Mavlono Orif Deggaroniy
Mavlono Orif Deggaroniy (1312, Karmana, Deggaron qishlogʻi — 1375) — islom dini arbobi, muhaddis, xalq orasida avliyo sifatida tanilgan. Bahouddin Naqshbandning ustozi hisoblangan. Qabri Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Deggaron qishlogʻida.
Mavlono Orif Deggaroniy | |
---|---|
Tavalludi |
1312-yil Deggaron qishlogʻi, Hazora, Karmana |
Vafoti |
1375-yil |
Mashhur shogirdlari | Bahouddin Naqshband |
Turmush oʻrtogʻi | Mohiporo |
Dini | islom |
Hayoti
tahrirMavlono Orif Deggaroniyning hayoti haqida koʻp maʼlumot saqlanib qolmagan. Uning tugʻilgan va vafot etgan yillari ham aniq boʻlmagan. Bugungi kunda tarixchilar Deggaroniyning tavallud va vafot yillarini Sadriddin Salim Buxoriyning „Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy“ risolasi asosida oladilar[1].
Mavlono Orif Deggaroniy Bahouddin Naqshband bilan birga Sayyid Mir Kulolning yaqin shogirdi boʻlgan. Bu haqda Sayyid Muhammad Nosirning „Tuhfat az-Zoirin“ („Ziyoratchilarga sovgʻa“) asarida shunday deyilgan:
Mavlono Orif avval oʻtgan xalifalardan boʻlib, Sayyid Amir Kulolning eng yaqin shogirdlaridan biridir. U Buxorodan toʻqqiz farsang narida Koʻhak daryosining boʻyida, Hazora qasobasi, Deggaron dahasida Hoja Ahmad Misgar oilasida tugʻilgan. Yoshligidan islomga boʻlgan eʼtiqodi tufayli Qurʼoni karimni yod olgan. Yetti yil mobaynida Hazrat Sayyid Amir Kuloldan shariat, tariqat saboqlarini olib, uning ijozati bilan turk va fors xalqlariga sidqidildan xizmat qilgan. Bir necha bor Makkayi Madinaga borib kelgan[2].
Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining „Bahouddin balogardon“ asarida Sayyid Mir Kuloldan shunday iqtibos keltiriladi:
Mening yoronlarim orasida mana shu ikki kishi, yaʼni Xoja Bahouddin va Mavlono Orif Deggaroniyga oʻxshagan hech kim yoʻq, qaddasallohu sirrahumo. Bular hammadan oʻzib ketdilar... Xojamiz (Bahouddin Naqshband) oʻsha nafas tufayli yetti yil Mavlono Orif Deggaroniyning xizmati va mulozamatida boʻldilar. Bu mulozamatda xilma-xil riyozat va jiddu-jahdni oʻz boʻynilariga oldilar. Deggaron va uning atroflarida yurdilar. Koʻp vaqtlar Mavlono Orif bilan birga Raboti Malik qurilishida mardikorlik qildilar. Ajib va gʻarib voqealar boshlaridan oʻtar edi. Mavlono Orifning izzati uchun mulozamat va xizmatni davom ettirar edilar. Shu yetti yil davomida ariq labiga tahorat uchun borsalar-da, Mavlonodan yuqorida tahorat qilmas edilar. Yoʻlda ketayotganlarida ularning qadamlarining izi ustiga oyoqlarini qoʻymas edilar[3].
Bulardan tashqari Mavlono Orif Deggaroniy toʻgʻrisida „Rashahotu aynul hayot“, „Maqomoti Shohi Naqshband“, „Maqomoti Amir Kulol“ kabi asarlarda maʼlumotlar mavjud.
Afsonalar
tahrirMavlono Orif Deggaroniy toʻgʻrisida xalq orasida turli afsonalar yuradi, ulardan biriga koʻra bir yili Koʻhak daryosi toshib, Deggaron qishlogʻiga sel keladi. Odamlar vahimaga tushib koʻchaga chiqadi. Shu payt Mavlono Orif oʻzini suvga otadi va „Kuching yetsa, meni oqizgil, xalqqa jabr qilma“, – deydi. Shu daqiqada sel toʻxtaydi[4].
Vafoti
tahrirMavlono Orif Deggaroniy vafotidan oldin Bahouddin Naqshbandni chorlab, vafotidan keyin uni oʻzi qabrga qoʻyishini vasiyat qilgan. Bahouddin Naqshband uning vasiyatini bajargan[1].
Xotira
tahrirKoʻplab tarixchilar Mavlono Orif Deggaroniy hayoti va faoliyatini oʻrganib, unga bagʻishlab risolalar, monografiyalar yozganlar.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Zaripov, Shernazar 2021, s. 79.
- ↑ Zaripov, Shernazar 2021, s. 77—78.
- ↑ Zaripov, Shernazar 2021, s. 78.
- ↑ Zaripov, Shernazar 2021, s. 78—79.
Adabiyotlar
tahrir- Azamat Zaripov, Shoyim Shernazar. Karmana kechmishi. Toshkent: Sahhof, 2021 — 192-bet. ISBN 978-9943-6665-8-0.