Mardonqul Shohmuhammadzoda, Mulla Mardonqul Shohmuhammad oʻgʻli (1882-yil, Samarqand – 1920-yil, Qarshi) – jadid maʼrifatparvari. Samarqandda nashr etilgan „Hurriyat“ gazetasining bosh muharriri.

Mardonqul Shohmuhammadzoda
Tavalludi 1882-yil
Vafoti

1920-yil
Qarshi, Flag_of_Emirate_of_BukharaBuxoro amirligi

Mardonqul Shohmuhammadzoda 1882-yili Samarqandda tugʻilgan. Mardonqul Shohmuhammadzodaning otasi oddiy odam boʻlishiga qaramasdan oʻgʻli uchun taʼlim masalasiga eʼtibor qaratgan. Dastlab maktabda tahsil olgan. Soʻngra madrasa ilmini olgan. Fors va arab tillarida gaplasha olgan. Mustaqil ravishda rus tilini ham oʻrgangan. Shohmuhammadzoda 1898-yili Samarqanddagi bir hamrohi bilan Istanbul shahriga sayohat qilgan. Dunyoviy ilm-fanlarni oʻrganishni davom ettirgan. Oʻzining hurfikrli qarashlari orqali zamondoshlari eʼtiboriga tushgan. Rossiyada 1917-yilda yuz bergan fevral inqilobi arafasida shunday qarashlari tufayli rus imperiyasi hukumati tomonidan hibsqa olinib Toshkent qamoqxonasida saqlangan.

1917-yil fevral inqilobidan soʻng oʻzining maqsadlaridan voz kechmagan holatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatlarga fikr bildirib turgan. 1917-yilning aprelidan Samarqand shahrida chiqa boshlagan „Hurriyat“ gazetasining 9-sonidan 26-sonigacha Mardonqul Shohmuhammadzoda bosh muharrir boʻlgan. Gazetaning ilk sonida Mardonqul Shohmuhammadzodaning „Taʼmini istiqbol“ maqolasi bosilgan. Unda muallif mazkur gazetaning asosiy vazifasi xalqimizning maʼnaviy kamoloti, maʼrifati va ilmi rivojiga xizmat qilishdir, deb vaʼda beradi[1]. 1917-yilda Shohmuhammadzoda „Mardikorlar jamiyati“ tuzgan. Biroq jamiyat oʻtkazgan tadbirlar qarshilikka duch kelib, natijada uzoq vaqt faoliyat yuritmay tugatilgan. Shundan keyin Mardonqul Shohmuhammadzoda betob boʻlib davolanish maqsadida Rossiya atrofidagi shaharlarga davolanish hamda qimiz ichish uchun yoʻlga chiqadi. Oktyabr voqealaridan soʻng bolsheviklar qoʻl ostidagidagi hukumat ishlarida ishlaydi.

1918-yilning boshlarida Samarqand uyezdida militsiya boshligʻi oʻrinbosari vazifasida ishlagan. Shu yilda Samarqand viloyatida ocharchilik kuchayib ketadi. Mardonqul Shohmuhammadzoda qishloqlarida ovqat pishirib, och qolganlarga yordam qoʻlini choʻzgan.

1918-yilning bahor oyida Buxoroga hujum qilishni rejalashtirgan Kolesovning niyatidan qaytarish umidida Buxoroga boradi. Ammo niyati amalga oshmagach Samarqandga kelib yana oʻzining ishlari bilan mashgʻul boʻladi. 1918-yilning yozida yana betob boʻlib davolanadi. Bir oylik ruxsat bilan Rossiyaga safar qiladi. Qaytishda dastlab Kavkazda, keyin Istanbul shahriga borib biroz vaqt shu yerda yashaydi. Turkistonda muxtoriyat masalasi koʻtarilgach Istanbuldan qaytib yoʻl qiyinchiliklari bilan 1918-yilning qishida Chorjoʻy orqali Samarqandga keladi. Ijtimoiy hayotni yaxshilash uchun xalq xizmatiga kirishadi. Shohmuhammadzoda aholi orasidagi ortiqcha hashamlar, bidatlarga qarshi kurashgan[2].

1919-yilda Mahmudxoʻja Behbudiy bilan safarga chiqqanda Shahrisabz yaqinida hibsga olingan[3], 1920-yilda oʻldiriladi. Baʼzi maʼlumotlarda Qarshi begi Togʻaybek tomonidan Buxoro amirligining qatl buyrugʻi bilan „jadid, kofir va tilchi (josus)“ degan soxta ayblar bilan oʻldirilgan.

Manbalar tahrir

  1. Irzayev, Bahrom „“Taraqqiy”, “Najot”, “Hurriyat” – Turkistonni larzaga solgan gazetalar“. oyina.uz (2022-yil 20-iyun). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.
  2. „Mulla Mardonqul Shohmuhammad o‘g‘li“. Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil. [sayt ishlamaydi]
  3. Hayitov, Shodmon „Behbudiyga suiqasd qanday sodir boʻlgandi?“ (2020-yil 12-mart). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil. [sayt ishlamaydi]