Leksikografiya (qadimgi yunoncha: λεξικόν [leksika] va γράφω [grafiya] - yozu) — lugʻatlar tuzish, amaliy lugʻatchilik. Amaliy lug'atchilik lugʻatlar tuzish barobarida bir qator ijtimoiy muhim vazifalarni bajaradi: oʻz va oʻzga tillarni oʻrganish; ona tilini tavsiflash va meʼyorlashtirish (izohli, imlo va boshqa turdagi lugatlar yordamida); tillararo aloqa-munosabatni taʼminlash (ikki va koʻp tilli lugʻatlar, soʻzlashgichlar); muayyan til leksikasini ilmiy oʻrganish (etimologik, tarixiy lugʻatlar) va boshqa leksikografiya lugʻat tuzish ishi sifatida turli xalqlarda yozuv taraqqiyotining ilk bosqichlarida u yoki bu tushunarsiz (eskirgan, dialektal, maxsus yoki chet tilga mansub) soʻzning qanday maʼno anglatishini bilish ehtiyoji natijasida paydo boʻlgan. Dastlabki tuzilgan lugʻatlar umumlashgan, universal xususiyatga ega boʻlgan (lugʻatlarning turli shakllari, koʻrinishlari keyingi davrlarda yuzaga kelgan). Oʻzbek leksikografiyasi tarixi Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asaridan boshlangan deb aytish mumkin. Ushbu lugʻat faqat soʻzlar va ularning maʼnolarini tavsiflab qolmasdan, turkiy xalqlar tarixi, urf-odatlari, geografik joylashuvi kabi keng maʼlumotlar manbai hisoblanadi. Shu bilan birga u dastlabki ikki tilli (turkiycha-arabcha) lugʻatlardandir. Mahmud Zamaxshariy oʻzining "Asos ul-balogʻa", "Muqaddimat ul-adab" asarlari bilan ham amaliy, ham nazariy leksikografiyaning rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Alisher Navoiy ijodiga boʻlgan katta qiziqish XV asrdan keyingi davrda bir qancha lugʻatlarning yaratilishiga sabab boʻldi: "Abushqa" (XVI asr, Turkiya) izohli lugʻati, Tole Imoni Hiraviyning "Badoye ul-lugʻat", Muhammad Rizo Xoksorning "Muntaxab ul-lugʻot", Mirzo Mahdiyxonning "Sangloh", shuningdek, Muhammad Yoqub Chingiyning "Kelurnoma", "Sulaymon Buxoriyning "Lugʻati chigʻatoiy va turki usmoniy" ("Chigʻatoycha-turkcha lugʻat"), Ishoqxon Ibratning "Lugʻati sitta as-sina" ("Olti tilli lugʻat") kabi lugʻatlarini koʻrsatish mumkin. XIX asr oxiri va XX asr 1-choragida turli xil sabab va ehtiyojlar, davr taqozosi bilan Turkistonda ikki tilli L. rivoj topdi, oʻnlab ruscha-oʻzbekcha, oʻzbekcha-ruscha lugʻatlar, soʻzlashgichlar tuzilib nashr etildi. VM.Nalivkin va M.Na-livkinalarning 1884—1912-yillar mo-baynida bir necha marta nashr etilgan "Russko-sartovskiy i sartovsko-russkiy slovar" ("Ruscha-sartcha va sart-charuscha lugʻat"), Ashurali Zohiriy tomonidan 1927-yilda tuzilib, nashr ettirilgan 2 jildli "Ruscha-oʻzbekcha mukammal lugʻat" keyingi davrlarda Oʻzbekistonda yaratilgan ikki tilli lugʻatlar uchun asos boʻldi. Hozirgi kungacha 10 ga yaqin xorijiy til bilan oʻzbekchani qiyoslovchi koʻplab tarjima lugʻatlari, fan sohalariga oid 100 dan ziyod bir, ikki va uch tilli terminologik lugʻatlar yaratildi. Oʻzbek xalqi tarixida birinchi marta "Oʻzbek tilining izohli lugʻati" tuzilib, nashr etildi (1981). XX asr oʻzbek lugʻatchiligi rivojiga A.Zohiriy, A.Qodiriy, Ye.D.Polivanov, A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, S.Ibrohimov, Olim Usmon, Z.Maʼrufov, Sh.T. Rahmatullayev, N.Mamatov, A.Hojiyev, T.Aliqulov va boshqa munosib hissa qoʻshdilar. Respublika mustaqilligi tufayli oʻzbek L.si oldiga yangi davr talablariga javob beradigan ensiklopedik va lingvistik lugʻatlar yaratish vazifasi qoʻyilgan va bu vazifa oʻz oʻrni bilan amalga oshirilmoqda;2) tilshunoslikning lugʻatchilik nazariyasiga oid sohasi, lugʻatshunoslik; lugʻat turlari va ularni tuzishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Nazariy leksikografiya bir qancha muammolarni qamrab oladi: lugʻatlarning umumiy tipologiyasini va yangi turdagi lugʻatlarni ishlab chiqish; lugʻat makrostrukturasini ishlab chiqish (soʻzlarni tanlab olish, soʻz va lugʻat maqolalarini joylashtirish tartibi, omonimlarni belgilash, lugʻat tarkibiga havola materiallarni kiritish); lugʻat mikrostrukturasini, yaʼni har bir lugʻat maqolasini ishlab chiqish (soʻzga grammatik va fofuudfynetik izoh berish, soʻz maʼnolarini ajratish va tasniflash, dalil sifatidagi illyustratsiyalar turlari, taʼriflash turlari, belgilar tizimi, soʻz etimologiyasi haqidagi maʼlumotlar) va boshqa leksikografiya tilshunoslikning barcha boʻlimlari, ayniqsa, leksikologiya bilan oʻzaro bogʻliq. Leksikografiya ham amaliy, ham nazariy soha sifatida leksikologiya, uslubshunoslik, fonetikaga hamda til tarixi, tilning grammatik qurilishi haqidagi taʼlimotga suyangan holda ish koʻradi. Zamonaviy leksikografiya muayyan davr jamiyatidagi bilimlar majmuini aks ettiruvchi lugʻatlarning muhim ijtimoiy vazifasini alohida qayd etadi. Leksikografiya lugʻatlar tipologiyasini ishlab chiqadi. Shu jihatdan bir tilli leksikografiya (izohli va boshqa lugʻatlar), ikki tilli leksikografiya (tarjima lugʻatlar), oʻquv leksikografiyasi (til oʻrganishga maxsuslashgan lugʻatlar), ilmiy-texnik leksikografiya (terminologik lugʻatlar) oʻzaro farqlanadi.

Yana qarang

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Leksikograficheskiy sbornik, vip. 1 — 6, M., 1957-1963; Sherba L. V., Opit obshey teorii leksikografii. V yego kn.: Yazikovaya sistema i rechevaya deyatelnost, L., 1974; Ojegov SI., Leksikologiya, Leksikografiya. Kultura rechi, M., 1974; Yuldashev A. A., Prinsipi sostavleniya tyurksko-russkix slovarey, M., 1972. Abduvahob Madvaliyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil