Miriy (Kattaqoʻrgʻon)

Miriy (taxallusi; asl ism-sharifi Ochildimurod Neʼmatilla oʻgʻli) (1830Kattaqoʻrgʻon1899) — oʻzbek shoiri va xattot.

Kattaqoʻrgʻondagi Naqibxoʻja va Buxoro madrasalarida oʻqigan. Kalliqoʻrgʻon mavzeida qozilik qilgan (1888). Miriyning mukammal devoni, ikkita bayozi, qator epik asarlari saqlangan. Miriy ijodining asosiy qismini uning dostonlari egallaydi. "Raʼno va Zebo" (1884) dostonini forsiyda yozgan. Miriy tarixiy voqealar asosida romantik uslubda "Qissai Salim Javhariy" (1887), "Rustam va Suhrob" (1898), "Majdiddin va Faxruniso" (1899) dostonlarida adolatli tuzum, farovon turmush, komil inson haqidagi ilgʻor fikrlari aks etgan. "Gulnoma", "Choynoma" kabi masnaviylarida hayot haqidagi falsafiy-estetik qarashlari oʻz ifodasini topgan.

Miriy Firdavsiy "Shohnomasi"ning bir qismini va Husayn Voiz Koshifiyning "Anvori Suxayliy" asarini sheʼriy yoʻlda turkiyga tarjima qilgan. Navoiy, Jomiy, Saʼdiy va boshqa shoirlarning ayrim asarlarini nasx va nastaʼliq xatlarida koʻchirgan.

Miriy gʻazallarida hayot ziddiyatlari, turmushdagi tartibsizliklar, nohaqliklarni tasvirlagan. Hajviy sheʼrlarida esa riyokor qozilar va mirshablarni fosh etgan. Shoir lirikasi, hajviyoti va epik asarlari yuksak badiiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Miriy asarlari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti, SamDUning asosiy kutubxonasi fondlarida saqlanadi.

ManbalarTahrirlash

  • Tanlangan asarlar, T., 1965.

AdabiyotTahrirlash

  • Abdullayev V., Valixoʻjayev B., Miriy va uning zamondoshlari, T., 1977;
  • Orzibekov R., Miriy. XIX asr oʻzbek adabiyoti tarixiga doyr materiallar, Samarqand, 1985.
  • Begali Qosimov.