Mineral oʻgʻitlar
Mineral oʻgʻitlar — tarkibida oʻsimliklar uchun zarur oziq elementlari boʻlgan anorganik moddalar, asosan, tuzlar. Deyarli barcha Mineral oʻgʻitlar agronomik rudalargina kimyo sanoatida ishlab chiqariladi. Shuningdek, tabiiy tuzlar, mis, natriyli selitra (chili selitrasi), sanoat chiqindilari ham ishlatiladi. Mineral oʻgʻitlar 19-asrdan tarqala boshlagan. 20-asr oʻrtalaridan Mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarish va qoʻllash tez oʻsdi. Shungacha oʻgʻit sifatida, asosan, goʻng, kul va boshqa chiqindilar ishlatilgan. Mineral oʻgʻitlar tuproqqa (uning fizik, kimyoviy va biologiya xususiyatlariga) kuchli taʼsir qiluvchi vositadir; ular tuproqni oziq elementlari bilan boyitadi, tuproq eritmasi reaksiyasini oʻzgartiradi, mikrobiologik jarayonlarga taʼsir etadi va hokazo. Oʻsimliklar, asosan, ildizi orqali oziqlanishi tufayli Mineral oʻgʻitlar tuproqqa solinganda oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishiga, binobarin, dalalar, utlokdarning umumiy biologiya mahsuldorligiga faol taʼsir qiladi. Mineral oʻgʻitlar ekin hosilini oshiradi, sifatini yaxshilaydi: paxta, kanop, zigir va lub ekinlari tolasining texnologik xususiyatlarini, qand lavlagi, uzum tarkibidagi qand, kartoshkadagi kraxmal, dondagi oqsil miqdorini koʻpaytiradi. Mineral oʻgʻitlar organik oʻgʻitlar bilan qoʻshib ishlatilsa, yanada yaxshi natija beradi. Agronomik maqsadlarga koʻra, Mineral oʻgʻitlar bevosita va bilvosita ishlatiladigan oʻgʻitlarga boʻlinadi. Bevosita ishlatiladigan oʻgʻitlar tarkibida oʻsimliklar oziqlanishi uchun zarur azot, fosfor, kaliy, shuningdek, magniy, bor, rux, mis, molibden, marganets, oltingugurt kabi elementlar boʻladi. Bu guruhga kiradigan oʻgʻitlar, asosan, bir oziq elementli, mas, azotli, fosforli yoki kaliyli va kompleks, yaʼni aralash va murakkab oʻgʻitlardan iborat. Aralash Mineral oʻgʻitlar zavodda yoki xoʻjalikning oʻzida bir necha xil oʻgʻitni aralashtirib, murakkab oʻgʻitlar esa zavodda tayyorlanadi. Bilvosita ishlatiladigan Mineral oʻgʻitlar (mas, ohakli oʻgʻitlar, gips va boshqalar) asosan, tuproqning agrokimyoviy va fizikkimyoviy xususiyatlarini yaxshilashda qoʻllanadi. Mineral oʻgʻitlar qattiq, yaʼni kukunsimon, donador hamda suyuq — ammiakli suv, suyuq ammiak, ammiakatlar holida ishlab chiqariladi.
Mineral oʻgʻitlarning samaradorligi oʻsimlikning biologik xususiyatiga, har ga yerga solinadigan oʻgʻit normasiga, organik oʻgʻitlar bilan qoʻshib ishlatilishiga, qoʻllanadigan agrotexnika tadbirlari sifatiga va boshqalarga bogʻliq. Qishloq xoʻjaligi ekinlaridan eng yuqori hosil olish uchun tuproqqa solinadigan Mineral oʻgʻitlar meʼyorini toʻgʻri belgilash M.oʻ.dan foydalanishda muhim oʻrinda turadi va bu meʼyor oʻgʻit tarkibidagi sof taʼsir etuvchi oziq moddalarning kg/ga miqdori bilan belgilanadi. Mineral oʻgʻitlar oʻsimlikning biologik xususiyatlari, ularning oziq moddalarga talabi, tuprokda usimlik oʻzlashtiradigan elementlar miqdori, ishlatiladigan oʻgʻitlarning xususiyati, oʻsimlikning normal oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni hisobga olgan holda qoʻllanishi kerak. Mineral oʻgʻitlar yerga kuzda yoki erta baxrrda (asosiy oʻgʻitlash), ekish vaqtida va oʻsuv davrida (oʻsimliklarni oziqlantirish) solinadi. M.oʻ. ni notoʻgʻri qoʻllash biotsenozga katta zarar keltirishi, atrof muhitning ifloslanishiga sabab boʻlishi mumkin. Mineral oʻgʻitlar tuprokda har xil oʻzgarishlarga uchraydi, bu oʻzgarishlar oziq moddalarning eruvchanligiga, tuprokda harakatlanishi va usimliklarga singishiga taʼsir kursatadi.
Mineral oʻgʻitlarning samaradorligi juda yuqori. Hisobkitoblarga Karaganda, gʻuza 1 t paxta hosili toʻplash uchun sof 30-70 kg azot, 10-20 kg fosfor, 30-60 kg kaliyni oʻzlashtiradi. Ekinlar umumiy hosildorligining taxminan 50% ugʻitlarni qoʻllash, 25% nav afzalliklari va 25% yetishtirish texnologiyasi orkali taʼminlanadi. Toʻgʻri nisbatlarda koʻllanilgan NPK Mineral oʻgʻitlarning har bir kg i oʻrtacha 10 kg gʻalla yoki shunga ekvivalent boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini beradi. I.t. muassasalarining tekshirish natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda azot, fosfor va kaliyni qoʻllashning eng yaxshi nisbati 1:0,75:0,35 qilib belgilangan.
Jahonda 20-asrning 90-yillari boshida 150 mln.t. dan koʻproq M.oʻ. ishlab chiqarildi. AQSH, GFR, Fransiya, Italiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda M.oʻ. ishlab chiqarish rivojlangan va ularni qoʻllash aholi jon boshiga 32- 80 kg va undan ortiq NPK ni tashkil etadi. Oʻzbekistonda M.oʻ. 20-asrning 20-yillaridan qoʻllanila boshlagan. 2001-yilda Oʻzbekistonda 801 ming t (100% oziq modda hisobida) M.oʻ. ishlab chiqarildi[1].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |