Baliqlar: Versiyalar orasidagi farq

Kontent oʻchirildi Kontent qoʻshildi
CoderSIBot (munozara | hissa)
Maqolaga {{OʻzME}} andozasi qoʻshildi
Tahrir izohi yoʻq
Qator 1:
{{Maʼnolari|Baliq (maʼnolari)}}
'''Baliqlar''' (Pisces) — umurtqalilar kenja tipining katta sinfi, juda keng tarqalgan. Tuzilishi, hayot kechirishi va ekologik xususiyati suv muhitiga juda yaxshi moslangan. Suvda tez suzadigan B.ning tanasi choʻziq suyri shaklda boʻlganidan suvning qarshiligiga kamroq uchraydi. Sekin suzadigan B.ning tanasi yapaloq boʻladi. Skeleti togʻaydan (togʻayli b.) yoki suyakdan (suyakli B.) iborat. Jagʻlari yaxshi rivojlangan. B. tanasini toʻlqinsimon bukib va yozib harakatlanadi. Juft va toq suzgichlari harakatlanayotgaida tanani boshqarish va muvozanatini saqlash vazifasini bajaradi. Tanasi kichikroq yoki yapaloq shaklda boʻlgan B. juft suzgich qanotlarini eshkak kabi suvga urishi yoki toʻlqinsimon harakatlanishi tufayli suzadi. B.ning tanasini bukish xususiyati umurtqalar soniga va terisi sirtidagi tangachalar kattakichikligiga bogʻliq. B. umurtqalari 16 tadan (oy baliqlarda) 400 tagacha (Yangi Zelandiya kamar baligʻida). Bosh skeleti yaxshi rivojlangan, yuz skeleti til osti yoyi va beshtacha jabra yoyidan tashkil topgan jagʻlardan iborat. Bosh miyasi har xil darajada rivojlangan. Akulalarsa oldingi miya, miyacha va hidlov boʻlimi boʻladi. Suyakli baliqlarning oldingi miyasi kichik, oʻrta miya va miyacha nisbatan yirikroq, ikki xil nafas oluvchilarning miya yarim sharlari rivojlangan, miyachasi esa kichik boʻladi. Bosh miyasidan oʻn juft nervlar chiqadi. Taʼm bilish organlari yaxshi rivojlangan. Eshitish organlari ichki quloqdan iborat, B. har xil tovushlarni, shu jumladan ultratovush toʻlqinlarini yaxshi eshitadi. Urchish davrida koʻpchilik B. suzgich pufak yordamida tovush chiqarish xususiyatiga ega. Odatda 1 m gacha masofadagi narsalarni ajrata oladi. Lekin koʻzdagi oʻroqsimon oʻsimtaning qisqarishi, koʻz gavharining oʻzgarishi tufayli 12 m gacha uzoqlikdagi narsalarni ajrata olishi mumkin. Suvning chuqur qatlamlarida va gʻor suvlarida yashovchi B.ning koʻzlari yoʻqolib ketgan. B. yon chiziq organlari yordamida yaxshi oriyentatsiya qila oladi. Asosiy nafas olish organlari — jabralari umrbod saqlanadi. Ayrim B.da (polipterus, seratod) jabra b-n bir qatorda atmosfera havosidan qoʻshimcha nafas olish organi — oʻpka ham rivojlangan. Anabas, gurami kabi labirintli B. birinchi jabra yoyining ustida kichik boʻshliq mavjud. Baliq yutgan havodagi kislorod ana shu boʻshliqda joylashgan shilimshiq parda b-n qoplangan yupqa suyak plastinkalar orqali kapillyar tomirlarga oʻtib, qonni oksidlantiradi. B.ning yuragi ikki kamerali, yaʼni qorincha va boʻlmadan, qon aylanish sistemasi esa bitta tutash doiradan iborat. Ikki xil nafas oluvchi B.ning yuragi 3 kamerali, yurak boʻlmasi chala toʻsiq yordamida chap va oʻng kameralarga boʻlingan. Koʻpchilik B.ning buyragi, hazm sistemasi rivojlangan. Yirtqich B.ning ichagi kalta, oʻtxoʻrlariniki uzun. Mas, oʻtxoʻr doʻng peshona baligʻining ichagi tanasiga nisbatan 13 marta uzunroq. Jigar va meʼda osti bezlari bor. Koʻpgina B. ichagida ovqat hazm qilishda ishtirok etadigan pilorik oʻsimtasi boʻladi. Akula va osyotrsimonlar ichagida spiral klapani bor. Koʻpchilik B.ning alohida anal va siydiktanosil teshiklari boʻladi. Akulalar va ikki xil nafas oluvchilarda klapani boʻladi. Ayirish organlari — mezonefrosdan iborat. Mezonefros umurtqa pogʻonasi yoniga oʻrnashgan. B. ayrim jinsli, baʼzi turlari (tosh olabugʻasi) germafrodit. B. turli yoshda voyaga yetadi. Gambuziya va tezsuzar B. bir yilda, orol moʻylovdori va bakra baliq 12— 14 yoshda, beluga 20 yoshda voyaga yetadi. Keta va gorbusha kabi B. hayoti davomida bir marta uvildiriq tashlaydi. Koʻpchilik B. (yeles, nozaylo) koʻp yillar davomida har yili bir martadan, boshqalari (zogʻora, oq kumush, tovon baliq) yiliga bir necha marta uvildiriq tashlaydi. Ayrim B. (choʻrtan, oq qayroq) bahorda, koʻpchilik B. (zogʻora, oq kumush, moʻylovdor va b.) bahor — yoz oylarida, baʼzilari (gulmoy) kuzda urchiydi. Nalim va ripus qishda uvildiriq tashlaydi. Tuxumlari bir nechtadan (ayrim akulalar) 300 mln.gacha (oybaliq) yetadi. Bir qancha B. (gambuziya, ayrim togʻayli B.) tirik tugʻib koʻpayadi. B. har xil kattalikda boʻladi. Filippin orollari yaqinida tarqalgan pondako tanasining uz. 1 — 1,5 sm, ogʻirligi 1,5 g boʻlsa, eng yirik kit akulasining uz. 15— 20 m ga, ogʻirligi 12 — 14 t ga yetadi. B.ning yoshini tangachalari va baʼzi suyaklaridagi yillik halqachalariga qarab aniqlanadi. B. 1 — 2 yildan (tezsuzarlar) 100 — 120 yilgacha (beluga) umr koʻradi. Amudaryo va Sirdaryoda tarqalgan laqqa baliq 50 — 60 yilga yaqin yashaydi. Oziqlanish usuliga koʻra B.ning ogʻzi va tishlari har xil tuzilgan. B.ning faqat jagʻlarida emas, balki til, tanglay va halqumida ham tishlari boʻladi (choʻrtan, karas). B.ning tuxumdan chiqqan chavoqlari dastlab sariqlik xaltachasi hisobiga oziqlanadi, keyinchalik suv oʻtlari va bir hujayrali hayvonlar b-n oziqlana boshlaydi. Yirtqich B. (laqqa, choʻrtan, olabuga) boshqa B. hamda jonivorlarni yeydi. Zogʻora, moy, moʻylovdor B. oʻsimlik va xayvonlardan iborat aralash oziqlar b-n oziqlanadi. B.ning har xil rangda boʻlishi ular terisidagi pigmentli hujayralar — xromotoforlarga bogʻliq. Xromotoforlar nerv taʼsirida tashqi muhit rangiga mos ravishda rangini oʻzgartirish xususiyatiga ega. Bu hodisa B.ning dushmanlardan saqlanishida katta ahamiyat kasb etadi.