Miya chayqalishi, kommotsiya — bosh miyaning yopiq shikastlanishi; bunda bosh miyaning hammasi zararlanadi, miya toʻqimalarining yaxlitligi buzilmaydi, lekin miya hujayralari va miya boʻlaklari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliklik vaqtincha yoʻqoladi. Bu esa bosh miya faoliyatining buzilishiga olib keladi. Miya chayqalishi, odatda, chayqalishning ogʻir-yengilligiga qarab yengil, oʻrtacha va ogʻir bosqichda boʻladi.

Yengil bosqichda shikastlangan kishi hushdan ketadi (koʻpincha qisqa muddat — 1—2 min.), sal boshi aylanadi, koʻngli ayniydi, baʼzan qusadi, shikastlanish qanday sodir boʻlganini eslay olmaydi. Bunda rangi oqaradi, tomir urishi susayadi, nafas notekis boʻladi. Bu belgilar 1—2 hafta davomida asta-sekin oʻtib ketadi. Tegishli davo qilinsa, bemor tezda so-gʻayadi. Oʻrtacha bosqichda bemor 1—2 soat hushini yoʻqotadi, hushiga kelgandan keyin ham qimirlamay yotadi, atrofdagilarga befarq qaraydi. Ogʻir bosqichda kishi shikastlangan zahoti qattiq hushdan ketadi va bir necha sutkagacha oʻziga kelmaydi, nafas va yurak faoliyati oʻzgaradi. Uzoq vaqt boshi ogʻrib, aylanib turadi, koʻngli aynib, qusadi. Shikastlangan kishi 4—5 hafta oʻrinda yotishi, unga tamoman tinch holat yaratilishi zarur. Shikastlangan kishini, albatta, kasalxonaga yotqizib davolash lozim.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil