Madrasa — oliy oʻquv dargohi. Diniy ilmlar qatorida matematika, notiqlik sanʼati va mantiq, tilshunoslik, huquqshunoslik, falsafa, kalligrafiya, musiqa, tibbiyot, geografiya, astronomiya va boshqa ilmlar boʻyicha taʼlim beriladigan oʻquv binosi. Arab tilidan olingan, dars oʻtiladigan joy. Bu atama taʼlim berish uchun maxsus qurilgan oʻquv binolarini ifodalaydi.

Buxorodagi Devonbegi madrasasi peshtoqi

Etimologiyasi

tahrir

Madrasa so‘zi arab tilidan ,,مدرسة", “مدارس” – so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘aviy ma’noda ,,o‘qish joyi” yoki ,,o‘qitish joyi” umuman dars oʻtiladigan joy ma’nosini anglatadi[1].

Tarixi

tahrir

VII—VIII asrlarda islom dini ulamolari musulmon ilohiyoti masalalarini sharhlab berib turadigan markaz sifatida arab davlatlarida paydo boʻlgan. Madrasaning birinchi taʼlim muassasasi Zayd ibn Arkam mulkida Safo degan tepalik yaqinida boʻlib, u yerda Muhammad (s.a.v.) domla, shogirdlari esa uning izdoshlari edi. Hijratdan keyin Madinada Masjid an - Nabaviy masjidining sharqiy tomonida ,,Suffa” madrasasi tashkil etilgan. Keyinchalik Fotimiylar tomonidan 969–970 yillarda Qohirada ismoiliy taʼlimotini targʻib qilish markazi sifatida al-Azhar masjidi tashkil etildi, keyinchalik u Ayyubiylar hukmronligi ostida sunniylik institutiga aylangan[2]. IX—XII asrlarda islom diniga eʼtiqod qilinadigan mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyoda tarqaldi. Narshaxiyning ,,Buxoro tarixi” asarida 937-yilgi yongʻinda zarar koʻrgan Forjak madrasasi Markaziy Osiyodagi dastlabki madrasalardandir. Abbosiylar davrining oxirlarida, saljuqiylar vaziri Niyom al-Mulk tomonidan Madrasai Nizomiyya nomi bilan Eron, Mesopotamiya va Xurosonda tarixda birinchi rasmiy madrasalar tarmog'i qurilgan. U madrasalar keyingi bir necha asrlar davomida musulmon dunyosining katta qismiga tarqaldi va me'moriy dizaynning o‘xshash modellarini qabul qildi[2]. Oʻzining shakllanish davrida madrasa atamasi oliy oʻquv yurtini nazarda tutgan boʻlib, uning oʻquv dasturida dastlab faqat ,,diniy fanlar” kiritilgan boʻlsa, keyinchalik koʻplab madrasalarda mantiq, matematika va falsafa kabi diniy va ,,dunyoviy fanlar” oʻqitiladi[3].

Oʻqitilgan fanlar

tahrir

Madrasalar asosan fiqh ilmini oʻrganishga qaratilgan edi. IX asrda mazhablar shakllanganidan keyin islom huquqiy taʼlim tizimidagi ,,ijozat at-tadris va-al-iftoʼ” (,,huquqiy fikrni oʻrgatish va berish uchun litsenziya”) paydo boʻlgan. Talabalar madrasani tamomlagach, ularga faqih ,,fiqh olimi”, muftiy ,,fatvo berishda malakali olim”, mudarris ,,ustoz” maqomlari beruvchi ijozalar berilgan[. ,,Ijozat at-tadris” dars berishga layoqatli islom ulamolariga berilgan. XV asr Damashqdagi 155 ta madrasadan uchtasi tibbiyot maktabi edi[4].

Ayollar

tahrir

XII asrgacha ayollar jahon islom ulamolarining bir foizdan kamrog‘ini tashkil qilgan. Biroq as-Saxaviy va Muhammad Akram Nadvi XV asrdan buyon 8000 dan ortiq ayol olimlarning dalillarini topganlar[5]. XII-asrdagi sunniy olim Ibn Asakir oʻz davrida 80 nafar ayol domladan tahsil olgan ekan.

Turlari

tahrir

Madrasalarning xon madrasalari, eshon madrasalari, xususiy madrasalar kabi turlari boʻlgan. Madrasa muassislari madrasani taʼminlash uchun maxsus mulk – vaqf ajratishgan va bu mulkni boshqaruvchi mutavvalini tayinlashgan. Madrasalarning vaqf daromadlaridan bir qismi madrasa binosini taʼmirlash uchun ajratilgan, maʼlum qismi mutavvali, mudarrislar, talabalar, masjid imomi, muazzini, sartaroshi, farroshi va boshqa xizmatchilarga berilgan.

Oʻquv dasturi

tahrir

Madrasa oʻquv dasturining umumiy jihatlari X – XII asrlarda ishlab chiqilgan va keyinchalik takomillashib borgan. Mashgʻulotlar, odatda, sentabrda boshlanib, may oyigacha davom etgan. Yoz oylari va ramazon oyida taʼtilga chiqilgan. Madrasada hafta kunlari tahsil (shanba, yakshanba, dushanba, seshanba) — mashgʻulot kunlari va taʼtil (chorshanba, payshanba, juma) — oʻtilganlarni takrorlash hamda dam olish kunlariga boʻlingan. Darslar quyosh chiqish payti (bomdod nomozidan keyinoq) boshlangan. Madrasada taʼlim 3 bosqichda: boshlangʻich (adno), oʻrta (avsat) va yuqori (aʼlo) guruhlarda olib borilgan. Adno bosqichi ,,Aqoid” kitobini oʻqishga oʻtguncha davom etgan, avsat bosqichi ,,Aqoid” kitobini oʻqishdan boshlanib, ,,Sharhi mulla” kitobini oʻrganguncha boʻlgan va undan keyingi murakkab qoʻllanmalarni oʻrganuvchilar aʼlo bosqichi talabalari hisoblangan. Madrasada oʻqish talabalar iqtidoriga qarab, 7 – 12 yil davom etgan. Markaziy Osiyodagi madrasalarda arab va fors tilida yozilgan kitoblar oʻqitilgan, ular talabalarga mudarris tomonidan turkiy tilda sharhlab berilgan. Madrasa oʻquv kursi, odatda, ,,Avvali ilm” deb nomlangan fors tilidagi oʻquv qoʻllanmasini oʻzlashtirish bilan boshlangan. Keyin oʻrta asrlarning ilmiy tili hisoblangan arab tili grammatikasi (arab tili morfologiyasi — sarfi va sintaksisi — nahvi ,,Bidon”, ,,Kofiya” kabi darsliklar asosida) oʻqitilgan. Arab tili grammatikasidan soʻng oʻquv kursi 2 boʻlimga: umumtaʼlim kursi – mushkulot va fiqh kursi – masala boʻlimlariga ajratilgan. Madrasalarda fiqh kursining faroiz — meros huquqi qismi bilan birga matematika fani ham majburiy oʻquv kursiga kiritilgan. Talabalar oʻz xohish-istaklari va qobiliyatlariga qarab mushkulot yoki masala boʻlimlaridan birini, agar istasalar har ikki boʻlimni oʻqib tamomlashlari mumkin boʻlgan. Madrasalarda toʻliq kursni oʻqib tamomlash uchun talabalardan falsafa va huquq fanlariga oid taxminan 137 darslik – qoʻllanmani oʻzlashtirish talab etilgan. Bu darsliklarning aksariyatini markaziy osiyolik allomalarning asarlari, jumladan, Imom Buxoriy va Imom Termiziylarning hadis toʻplamlari, Moturidiyning ,,Kitob at-tavhid”, Burhoniddin Margʻinoniyning ,,al-Hidoya fi sharh al-bidoya”, Abdurahmon Jomiyning ,,al-Favoid ad-diyoiya” kabi asarlari tashkil etgan. Madrasalarda talabalarning qiziqishlari va mudarrislarning mavjudligiga qarab, falakiyot, handasa, tibbiyot, kimyo, jugʻrofiya, tarix, adabiyot, aruz ilmi, meʼmorlik asoslari, xattotlik, musiqa, axloq, notiqlik kabi fanlar ham oʻqitilgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Markaziy Osiyo madrasalari oʻquv dasturi birmuncha isloh etilib, ularda oʻqitiladigan fanlar tarkibiga turk, rus, fransuz, ingliz tillari, fizika, ziroatchilik, hisob, gigiyena, psixologiya, metodika, trigonometriya, siyosiy iqtisod, tijorat kabi fanlar kirib kela boshlagan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro amirligida 336, Xorazmda 132, Turkiston general-gubernatorligida 348 madrasa boʻlgan. XX asrning 2-choragi boshlarida sovet hukumati tomonidan madrasalar diniy muassasalar qatorida davlatdan ajratilgan va ,,xurofot oʻchoqlari” tamgʻasi bilan tugatib yuborilgan. Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ixtiyorida qolgan bir nechta madrasa esa endilikda faqat ruhoniylar tayyorlaydigan oʻrta va oliy diniy oʻquv yurtlariga aylantirilgan.

Meʼmorlik inshooti sifatida

tahrir

Madrasalar musulmon olamida meʼmorlik inshooti sifatida X—XI asrlarda vujudga kelgan. Ilk madrasalar bir qavatli, oʻrtasi hovli va uning atrofi hujralardan iborat boʻlgan. Baʼzan gumbazli goʻrxona qurilib, madrasaga homiylik qilgan kishining sagʻanasi qoʻyilgan. XIV—XVI asrlardan boshlab hashamatli madrasa binolari qurish avj oldi. Ular 2—3 qavatli qurilib, odatda, katta va goʻzal peshtoqli, atrofi hujralar bilan oʻralgan hovlisi, darsxona, kutubxona va masjidi boʻlgan. Keyinroq, katta madrasalar yoniga minora qurish rasm boʻlgan. Kirish peshtoqining roʻparasida, peshayvon boʻlib, u yozgi darsxona vazifasini bajargan hamda hovliga salobat bergan. Baʼzan madrasalarda hujralarning hovli tomoni ravoqli ayvonlar bilan oʻralib, hovli oʻrtasida hovuz qilingan. Madrasalarning tashqi va ichki qismi har xil rangli koshinkori va ganchkori bezaklar bilan pardozlangan. Qurʼondan oyatlar va hadislar koʻchirib yozilgan. Masalan, Buxorodagi Ulugʻbek madrasasi eshiklariga ,,Bilim olmoq har bir musulmon erkak va ayolning burchidir” degan hadisi sharif bitilgan. Madrasa umumiy qurilish tipologiyasi loyihasi va qurilmasiga koʻra, ajralib turadi. Markaziy Osiyo meʼmorligida masjid va darsxona qoidaga koʻra, peshtoqning ikki yon qanotida joylashgan. Suriya va Misrda ular kiraverishda hovlining toʻrida koʻndalangiga ayvonli qilib qurilgan. Turkiyada hovli tepasi ham gumbaz bilan qoplangan. Markaziy Osiyo va Gʻarbiy Osiyoda odatdagidek ravoqli qilib yopish uslubi qoʻllangan. Shimoliy Afrikada toʻsinli tomlar boʻlgan. Arab mamlakatlarida dastlabki madrasa vazir Nizomulmulk tomonidan Bagʻdodda (XI asrning 2-yarmida) qurilgan. Markaziy Osiyoda madrasa maxsus meʼmorlik inshooti sifatida qurilgani haqida tarixiy maʼlumotlar saqlangan. Baʼzi bir olimlarning fikricha, Shohizinda tarkibida Samarqand hokimi Tamgʻoch Bugʻroxon Ibrohim qurdirgan (XI asr) madrasa qoldiqlari topilgan. Buxorodagi Mir Arab madrasasi, Abdullaxon madrasasi, Abdulazizxon madrasasi, Samarqanddagi Ulugʻbek, Sherdor, Tillakori madrasalari, Xivadagi Muhammad Rahimxon madrasasi, Muhammad Amin inoq madrasasi, Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasasi, Baroqxon madrasasi, Abulqosim madrasasi, Qoʻqondagi Kamol qozi madrasasi, Andijondagi Gumbaz madrasa va boshqalar meʼmoriy yodgorliklar sifatida mashhur.

Manbalar

tahrir
  1. The Grove Encyclopedia of Islamic Art and Architecture Bloom, Jonathan M.; Blair, Sheila S.: . Oxford University Press, 2009. 
  2. Jonathan Berkey. The Transmission of Knowledge in Medieval Cairo. Princeton University Press, 1992. 
  3. M. S. Asimov. Clifford Edmund Bosworth. The Age of Achievement: Vol 4, 1999 — 37-bet. ISBN 81-208-1596-3. 
  4. Gibb, H. A. R. The University in the Arab-Moslem World, in The University Outside Europe: Essays on the Development of University Bradby, Edward: . Ayer Publishing, 1970 — 281–298-bet. ISBN ISBN 978-0-8369-1548-8. 
  5. Nadwi, Mohammad Akram. Al-Muhaddithat. Oxford: Interface Publications, 2013. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Kerenskiy O. M., Medrese Turkestanskogo kraya-SPb., 1892;
  • Abdullayev Yu., Ocherki po metodike obucheniya gramote v oʻzbekskoy shkole, T., 1966;
  • Abu Bakr Muhammad Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1991;
  • Shamsutdinov R. T., Rasulov B., Turkiston maktab va madrasalari tarixi (XIX asr oxiri va XX asr boshlari), Andijon, 1995.