayev
Klipi
„Komarovo“ YouTubeda

Qoʻshiqda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga tegishli Komarovo aholi punkti haqida soʻz boradi. Komarovo Sankt-Peterburgga qarashli Kurotrniy rayon ichidagi aholi punkti boʻlib, unda qoʻshiqda taʼriflangan qoyalar yoʻq. Bundan tashqari, qoʻshiqda aytilganidek Komarovoda toʻfonlar kuzatilmaydi. Fin qoʻltigʻida joylashgan Komarovoda taniqli sovet olimlari, shoirlari hamda sanʼat arboblari hordiq chiqargan.

Qoʻshiqni Nikolayev harbiy xizmatda yurganida yozgan[1]. Sklyar qoʻshiqni hazil oʻlaroq yozib olganini, na Nikolayev, na oʻzi u ommalashishini kutmaganini aytgan. Qoʻshiqni ilk bor 1984-yilning 3-noyabrida Nikolayevning doʻsti, „Molodyojniy vecher v Ostankino“ (ruscha: Молодёжный вечер в Останкино) dasturi olib boruvchisi Dmitriy Poletayev dastur davomida ijro etgan[2].

1985-yil Sklyar qoʻshiqni „Chto? Gde? Kogda?“ oʻyinidagi tanaffus davomida ijro etishi ortidan butun Sovet Ittifoqi boʻylab shuhrat qozongan. 1985-yil „Nachni snachala“ (ruscha: Начни сначала) filmida hamda taniqli „Senimi, shoshmay tur!“ (ruscha: Ну, погоди!) multfilmining 16-seriyasida ishlatilganidan keyin yanada ommalashgan. Qoʻshiq keng tanilishi ortidan Sklyar aktyorlikdan butunlay voz kechib, xonandalik bilan shugʻullanish haqida oʻylay boshlagan, ammo pirovardida aktyorlik faoliyatini davom ettirgan.

Qoʻshiqni bir necha xonanda, jumladan, Ivanushku International guruhi, Maksim Galkin hamda Nikolayev ijro etgan. Xususan, Nikolayev qoʻshiqni 2012, 2018-yillarda shoir Tanich xotirasiga bagʻishlangan konsertlarda ijro etgan.

Manbalar tahrir

  1. „Как ради увольнительной родился хит про "Комарово"“ (ruscha). Nastroyeniye (23-avgust 2019-yil). Qaraldi: 10-iyul 2022-yil.
  2. „История песни Комарово“ (ruscha). Svirelin. Qaraldi: 10-iyul 2022-yil.

Havolalar tahrir

Ushbu maqolani tinglang (3 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 13-avgust, 2022-yil(2022-08-13) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.