Mahbus — ehtiyot chorasi tartibida qamoqqa olingan shaxs. Oʻzbekistonda umumiy qoidagi binoan, shaxs ayblanayotgan jinoyati uchun 3 yildan, voyaga yetmagan boʻlsa, 5 yildan ziyod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash koʻzda tutilgan va unga nisbatan boshqa ehtiyot choralarini qoʻllash imkoni boʻlmagan ayrim hollardagina qamalishi mumkin (JPK, 242modda). M. qamoqda 3 oy saqlanadi. Bu muhlatda ishni tamomlash imkoni boʻlmasa, qamoq muddati tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokurorining ruxsati bilan — 5 oygacha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosarining ruxsati bilan — 7 oygacha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining ruxsati bilan — 9 oygacha, alohida hollarda tergov qilinayotgan ishning oʻta murakkabligini inobatga olib, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblanayotganlarga nisbatan bir yilgacha muxdatga uzaytirilishi nazarda tutilgan. Qamoq muddatini yana uzaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (JPK, 245modda).

M. dastlabki qamoq joylarida saqlanadi va qonun boʻyicha cheklangan huquqlarga ega. M. unga belgilangan tartibda yuborilgan pulni olish, naqd pul toʻlamasdan qilinadigan hisob-kitob asosida oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni xarid qilish, jinoyat ishiga oid hujjat va yozuvlarni oʻz yonida saqlash, qamoqxona kutubxonasidagi kitoblardan foydalanish huquqiga ega; ishini yuritayotgan tegishli organ yoki shaxsdan ijozat olib, har oy bir marta qarindosh-urugʻlari yoki boshqa shaxslar bilan koʻrisha oladi; yozishmalarga ham shu tartibda ruxsat etiladi. M. istagan vaqtida advokat bilan xoli uchrashishga haqli. M. surishtiruv, tergov, prokuratura yoki sud organlarining ruxsati hamda oʻzining roziligi bilan mehnatga jalb qilinishi mumkin. Qamoqda qonunga xilof ravishda saqlab turilgani tufayli M.ga yetkazilgan zarar qoplanadi. M. atamasi baʼzan qamoqda boʻlgan hamma shaxslarga, jumladan, sudning hukmi bilan jazo muddatini oʻtayotganlarga nisbatan ham ishlatiladi. Yuridik jihatdan bunday shaxslar mahkum deb hisoblanishi lozim.

Gʻafur Abdumajidov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil