MAKTUBOT (arab. Odil - maktublar). Tasavvuf adabiyotida muayyan murshidning turli o‘lkalardagi shogirdlari, izdoshlari, vakillari, tanishlari va turfa shaxslarga yozib yuborgan maktublaridan ko‘chirma yig‘ib tayyorlangan to‘plamlarning umumiy nomi.

Tasavvuf olamida Abdulqodir Jiyloniy, Jaloliddin Rumiy («Makotib» deb ham yuritiladi), Imom Rabboniylarning «maktubot» asarlari keng shuhrat qozongan, o‘rta asrlar xattotlari tomonidan qayta-qayta ko‘chirilgan bo‘lib, hozirgi paytda ham mazkur asarlar ko‘plab zamonaviy nashrlar hamda turli tillarga tarjimalarda yetakchilik qilib kelmoqda.

«Maktubot-i Rabboniy» yoki qisqagina «Maktubot» nomi bilan mashhur asar 3 jild va 536 ta maktubdan iborat. Asarning birinchi jildi 1616 yilda Imom Rabboniyning shaxsiy ko‘rsatmasiga binoan shogirdi Yor-Muhammad Jadidi Badaxshiy-Toliqoniy tomonidan tuzilgan. Undagi maktublar soni hadisda kelgan rasul-payg‘ambarlar va Badr jangida qatnashgan sahobiylar soniga uyg‘un tarzda 313 tani tashkil etgan. Ikkinchi jilddagi maktublar 1619 yilda Imom Rabboniyning yana bir shogirdi Abdulhay Putniy tomonidan to‘plangan bo‘lib, bunda maktublar soni «alasmou-l-husno» adadiga muvofiq ravishda 99 ta deb belgilangan. Uchinchi jild Imom Rabboniyning vafotidan keyin 1630 yilda, uning yana bir shogirdi Muhammad Hoshim Keshmiy tomonidan to‘planib, undagi maktublar soni Qur’oni karim suralari adadiga mos holda 114 tani tashkil etdi. Uchala jildda umumiy hisobda 526 ta maktub jamlanib, uchinchi jildga Imom Rabboniyning oxirgi 10 ta maktubi ham ilova qilindi. Natijada maktublar soni 536 taga yetgan.

«Maktuboti Rabboniy» asari umumiy mazmunda Imom Rabboniyning shariat, aqida, tariqat odoblari, turli bid’at-xurofotlarga munosabat va boshqa bir qator o‘z davrida dolzarb bo‘lgan masalalar atrofidagi fikrmulohazalari, tavsiyalari, chaqiriqlarini o‘zida jamlab olgan.

Kitobning asosiy mavzusi turli mahalliy ta’sirlar va tashqi g‘oyalar natijasida o‘zgarishlarga uchrab borayotgan naqshbandiya tariqatining turli tarmoqlari vakillariga, ularning siymosidagi musulmon jamoalariga murojaatlardan iborat bo‘lib, ularni yot g‘oya va amaliyotlardan chetlashish hamda sof sunniy aqida musaffoligini saqlab qolishga undovlardan iborat.

Asar Hindistonda yangi diniy islohot o‘tkazish orqali barcha mavjud dinlarni birlashtirish g‘oyasi bilan chiqqan Jaloliddin Akbar davrida mahalliy musulmonlarning o‘z e’tiqodlarini saqlab qolishlarida muhim ahamiyat kasb etgan.

Kitob arab, fors,turk tillarida to‘liq nashrdan chiqqan. Ayrim qismlari (to‘liq emas) rus, ingliz va boshqa tillarga o‘girilgan[1]..

Manbalar

tahrir
  1. tasavvuf Atamalari izohli lug'ati, ,Toshkent Islom Universiteti Islomshunoslilk ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahr 2015.