Manzura Hamidova (aktrisa)

(Manzura Xamidovadan yoʻnaltirildi)

Manzura Hamidova (8-mart 1914, Toshkent — 4-oktabr 1998) — Oʻzbekiston xalq artisti (1969). Dastlab Toshkentdagi ishchi-yoshlar teatri (1934-1936), Termiz teatri (1936-1941), Muqimiy teatr (1941-1943) larida ishlagan. 1943-yildan umrining oxirigacha Yosh tomoshabinlar teatrida aktrisa. Muqimiy teatrida yaratgan „Arshin mol olon“ (Uzeir Hojibekov) dagi Gulchehra, „Farhod va Shirin“ (Xurshid)dagi Mohinbonu, „Nomus va muhabbat“ (Komil Yashin) dagi Onaxon, „Gulsara“ (Komil Yashin) dagi Oysara kabi rollarida uning musiqiy qirralari namoyon boʻldi. Yosh tomoshabinlar teatrida, asosan, onalar ashlariga ixtisoslashgan. Onalar va buvilar qalbini, mehr-muhabbatini chuqur ochib berish, oʻtkir psixolik shogik tahlil, kuchli dramatizm, ishonarli va hayotiy talqin Hamidova Manzura ijodiga xosdir. „Yoriltosh“ (Sh.Saʼdulla), „Sirli sandiq“ (Obid Tolipov) da oʻgay ona, „Abdulla Nabiyev“ (R.Rahmat) da ona, „Kim aybdor“ (I.Ahmedov) da buvijon, „Chippolino“ (Rodari)da Olchaoy, „Qovoqvoy va Chanoqvoy“ (Poʻlat Moʻmin) da Qovoqxola, „Oq kema“ (Chingiz Aytmatov) da Ona bugʻu, „Oʻz uyingdasan“ (Mamarasul Boboyev)da Mehri xola, „Zumrad va Qimmat“da oʻgay ona singari rollari bilan tanildi. Oʻzbekiston televideniyesining „Otalar soʻzi — aqlning koʻzi“ koʻrsatuvining doimiy qatnashchisi boʻlib, mushfiq onalar timsolini turli koʻrinishlarda gavdalantirgan. „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlangan (1997).[1]

Manbalar

tahrir
  1. "Hamidova Manzura" OʻzME. H-harfi (Wayback Machine saytida 2020-09-25 sanasida arxivlangan) Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil