Turkiston general-gubernatorligi

Rossiya imperiyasi tarkibidagi general-gubernatorlik

Mahalliy boshqaruv Turkiston general-gubernatorligi (rus. Turkestanskoe general-gubernatorstvo) – maʼmuriy-hududiy birlik. Rossiya Imperiyasi bosib olgan Gʻarbiy Turkiston hududida Rossiya imperatori Aleksandr II farmoni bilan tashkil etilgan (1867-yil 11-iyul).

Xuddi shu yili Turkiston harbiy okrugi ham tuzilgan. Turkistonning birinchi general-gubernatori etib rus podshosining yaqin mulozimi general-adʼyutant Konstantin Petrovich fon Kaufman tayinlandi. U 14 yil mobaynida (18671881-yillarda) Turkiston oʻlkasini qattiqqoʻllik bilan boshqargan. Kavkaz, Boltiqboʻyi oʻlkalaridagi ozodlik harakatlarini bostirishda tajribali maʼmur va usta siyosatchi ekanligini koʻrsatgan fon Kaufmanni „Turkistonning Bunyodkori“ deb ulugʻlashgan. U Toshkent jamoatchiligi vakillari yigʻilishi (1868-yil 22-yanvar)da birinchi bor ruslarni Turkiston xalqlarining „Katta Ogʻasi“ deb atagan. Turkiston 19-asrning boshlarida Britaniya Imperiyasi va Rossiya Imperiyasi orasida tortishuvlarga sabab boʻlgan.

19-asr boshidagi Turkiston

Rossiya imperatori fon Kaufmanga oʻlkani boshqarishda cheklanmagan huquq va vakolatlar bergan, natijada uni xalq „Yarim podsho“ deb bilgan. Ichki va tashqi siyosatda uning erkin ish yuritishi mumkinligi imperator tomonidan berilgan „Oltin Yorliq“da oʻz aksini topgan.

18681880-yillar davomida harbiy istilolar natijasida dastlab 2 viloyatdan iborat general gubernatorlikka yana 3 viloyat qoʻshildi. 19-asrning oxirlarida Turkiston general-gubernatorligiga Sirdaryo, Yettisuv, Samarqand, Fargʻona va Zakaspiy kabi 5 viloyatdan iborat boʻlib hududi Yevropa Rossiyasining U3 qismiga teng edi. Turkiston general-gubernatorligining barcha hududi 1.779.618 chaqirimga teng boʻlgan. Rossiya hukmdor doiralari Turkistonni imperiyaning tarkibiy qismiga aylantirish va xalqlarini ruslashtirish uchun barcha vositalarni ishga soldi. Oʻlkadagi siyosiy, maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy islohotlar ana shu maqsadga qaratilgan edi.

Asriy milliy davlatchilikni yoʻqotib ruscha idora usulini qoʻllash uchun Sankt-Peterburgning oliy siyosiy doiralari qonunlar majmuasini ishlab chiqdi. U tarixga „Turkiston oʻlkasini boshqarish haqidagi Nizom“ nomi bilan kirgan. Nizomga koʻra, oʻlka hokimiyati „harbiy xalq boshqaruvi“ deb nomlandi. Turkiston general-gubernatorligi viloyatlar (oblast), tuman (uyezd), jabhalar (uchastka), boʻlislar (volost) va oqsoqolliklarga boʻlindi.

Viloyatlar, tumanlar va jabhalarni rus ofitsergenerallari, boʻlis va oqsoqolliklarni esa mahalliy xalq vakillari boshqargan. Viloyatlarga harbiy gubernatorlar, tuman – uyezd boshliqlari, jabhalarga esa uchastka pristavlari tayinlangan.

Mustamlakachilar mahalliy boshqaruv idoralariga maʼsul shaxslar tayinlanishida nihoyat hushyor ish tutib, ilgʻor, taraqqiyparvar va millatparvar kishilar boʻlis boshqaruvchisi, oqsoqol, yuzboshi yoki qozi sifatida saylanib qolsa, ularni lavozimga tasdiqlamaslik uchun turli hiyla-nayranglarni ishga solganlar.

Turkistonda mustamlaka idorasi 1898-yilgacha „harbiy xalq“, undan keyin esa „maʼmuriy politsiya boshqaruvi“ deb atalgan boʻlsa ham uning mohiyati mazmunan oʻzgarmagan, barcha vakolatlar rus maʼmuriyati qoʻlida jamlangan.

Turkistondagi siyosiy idora tizimi „tub aholi oʻrtasida har qanday norozilikni tagtugi bilan shafqatsiz bostirish, bironbir dushmanlik holati sezilsa, darhol uning kuchayishiga yoʻl qoʻymay boʻgʻib tashlash, tartibbuzarlar va ularning maslakdoshlariga tegishli saboq berish va ularga rus qudratini koʻrsatib qoʻyish uchun har qanday choratadbirlar koʻrish“ ruhi bilan sugʻorilgan.

Turkistondagi milliy ozodlik harakatini boʻgʻib tashlash, istiqlol uchun kurashga qodir shaxslarni „zararsizlantirish“ rejasi ishlab chiqilib, uni ijro etishga barcha mustamlaka arboblari jalb etilgan.

Rus dvoryan pomeshchiklari oʻlkani ruslashtirishning iqtisodiy tomonini koʻzlab, Davlat dumasida Turkiston oʻlkasidagi „ortiqcha“ yerlarni musodara qilishni yoqlab muxoliflarini siquvga olishgan. 1910-yilning 7-aprelida Davlat dumasi „Turkiston oʻlkasini boshqarish haqidagi Nizom“ning 270-moddasini „Turkiston koʻchmanchilarining ortiqcha yerlarini kolonizatsiya ehtiyojlari uchun“ musodara etishga ruxsat beruvchi qoʻshimcha bilan toʻldirish masalasini muhokama qildi. Rus mustamlakachi shovinistlari tovushi baland kelib qonun loyihasi qabul qilindi va 1910-yilning 19-dekabrdan qonun kuchga kirdi. Toʻqqiz yil ichida ana shu konunga koʻra, Sirdaryo-Fargʻona koʻchiruvchilik rayoni boʻyicha tub aholining 744,9 ming desyatina yeri ruslarga taqsimlab berildi. Podshoning musodarachilik siyosati oʻta shafqatsizlik bilan davom ettirildi.

Imperiya xukmdor doiralari Turkiston oʻlkasi rus va tub aholisi uchun maxsus siyosat dasturini ishlab chikdi.

Harbiy mirshablik ruhi Turkiston general-gubernatorligi siyosiy tuzumida oʻzining yaqqol ifodasini topgan.

Turkiston generalgubernatori bir vaqtning oʻzida oʻlka bosh hokimi, okrug qoʻmondoni, bosh prokuror va bosh mirshab vazifalarini bajargan.

Turkiston General-gubernatorligini boshqarganlar

tahrir
Boshqargan yillari General-gubernator
1867-1882 Kaufman Konstantin Petrovich
1882-1884 Chernyayev Mixail Grigoryevich
1884-1889 Rozenbax Nikolay Ottonovich
1889-1898 Vrevskiy Aleksandr Borisovich
1898-1901 Duxovskoy Sergey Mixaylovich
1901-1904 Ivanov Nikolay Aleksandrovich
1904-1905 Tevyashev Nikolay Nikolayevich
1905-1906 Subbotich Dean Ivanovich
1906-1908 Grodekov Nikolay Ivanovich
1908-1909 Mishyenko Pavel Ivanovich
1909-1914 Samsonov Aleksandr Vasilyevich
1914-1916 Martson Fyodor Vladimirovich
1916-1917 Kuropatkin Aleksey Nikolayevich

Ilk zamonaviy saylovlar

tahrir

Oʻzbekiston hududida oʻtkazilgan ilk zamonaviy saylovlar tarixi 1877-yil borib taqaladi. 1877-yil Turkiston general-gubernatorligi aholisi hamda hududining kengayishi natijasida Toshkent shahar Dumasini tuzish zarurati paydo boʻldi. Sirdaryo harbiy gubernatorligi boshchiligida maxsus hay’at tuzildi. Maxsus hay’at saylovchilar roʻyxatini tuzish hamda saylov oʻtkazish boʻyicha ish olib bordi. 1877-yil avgust oyida Toshkent shahar Dumasiga saylovlar boʻlib oʻtdi. 1877-yil 30-avgust kuni Toshkent shahar Dumasining ochilishi boʻlib oʻtdi. Dumaga saylov har 4 yilda bir marta oʻtkazilgan.[1]

1917-yilgi Toshkent shahar dumasiga boʻlib oʻtgan saylov

tahrir

1917-yil 30-iyulda Toshkent shahar dumasiga navbatdagi qayta saylov boʻlishi belgilanadi. Bu saylovda asosan eskilikni yoqlovchi „Ulamo“ jamiyati, taraqqiyparvar „Shoʻroi islomiya“ jamiyati va Bolsheviklar orasida nomzodlik uchun keskin kurash ketadi. Saylov kunidan bir muncha ilgariyoq ruslar bu safargi dumaga saylovda musulmonlarning qoʻli baland kelishini sezib „Shaharning yangi qismi uchun alohida duma saylaymiz“, deb Toshkent dumasini ikkiga boʻlish taklifini koʻtarib chiqadilar. Bu holning oldini olish uchun „Shoʻroi islomiya“ jamiyati – agar rus tilini bilmagan, siyosiy maʼlumoti boʻlmagan „Ulamo“ jamiyatining nomzodlari saylovda gʻolib kelsa, dumada rus nomzodlari bilan birgalikda ish yurita olarmikanlar, agar yurita olmasalar, dumaning ikkiga boʻlinishini aniq bilib, oqibatda mahalliy muxtoriyat, mustaqillik olishga gʻov boʻlishlarini, yana mustamlaka holida qolib ketishlarini bilib, iloji boricha oʻz jamiyatlaridan duma nomzodligiga ozmi-koʻbmi ruscha maʼlumotli, yangicha tarbiyasi boʻlgan yurist, doktor, komissar, muallim, ziyoli savdogar, ruscha maʼlumotli prikazchik, ochiq fikrli ulamolarni koʻrsatadilar. Lekin „Ulamo“ jamiyati Eski va Yangi shahar avom xalqi orasida „Shoʻroi islomiya“ jamiyatining nomzodlari badmazhab kafkazli, dinsiz tatarlardan ularga ovoz bermanglar deb tashviq qiladilar. Natijada avom xalq mullalar va boylar jamiyati "Ulamoning nomzodlariga ovoz berib, ulardan 62 nomzod oʻtadi, taraqqiyparvar ziyolilardan esa faqat 11 kishi saylanadi. Dumaning ishlarida bu „Ulamo“ jamiyatining nomzodlari „Muvaqqat maktab komiteti“ hay’atiga nomzod saylashda hatto Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli va Sodiq Abdusattorovga ovoz bermaydilar. Boshqa tashkiliy ishlar hay’atiga ovoz berishda ham oʻsha oʻn bir taraqqiyparvar oʻrniga ruslarga ovoz beradilar. Baxtga qarshi Toshkent dumasi bolsheviklarning zoʻrligi bilan 1917-yil 2-dekabrdagi farmoniga binoan tarqatib yuboriladi.[2]

Yana qarang

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Abramov F., Polojeniye ob upravlenii Turkestanskim krayem, T., 1916;
  • Sadokov X., Politiko-administrativnoye ustroystvo Turkestanskogo general-gubernatorstva, T., 1973;
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1 kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000.

Manbalar

tahrir
  1. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Toshkentning «yangi shahar» qismi tarixi - Jannat Ismoilova. Oʻzbekiston RespublikasiFA Tarix instituti. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi. Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004. {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  2. Abdulla Qodiriy "Saylovmi bu bosqunchilik" maqolasiga sharh {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam); Unknown parameter |link= ignored (yordam)