Minoy sivilizatsiyasi
Minoy sivilizatsiyasi – Krit orolidagi Bronza davri sivilizatsiyasidir. Mahobatli arxitekturasi va joʻshqin tasviriy sanʼati bilan tanilgan ushbu sivilizatsiya koʻpchilik tomonidan Yevropa qitʼasidagi dastlabki sivilizatsiya sifatida tan olingan.
Geografik
chegaralari |
Krit oroli, Egey
dengizidagi qoʻshimcha manzilgohlar |
Davr | Bronza davri |
Boshlanish va
yakunlanish sanalari |
M. av. 3100 – 1100 yillar |
Asosiy manzilgohlar | Knossos, Phaistos,
Hagia Triada, Malia, Zakros |
Oldingi sivilizatsiya | Neolit davri Krit oroli |
Keyingi sivilizatsiya | Mikena Grek
sivilizatsiyasi |
Minoy sivilizatsiyasi orolda oldin mavjud boʻlgan Neolit davri madaniyatidan tahminan m.a. 3100 yillarda oʻsib chiqqan boʻlib, m.a. 2000 yillar atroflarida murakkab shaharlashuv alomatlari yuzaga kela boshlagan. Tahminan m. a. 1450-yillar atroflarida Minoy sivilizatsiyasi qitʼadagi MIkena yunon sivilizatsiyasining madaniy, ehtimol siyosiy taʼsir doirasiga tushib qoladi va natijada shakllangan qorishma madaniyat m. a. 1100 yillarga qadar davom etadi.
Minoyliklar ulkan binolar barpo etishgan boʻlib, dastlabki arxeologlar bu binolarni saroylar deb atashgan. Keyinchalik oʻtkazilgan tadqiqotlar bu binolar shunchaki hukmdorlar turar joylari emas, balki turli xil diniy va iqtisodiy tadbirlar oʻtkaziluvchi manzillar ekanini koʻrsatdi. Lekin bu binolarning Minoy jamiyatida aniq qanday rol oʻynagani hali-hanuz tadqiqotchilar bahs-munozarasiga sabab boʻladi. Ushbu saroylar odatda ulkan toʻrtburchak hukmdor zali va uni oʻrab turuvchi koʻp qavatli xonalar va boʻlmalar, labirintsimon yoʻlaklardan iborat boʻlgan. Knossos va Phaistos xarobalari bugungi kunda ham yirik turistik manzillar hisoblanadi.
Minoy sivilizatsiyasi sanʼati namunalari qatoriga bezakli kulolchilik buyumlari, muhrlar, kishik haykalchalar va rangin freskalarni keltirish mumkin. Tadqiqotchilar fikricha, Minoy sivilizatsiyasi vakillari asl freskani ixtiro qilishgan boʻlib, bunda devorga surilgan boʻyoq devorning bir qismiga aylanishiga erishiladi. Sanʼat asarlarlarida tanlangan odatiy mavzular tabiat va turli marosimlardir. Minoy sanʼati fantastik, yoki ekstatik sifatga ega boʻlib, asarlarda obrazlar harakatda aks ettirilgan.
Minoy sivilizatsiyasining ijtimoiy tabaqalanishi haqida bizga juda oz maʼlumotlar maʼlum. Dafn marosimlari va xonaki arxitektura ijtimoiy tabaqalanish mavjudligidan dalolat beradi, lekin Minoy tasviriy sanʼatida hech qanday shubhasiz hukmdor tasvirini uchratmaymiz. Lekin Qadimgi Misr solnomalarida Minoyliklarning muayyan davlat boshqaruv tizimiga ega ekanliklari keltiriladi. Xuddi shu yoʻsinda, baʼzi manzilgohlar siyosiy va iqtisodiy jihatdan bir-biri bilan bogʻliq tuyilsada, birlashgan Minoy davlati, yoki davlatlari mavjud boʻlgani ham aniq emas. Diniy amaliyotlar sifatida tepaliklardagi ibodat manzilgohlari va muqaddas gʻorlarda sigʻinish amaliyotini keltirish mumkin, biroq Minoyliklar Panteoni yoki xudolari haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas.
Minoyliklar Egey dengizi va Sharqiy Oʻrta yer dengizi boʻylab keng koʻlamli savdo aloqalarini olib borishgan. Ular odatda qishloq xoʻjalik mahsulotlari va qimmatbaho hunarmandchilik buyumlarini eksport qilib, evaziga orolda topilmaydigan metallarni import qilishgan. Savdogarlar va hunarmandlar orqali Minoy madaniyati Krit sarhadlaridan oʻtib, Kikladlar, Kipr, Misr, Italiya, Anatoliya va Levantgacha yetgan. Minoylik sanʼatkorlar huroj davlatlari hukmdorlari tomonidan yollangan boʻlib, bunga misol sifatida Misrdagi Avaris freskalarining Minoylik usta-sanʼatkorlar tomonidan ishlanishini keltirish mumkin.
Minoyliklar ikki yozuv oʻylab topishgan boʻlib, ular Krit ierogliflari va Chiziqli A deb nomlanadi. Bu yozuvlarning hech biri zamonaviy olimlar tomonidan oʻrganilmagani tufayli, Minoyliklarning tili borasida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Mavjud maʼlumotlarga asoslangan holda olimlar Minoyliklar tili Hind-yevropa, yoki Som kabi mashhur va maʼlum til oilasiga tegishli boʻlmaganini faraz qilishadi. M. a. 1450-yillardan keyin Chiziqli A alifbosining oʻzgargan koʻrinishi boʻlmish Chiziqli B alifbosi Mikena yunon tilida qoʻllangan va bu til Kritda davlat boshqaruvi tili hisoblangan. Bir nechta Bronza davridan keyingi yozuvlarda qoʻllangan Eterokrit tili Minoy tilidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin degan tahminlar mavjud.
Soʻnggi Bronza davri inqirozidan keyin asosan unutilgan Minoy sivilizatsiyasi XX asr boshlarida arxeologik qazishmalar orqali qayta kashf etildi. „Minoy“ atamasi „Minoan“ shaklida britan arxeologi Arthur John Evans tomonidan muomalaga kiritilgan boʻlib, Artur Evans Knossos saroyini qazishda ishtirok etgan va uni qitʼadagi Mikena madaniyatidan oʻzgacha ekanini aniqlagan. Koʻp oʻtmay, Federico Halbherr va Luigi Pernier Phaistos saroyi va uning yaqinidagi Hagia Triada manzilgohida qazishma ishlarini olib borishgan. Sohada yirik siljish 1952-yilda Michael Ventris Alice Kober tomonidan olib borilgan oldingi tadqiqotlarga tayangan holda Chiziqli B alifbosini qayta kashf etishi bilan sodir boʻldi. Bu kashfiyot Minoy sivilizatsiyasining soʻnggi davrlaridagi iqtisodiy tizim va ijtimoiy tartibotlar boʻyicha koʻplab qimmatli maʼlumotlarning aniqlanishiga imkon yaratdi. Minoy sivilizatsiyasi manzilgohlarida bugungi kunda ham qazishma ishlari davom etmoqda va Armenidagi qabristonda va Kommos port shaharchasida yaqinda kashfiyotlar amalga oshirildi.
Nomi
tahrir„Minoy“ atamasi afsonaviy podshoh Minos nomidan olingan boʻlib, qadimgi yunonlar Minosning uzoq oʻtmishda Knossosda hukm surgani toʻgʻrisida soʻzlashgan. Bu nom Artur Evans tomonidan ommalashtirilgan boʻlib, bunga Karl Hoeck tomonidan oldinroq ilgari surilgan taklif sabab boʻlgan boʻlishi ham mumkin. Bu atama zamonaviy atama boʻlib, Minoyliklar bundan oʻzlari foydalanishmagan va ularning oʻzlari uchun bergan nomlari biz uchun nomaʼlum.[1][2] Qadimgi misrliklar Minoyliklarni „Keftiu“ (k-f-t-i-w) deb nomlashgan.[3][4]
Xronologiya va tarixi
tahrirM.av. 3100–2650 [5] | QMI | Pre-palatal |
M.av. 2650–2200 | QMII | |
M.av. 2200–2100 | QMIII | |
M.av. 2100–1925 | OʻMIA | |
M.av. 1925–1875 | OʻMIB | Proto-palatal (Qadimgi saroy davri) |
M.av. 1875–1700 | OʻMII | |
M.av. 1750–1700 | OʻMIII | Neo-palatal (Yangi saroy davri) |
M.av. 1700–1625 | SMIA | |
M.av. 1625–1470 | SMIB | |
M.av. 1470–1420 | SMII | Post-palatal |
M.av. 1420–1330 | SMIIIA | |
M.av. 1330–1200 | SMIIIB | |
M.av. 1200–1075 | SMIIIC |
Minoyliklar tarixini oʻrganishda ikkita nisbiy xronologik tizimlar qoʻllanadi. Ulardan birinchisi kulolchilik buyumlari naqshlaridagi oʻzgarishlarga asoslangan boʻlib, unga koʻra Minoy sivilizatsiyasi tarixi uch davrga boʻlinadi: Qadimgi Minoy (QM) Oʻrta Minoy (OʻM) va Soʻnggi Minoy (SM). Bu davrlarning har birini ham Rim raqamlardan foydalangan holda davrlarga boʻlish mumkin (masalan, QM I, QM II, QM III) va bosh harflardan foydalanib, bularni ham davrlarga boʻlish mumkin (masalan, SM IIIA, SM IIIB, SM IIIC). Ikkinchi tizim grek arxeologi Nikolaos Platon tomonidan taklif qilingan boʻlib, unda Minoy sivilizatsiyasi tarixi toʻrt davrga boʻlinadi va bu davrlar Pre-palatal (saroy qurilishidan oldingi), Proto-palatal (saroy qurilganidan keyingi dastlabki davr), Neo-palatal (saroy qurilishining soʻnggi davrlari) va Post-palatal (vayron etilgandan keyingi davr) davrlardir. Palata – saroy, yaʼni Knossosdagi podshoh saroyining qurilishi murojaat murojaat nuqtasi sifatida olingan.
Bu borada mutlaq xronologiyani oʻrnatish mushkul. Arxeologlar Minoy tarixi bilan oʻsha davrda yashagan va biz uchun koʻproq maʼlum boʻlgan boshqa sivilizatsiyalar tarixidagi voqealarni solishtirish orqali Minoy sivilizatsiyasida sodir boʻlgan voqealar kalendarini ishlab chiqishga urinishgan. Misol uchun, Minoy tarixining SM IB qismiga tegishli boʻlgan topilmalar Qadimgi Misr 18-chi sulolasi davri topilmalari orasida topilgan va Qadimgi Misr xronologiyasi bu sulola davrida sodir boʻlgan voqealar uchun kalendarga ega. Lekin bu yoʻl bilan aniqlangan sanalar har doim ham uglerod sana-aniqlovi yoki shunga oʻxshash boshqa tabiiy fanlarga asoslangan sana aniqlovi metodlari natijalari bilan mos tushmaydi. Bunga misol sifatida Thera vulqoni otilishi sanasini aniqlash borasidagi bahslarni keltirish mumkin. Bu voqea SM IA davri soʻngida sodir boʻlgan, lekin karbon sana aniqlovi natijalariga koʻra bu voqea tahminan m. a.1600 yillarga toʻgʻri kelsa (shunday ekan, SM IA), Qadimgi Misr solnomalari bilan solishtirish metodi bu sanani tahminan bir asrcha keyin sodir boʻlganini koʻrsatadi.[6][7]
Kelib chiqishi
tahrirTosh-qurollar topilmalari gomininlarning Kritga 130,000 yil oldin yetib borganidan dalolat bersada, anatomik jihatdan zamonaviy koʻrinishga ega boʻlgan insonlar Kritda 10,000 – 12,000 yildan beri yashab kelmoqda.[8][9] Kritda eng qadimgi inson istiqomati dalili sifatida m. av. 7000 yillarga borib taqaluvchi Neolit davri ziroatchilar jamoasi qoldiqlarini keltirish mumkin.[10] Neolit davri aholisi ochiq qishloqlarda hayot kechirganlar. Qirgʻoqlarda baliqchilar kulbalari topilgan boʻlsa, Messara tekisligi qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanilgan.[11]
Qadimgi Minoy
tahrirQadimgi Minoy jamiyati asosan oldingi Neolit davri jamoalaridan kelib chiqqan boʻlib, sharqda yashovchi aholidan muayyan darajada madaniy taʼsir, ehtimol aholi koʻchib kelishi ham kuzatilgan. Bu davrda shuningdek mahalliy, klanlarga asoslangan qishloq maʼmuriyatlaridan shaharlashgan, tabaqalashgan jamiyatga oʻtish jarayoni boshlangan.[12]
QM I davrida dastlabki boʻyoq bilan bezatilgan kulolchilik buyumlari yaratila boshlangan. Neolit davrida boshlangan jarayon davom etib, aholi manzilgohlari tobora oʻsib, murakkablashib bordi. Minoyliklar murakkab sharoitlarni ham oʻzlashtirishni boshlashi bilan manzilgohlar quyidagi serhosil tekisliklardan tepaliklar tomon kengayib bordi.[12][13]
QM II davri odatda baynalmilal davr deb ataladi. Savdo aloqalari kengayib, Minoy kemalari Egey dengizidan tashqariga chiqishni, Misr va Suriya tomonga suzishni boshladi va bunga yelkanli kemalarning ixtiro qilinishi ham yoʻl ochgan boʻlishi mumkin. Ushbu davr Minoy moddiy madaniyati ham tashqi taʼsirning kuchayganini koʻrsatadi. Masalan, Yaqin Sharqda mavjud boʻlgan muhrlar andozasida yangi Minoy muhrlari qabul qilinadi. Minoy manzilgohlari oʻzim, hajman ikki karraga kengaygan, keyinchalik saroylar boʻluvchi hududlarda yangi mahobatli binolar barpo etilgan.[12][14]
QM III davrida ham yuqoridagi trendlar rivojlanishda davom etdi.
Oʻrta Minoy
tahrirOʻM I davrida proto-palatal jamiyat shakllandi. OʻM IA davrida Knossos, Phaistos va Malia kabi manzilgohlar aholisi shiddat bilan oʻsib, yirik qurilish ishlari olib borilgan. OʻM IB davrida shu hududlarda, yaʼni Neolit davridan buyon umumiy marosimlar oʻtkaziluvchi hududlarda dastlabki saroylar qad koʻtargan. Oʻrta Minoy hunarmandlari rang-barang boʻyoqlar ishlab chiqishgan va OʻM IB davrida kulolchilik gʻildiragidan foydalana boshlashgan.[12][15][16]
OʻM II davrida Minoy yozuvlari boʻlmish Krit ieroglifi va Chiziqli A yozuvlari ishlab chiqilgan. Bu davr ommaviy vayronagarchiliklar davri bilan nihoyasiga yetadi. Bu vayronagarchiliklar odatda zilzilalar bilan bogʻlasada, baʼzilar buni inson qoʻli bilan sodir etilganini tahmin qiladi.[15][17]
OʻM III davridan neo-palatal davr boshlanadi. Phaistosdagi saroyni hisobga olmaganda, koʻpchilik saroylar yangi meʼmorchilik ixtirolari qoʻllangan holda qaytadan barpo etiladi. Krit ierogliflaridan voz kechilib, Chiziqli A yozuviga oʻtiladi va Minoyning madaniy taʼsiri qitʼadagi Yunonistonda ham sezila boshlaydi.[15][18]
Soʻnggi Minoy
tahrirSoʻnggi Minoy davri voqealarga boy davr boʻlib, bunda Minoy jamiyati chuqur oʻzgarishlarni boshdan kechirdi. MInoy madaniyatining koʻplab eng taniqli namunalari aynan shu davrga bogʻliq boʻlib, bularga misol sifatida Ilon ilohasi haykalchalarini, La Parisienne freskosini va marina kulolchilik bezak shakllarini keltirish mumkin.[19]
Soʻnggi Minoy I (tahminan m. av. 1700-1470) davri badavlat neo-palatal madaniyatining davomi edi. Bu davrdagi muhim hodisa sifatida Thera vulqonining otilishini keltirish mumkin boʻlib, bu hodisa tahminan m. av. 1600-yillarda, SM IA davrida sodir boʻldi.[19] Qayd etilgan tarixdagi eng yirik vulqonlardan boʻlmish bu vulqon otilishi natijasida yer yuzasiga 60-100 kub-kilometr modda otilib chiqqan va Vulqon faolligi indeksi boʻyicha 7 shkala bilan belgilangan.[20][21] Garchi vulqon otilishi natijasida Akrotiri kabi bir nechta Kiklad manzilgohlari vayron boʻlib, Shimoli-sharqiy Kritdagi baʼzi manzilgohlar tashlab ketilgan boʻlsada, Knossos kabi boshqa Minoy manzilgohlari rivojlanishda davom etgan. Vulqondan keyingi SM IB davrida (tahminan m. av. 1625-1470) yangi mahobatli binolar qurilib, xalqaro savdo rivojlangan, marina kulolchilik bezak shakli turi rivojlana boshlagan.[19]
Soʻnggi Minoy IB davri orol boʻylab bir necha vayronagarchiliklar natijasida oʻz yakuniga yetadi va bu bilan neo-palatal jamiyat ham barham topadi. Bu vayronagarchiliklar inson qoʻli bilan sodir etilgani tahmin qilinadi, chunki bu vayronagarchiliklardan omon qolgan hududlar ham mavjud boʻlib, bu ofatning tabiiy sabablarga koʻra sodir boʻlishi ehtimolini yoʻqqa chiqaradi. Masalan, Knossos shaharchasi yongʻin ichida qolgan bir paytda saroyda yongʻin sodir boʻlmagan. Bu vayronagarchiliklar sabablari koʻp yillik bahslarga mavzu boʻlib kelmoqda. Baʼzi tadqiqotchilar buni Mikenalik istilochilarga bogʻlasa, qolganlar bunga sabab sifatida ichki nizolar va gʻalayonlarni keltirishadi. Yoki, baʼzi tadqiqotchilar bu vayronagarchiliklarni Thera vulqoni otilishi oqibatida yuzaga kelgan tabiiy beqarorlikning kechilib kelgan taʼsiri sifatida taʼriflashsa, boshqalar bu ikki hodisaning vaqtda bir-biridan juda uzoqda sodir boʻlganini, shu sababdan ham ular orasida sababiy aloqadorlik mavjud emasligini taʼkidlashadi.[19]
Soʻnggi Minoy II (m. av. 1470-1420) davri arxeologik qazishmalarda koʻp uchramaydi, biroq bu davr ham tanazzul davri boʻlgani tahmin qilinadi.[19]
Soʻnggi Minoy III (m. av. 1420-1075) davri ham chuqur ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarga boy boʻlgan. Saroylar orasida faqatgina Knossos saroyi ishlab turgan, biroq SM IIIB2 davriga kelib bu saroy ham vayron etilgan. Maʼmuriyat tili Mikena yunon tiliga oʻtgan va moddiy madaniyat ham qitʼaning taʼsiri kuchayganini, yunoncha soʻzlashuvchi zodagonlar taʼsiri oshganini koʻrsatadi.[19][22] Soʻnggi Minoy IIIC davri boshqa mintaqalarda sodir boʻlayotgan Soʻnggi Bronza davri inqirozi bilan toʻgʻri kelib, qirgʻoqda joylashgan manzilgohlar aholisi oʻz manzillarini tashlab, tepaliklardagi yaxshiroq mudofaa qilinishi mumkin boʻlgan manzilgohlarga koʻchib ketishgan. Bu kichik qishloqlarning baʼzilari oldingi togʻ ibodat joylaridan oʻsib chiqqan boʻlib, ular Dastlabki Temir davriga qadar oʻzlarining Minoy madaniyatlarini saqlab qolishgan.[19][23]
Geografiyasi
tahrirMinoy sivilizatsiyasi asosan Krit orolida joylashgan boʻlib, Egey dengizidagi orollarda qoʻshimcha manzilgohlar ham mavjud boʻlgan. Krit Egey dengizi joanubida, Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqni bir-biri bilan bogʻlovchi dengiz savdo yoʻllari ustida joylashgan. Orol Oʻrtayer dengizi va Afrika iqlim mintaqalari chegarasida joylashgani va turli balandlikdagi qismlardan iborat ekani tufayli, orolda turli-tuman tabiiy boyliklar mavjud boʻlgan. Biroq, orolda metall qazilma boyliklari mavjud boʻlmagan va tadqiqotchilar fikricha aynan shu minoyliklarni xalqaro savdo tomon yetaklagan. Orol seysmik faol nuqtada joylashgan boʻlib, koʻpchilik Minoy manzilgohlarida zilzila tufayli vayronagarchilik nishonalari saqlanib qolgan. Minoy manzilgohlarining koʻpchiligi Krit orolining markaziy va sharqiy qismlarida joylashgan boʻlib, gʻarbda, ayniqsa janubda ham baʼzi manzilgohlar mavjud.
Asosiy manzilgohlar
tahrir- Knossos – Krit orolidagi eng yirik Bronza davriga oid arxeologik manzilgoh. Knossos m. av. 2500-yillarda tahminan 1,300-2,000 aholiga, m. av. 2000-yillarda 18,000 aholiga, m. av. 1600-yillarda 20,000-100,000 aholiga, m. av. 1360-yillarda 30,000 aholiga ega boʻlgan.[24][25]
- Phaistos – Oroldagi Knossosdan keyingi ikkinchi eng yirik saroy. Knossos qoldiqlari kashf etilganidan koʻp oʻtmay kashf etilgan.
- Hagia Triada – Phaistos yaqinidagi shaharcha va maʼmuriyat markazi. Chiziqli A lavhalarining eng yirik manbasi topilgan joy.
- Kommos – Phaistos va Hagia Triada shaharchalari uchun port sifatida xizmat qiluvchi shaharcha. Saroy memorchiligi obidalari qarshisida fuqarolar va jamoat binolari qad koʻtargan.
- Malia – fransuzlar qazishma ishlari olib borgan manzilgoh. Manzilgohdagi saroy kompleksi proto-palatal davr haqida koʻplab maʼlumot beradi.
- Kato Zakros – grek arxeologlari tomonidan orolning uzoq sharqiy qismida qazib kashf etilgan dengiz-boʻyi saroy komnpleksi. Arxeologik adabiyotlarda „Zakro“ nomi bilan ham tanilgan.
- Galatas – 1990-yillar boshlarida saroy kompleksi ekani tasdiqlangan manzilgoh.
- Kydonia (bugungi Chania) – Krit gʻarbidagi yagona saroy kompleksi qoldiqlari.
- Gournia – XX asrning birinchi choragida qazib chiqarilga shaharcha.
- Pyrgos – Krit janubidagi eng qadimgi Minoy davriga oid manzilgoh.
- Vasiliki – Qadimgi Minoy davriga oid sharqiy manzilgoh. Oʻziga xos sopol idishlar uslubiga shu nom berilgan.
- Fournou Korfi – janubiy manzilgoh.
- Pseira – turli marosimlar manzilgohlari joylashgan orol-shaharcha.
- Juktas togʻi – Knossos saroyi bilan bogʻliq boʻlgan eng mashhur Minoy togʻ ibodat manzili.[26]
- Arkalochori – Arkalochori oyboltasi topilgan manzilgoh.
- Karfi – boshpana manzilgohi, eng soʻnggi Minoy manzilgohlaridan biri.
- Akrotiri – Santorini orolida joylashgan, Thera vulqoni otilishi joyi yaqinidagi manzilgoh.
- Zominthos – Ida tog'i shimoliy etaklarida joylashgan shahar.
Kritdan tashqarida
tahrirMinoyliklar savdogarlar boʻlib, ularning madaniy aloqalari Misr, Kipr, Kanʼon, Levant sohili va Anatoliyaga qadar yetgan. Minoy uslubidagi freskolar Avaris va Tel Kabridagi zodagonlar xonadonlaridan topilgan. Minoy kulolchilik uslublari va bezak koʻrinishlari Ellada madaniyatiga ulkan taʼsir oʻtkazgan. Santorinidan tashqari, Minoy sivilizatsiyasiga oid manzilgohlar[27] Kastri, Kytherada topilgan. Bu qitʼadagi Yunoniston qirgʻogʻi yaqinida joylashgan orol boʻlib, u m. av. uchinchi mingyillik oʻrtalaridan (QM II) boshlab m. av. XIII asrda Mikenaliklar tomonidan bosib olinguniga qadar Minoy sivilizatsiyasi taʼsirida boʻlgan.[28][29] Bu orolda qitʼaga asoslangan Bronza davri madaniyati oʻrniga Minoy madaniyati kirib kelgan boʻlib, bu Kritdan tashqaridagi eng qadimgi Minoy madaniyati manzilgohi hisoblangan.[30]
Kikladlar ham Minoy madaniy taʼsir doirasida boʻlib, Karpathos, Saria va Kasos kabi Kritga yaqin joylashgan orollarda ham Bronza davri oʻrtalari (OʻM I-II) Minoy sivilizatsiyasi koloniyalari yoki Minoylik savdogarlar manzilgohlari mavjud boʻlgan. Ularning koʻpchiligi SM I davriga kelib tashlab ketilgan, lekin Karpathos Minoy madaniyatini tiklagan va bu madaniyat orolda Bronza davri yakuniga qadar davom etgan.[31] Boshqa Minoy sivilizatsiyasi koloniyalari sifatida faraz qilingan manzilgohlar, masalan Adolf Furtwängler tomonidan Aegina orolida mavjud boʻlgan, deb tahmin qilingan Minoy manzilgohi keyinchalik boshqa olimlar tomonidan inkor etilgan.[32] Lekin Rodos orolidagi Ialysos yaqinida Minoy koloniyasi mavjud boʻlgan.[33]
Minoy madaniy taʼsir doirasi Kikladlardan tashqari Misr va Kiprgacha choʻzilgan. Qadimgi Misrdagi Fiva shahrida m. av. XV asrga borib taqaluvchi devoriy tasvirlar Minoycha koʻrinishdagi kishilarning sovgʻa koʻtarib kelayotganini tasvirlaydi. Yozuvlarda ular keftiu („dengiz oʻrtasidagi orollar“) oʻlkasidan kelayotgani aytiladi va bu ularning sovgʻa-salomlar bilan Kritdan kelgan savdogarlar yoki amaldorlar ekanini anglatishi mumkin.[4]
Kritdagi baʼzi manzilgohlar Minoyliklarning tashqi dunyo bilan chambarchas aloqalarni saqlab turuvchi jamiyat ekanini koʻrsatadi.[34] Kato Zakros neo-palatal manzilgohi bugungi sohildan 100 metr masofada joylashgan boʻlib, undagi ustaxonalar, turli buyumlarning soni manzilgohning savdo portlaridan biri boʻlganidan dalolat beradi. Bunday faoliyat turlarini dengizning sanʼat asarlarida ifoda etilishida ham kuzatish mumkin boʻlib, Akrotiridagi Gʻarbiy uyning beshinchi xonasidagi „Flotilla“ freskosi bunga misol boʻla oladi.[35]
Manbalar
tahrir- ↑ Karadimas, Nektarios; Momigliano, Nicoletta (2004). „On the Term 'Minoanʼ before Evans’s Work in Crete (1894)“ (PDF). Studi Micenei ed Egeo-anatolici. 46 (2): 243–258.
- ↑ Bennet, John (2015-07-30), „Minoan civilization“, Oxford Research Encyclopedia of Classics, Oxford University Press, qaraldi: 2023-08-17
- ↑ Kozloff, Arielle P.. Amenhotep III: Egypt's Radiant Pharaoh. Cambridge University Press — 211-bet. ISBN 978-1-139-50499-7.
- ↑ 4,0 4,1 Dickinson, Oliver. The Aegean Bronze Age, Cambridge World Archaeology. Cambridge University Press, 2005.
- ↑ Ushbu xronologiya Manning (2012) maʼlumotlariga asoslanadi. Bu yerda keltirilgan mutlaq sanalar radio-uglerod sana aniqlov tizimi maʼlumotlariga asoslanadi va ular boshqa manbalarga toʻgʻri kelmasligi mumkin.
- ↑ Manning, Sturt W.; Ramsey, C.B.; Kutschera, W.; Higham, T.; Kromer, B.; Steier, P.; Wild, E.M. (2006). „Chronology for the Aegean Late Bronze Age“. Science. № 312. 565–569-bet. Bibcode:2006Sci...312..565M. doi:10.1126/science.1125682. PMID 16645092.
- ↑ Keenan, Douglas J. (2003). „Volcanic ash retrieved from the GRIP ice core is not from Thera“. Geochemistry, Geophysics, Geosystems. 4-jild, № 11. doi:10.1029/2003gc000608. ISSN 1525-2027.
- ↑ „On Crete, New Evidence of Very Ancient Mariners (Published 2010)“ (en) (2010-yil 15-fevral). Qaraldi: 2023-yil 20-avgust.
- ↑ News, Bruce Bower, Science. „Hominids Went Out of Africa on Rafts“ (en-US). Wired. Qaraldi: 2023-yil 20-avgust.
- ↑ Broodbank, C.; Strasser, T. (1991). „Migrant farmers and the Neolithic colonisation of Crete“. Antiquity. № 65 (247). 233–245-bet. doi:10.1017/s0003598x00079680.
- ↑ Hermann Bengtson. Griechische Geschichte, 9th Edition, München: C.H. Beck, 2002 — 8 - 15-bet. ISBN 340602503X.
- ↑ 12,0 12,1 12,2 12,3 Tomkins, Peter; Schoep, Ilse „Crete“, . The Oxford Handbook of the Bronze Age Aegean Cline, Eric: . Oxford University Press, 2012 — 66–82-bet. DOI:10.1093/oxfordhb/9780199873609.013.0005. ISBN 978-0199873609.
- ↑ Watrous, L. Vance. Minoan Crete: An Introduction. Cambridge University Press, 2021 — 35–38-bet. ISBN 9781108440493.
- ↑ Watrous, L. Vance. Minoan Crete: An Introduction. Cambridge University Press, 2021 — 38–48-bet. ISBN 9781108440493.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 Schoep, Ilse „Crete“, . The Oxford Handbook of the Bronze Age Aegean Cline, Eric: . Oxford University Press, 2012 — 113–125-bet. DOI:10.1093/oxfordhb/9780199873609.013.0008. ISBN 978-0199873609.
- ↑ Hallager, Birgitta „Minoan Pottery“, . The Oxford Handbook of the Bronze Age Aegean Cline, Eric: . Oxford University Press, 2012 — 405–414-bet. DOI:10.1093/oxfordhb/9780199873609.013.0030. ISBN 978-0199873609.
- ↑ Watrous, L. Vance. Minoan Crete: An Introduction. Cambridge University Press, 2021 — 52–76-bet. ISBN 9781108440493.
- ↑ Karl-Wilhelm Welwei. Die Griechische Frühzeit. München: C.H. Beck, 2002 — 12–18-bet. ISBN 3406479855.
- ↑ 19,0 19,1 19,2 19,3 19,4 19,5 19,6 Hallager, Erik „Crete“, . The Oxford Handbook of the Bronze Age Aegean Cline, Eric: . Oxford University Press, 2012 — 149–159-bet. DOI:10.1093/oxfordhb/9780199873609.013.0011. ISBN 978-0199873609.
- ↑ McCoy, FW; Dunn, SE (2002). „Modelling the Climatic Effects of the LBA Eruption of Thera: New Calculations of Tephra Volumes May Suggest a Significantly Larger Eruption than Previously Reported“ (PDF). Chapman Conference on Volcanism and the Earth’s Atmosphere. Thera, Greece: American Geographical Union.
- ↑ Sigurdsson, H; Carey, S; Alexandri, M; Vougioukalakis, G; Croff, K; Roman, C; Sakellariou, D; Anagnostou, C; Rousakis, G (2006). „Marine Investigations of Greece's Santorini or Akrotiri Volcanic Field“. Eos. 87-jild, № 34. 337–348-bet. Bibcode:2006EOSTr..87..337S. doi:10.1029/2006EO340001.
- ↑ Watrous, L. Vance. Minoan Crete: An Introduction. Cambridge University Press, 2021 — 188-201-bet. ISBN 9781108440493.
- ↑ Watrous, L. Vance. Minoan Crete: An Introduction. Cambridge University Press, 2021 — 197–201-bet. ISBN 9781108440493.
- ↑ Castleden, Rodney. The Knossos Labyrinth. Routledge, 2012. ISBN 9781134967858.
- ↑ Castleden, Rodney. Minoan Life in Bronze Age Crete. Routledge, 2002. ISBN 9781134880645.
- ↑ Donald W. Jones. Peak Sanctuaries and Sacred Caves in Minoan Crete, 1999. ISBN 91-7081-153-9.
- ↑ Best, Jan G. P.; Vries, Nanny M. W. de. Interaction and Acculturation in the Mediterranean: Proceedings of the Second International Congress of Mediterranean Pre- and Protohistory, Amsterdam, 19–23 November 1980. John Benjamins Publishing, 1980. ISBN 978-9060321942.
- ↑ The Minoan Thalassocracy: Myth and Reality Hägg, R.; Marinatos N.: , Stockholm, 1994.
- ↑ Branigan, Keith (1981). „Minoan Colonialism“. The Annual of the British School at Athens. № 76. 23–33-bet. doi:10.1017/s0068245400019444. JSTOR 30103026.
- ↑ J. N. Coldstream; G. L. Huxley. Kythera: Excavations and Studies Conducted by the University of Pennsylvania Museum and the British School at Athens. London: Faber & Faber, 1972.
- ↑ Melas, E. M. (1985). „The Islands of Karpathos, Saros and Kasos in the Neolithic and Bronze Age“. Studies in Mediterranean archaeology. № 68. Gothenburg.
- ↑ James Penrose Harland. Prehistoric Aigina: A History of the Island in the Bronze Age. Paris: ch. V., 1925.
- ↑ Furumark, Arne (1950). „The settlement at Ialysos and Aegean history c. 1500–1400 B.B.“. Opuscula archaeologica. № 6. Lund.
- ↑ Hoffman, Gail L. Imports and Immigrants: Near Eastern Contacts with Iron Age Crete. University of Michigan Press. ISBN 978-0472107704.
- ↑ Warren, Peter (1979). „The Miniature Fresco from the West House at Akrotiri, Thera, and Its Aegean Setting“. The Journal of Hellenic Studies. № 99. 115–129-bet. doi:10.2307/630636. ISSN 0075-4269. JSTOR 630636.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |