Mirdoʻstum chuhra oqosi masjidi
Mirdoʻstum chuhra oqosi masjidi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Masjid Buxoro xoni shayboniy Abdullaxon II davrida harbiy sarkarda Mirdoʻstum Chuhra oqosi tomonidan 1585—1586-yillarda bunyod etilgan. Masjid unchalik katta boʻlmasada juda qulay arxitekturaviy yechimga ega. Masjid 1695—1696-yillardagi vaqf hujjatlarida Xonaqoyi labi hauzi Mir Doʻstim nomi bilan tilga olingan[1]. Ushbu masjid ikki tomoni ayvon bilan oʻrab olingan. Masjid darvozaxonasi boʻlib, oʻziga xos yechimga ega. Darvozaxonaning besh qirrali toqi janubiy tomondagi devorda yasalgan va unchalik katta boʻlmagan peshtoq bilan ajralib turadi. Masjid fasadida sopol koshinli kitoba saqlanib qolgan. Masjid tavaqalarida „Tayyiba“ kalimasi keltirilgan. Masjid xonaqosiga olib kiruvchi ikkita qadimiy eshik saqlangan. Masjid shimoliy tomoni qarshisida madrasa hujralari va maktab binosi oraligʻida bir hovli ham mavjud. XX asr boshlarida masjid shimoliy tomonida bir madrasa qurilgan. Masjidda 2000-yilda kichik taʼmirlash ishlari olib borilgan[2]. Masjid tashqi peshtoqida naqshinkor usulda kitobalar moviy fondda suls xatida yirik harflar bilan yozilgan. Soʻnggi taʼmirlash ishlarida kitoba matn parchalari chalkashtirib yuborilgan. Faqatgina bitikda qurdirgan podshohning nomi va duo soʻzlarini uchratish mumkin. Kitobada shunday yozilgan edi: „Buni Abdulaziz ibn Muhammad Obid toʻqqiz yuz toʻqson uchinchi (1585—1586) yilda yozdi[3]“. Masjid darvozasi tabaqalarining oʻng va chap tomonlarida „Tayyiba“ kalimasi suls xatida keltirilgan. Masjid ayvoni devorlarida oq rang ganch ustiga qora siyoh bilan sheʼriy kitobalar saqlanib qolgan. Bu parchalarda Hofiz Sheroziy gʻazali keltirilgan. Qolgan kichik sheʼrlarning koʻp qismi oʻchib ketgan va muallifi nomaʼlum[4]. Masjid ayvonidagi mehrobda Hofiz Sheroziy gʻazalidan ikki misra keltirilgan[5]. Mazkur masjid 2023-yildan boshlab taʼmirlanmoqda.
Mirdoʻstum chuhra oqosi masjidi | |
---|---|
Muqobil nomlari |
Mirdoʻstum chuhra oqosi masjidi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Tarixiy obida |
Turi | masjid |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | XIX asr |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch |
Manbalar
tahrir- ↑ Cухарева 1976, s. 153.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 459.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 461.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 464.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 465.
Adabiyotlar
tahrirIlmiy adabiyotlar
tahrir- Сухарева О.А. Квартальная община позднефеодального города Бухары (в связи с историей кварталов). Москва: Наука, 1976 — 370-bet.
- Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6.