Moʻdin (ruscha: Мудин) — Oʻzbekistonning Qashqadaryo viloyati Koson tumanida joylashgan shaharcha hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 13-martdagi 68-sonli qaroriga binoan shaharcha maqomi berilgan.

Moʻdin
shaharcha
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Qashqadaryo viloyati
Tuman Koson tumani
Iqlim turi keskin kontinental
Rasmiy til(lar)i oʻzbek tili
Konfessiyaviy tarkib musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 75
Pochta indeks(lar)i 180618[1]
Avtomobil kodi 70

Etimologiyasi tahrir

Qadimgi xunn xoqonligi davridagi xoqonlardan birining ismi Modun, Moʻdun boʻlganligi tarixiy manbalardan maʼlum. Moʻgʻul tilida modon soʻzi daraxt, oʻrmon, yogʻoch maʼnosida qoʻllanilgan. Qirgʻiz tilida esa bu soʻz shunchaki oʻrmon maʼnosini bergan. Qirgʻiz tilshunos olimi B. O. Oruzbayevaning yozishicha toʻqay va moʻdun soʻzlari oʻzaro sinonim ekanligini, hamda Alamudun soʻzi ham ayni shu maʼnoda yasalganligini taʼkidlab oʻtadi (bunda al yoki ola + mudun). Qadimiy moʻgʻul va turkiy tillarda mavjud boʻlgan mudun, modon, mudin soʻzlaridan Moʻdin nomi yuzaga kelgan. Mudin bu turkiychada daraxtzor, daraxtlar koʻp oʻsadigan hudud deganidir. Ibtidoiy davrlarda odamlar nafaqat hayvonlarga, balki oʻsimliklar, daraxtlar singari jonsiz buyumlarga ham sigʻinganlar va bu buyumlarni oʻzlariga totem sifatida qabul qilganlar. Shuning natijasida joy nomlari va insonlarning ismlari shakllangan. Arabcha ism boʻlmish Muhiddin ismining buzilgan Mudin yoki Moʻdin shakli ham mavjud[2].

Joylashuvi tahrir

Moʻdin shaharchasi Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida joylashgan. Shaharcha hududida ikkita maktabgacha taʼlim muassasasi, maktab, 1939-1945-yillar davomida boʻlib oʻtgan Ulugʻ vatan urushi qurbonlari xotirasiga oʻrnatilgan yodgorlik monumenti joylashgan.

Aholisi tahrir

Aholini roʻyhatga olish maʼlumotlarida qayd etilishicha, Moʻdin shaharchasida 2013-yil 1-yanvarda 3789 nafar, 2016-yilda esa 4.2 ming nafar aholi istiqomat qilgan[3].

Iqlimi tahrir

Moʻdin shaharchasining iqlimi kontinental boʻlib, yozi issiq, qishi sovuq. Iyul oyining oʻrtacha harorati 35-40° C, yanvar oyiniki 0 dan 1° C gacha yetishi mumkin.

Yogʻin miqdori tahrir

Vegetatsiya davri 210—240 kunni tashkil etadi. Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 190-200 mm ga teng boʻlib, bu yogʻin asosan, bahor va qish oylarida tushadi.

Manbalar tahrir

  1. „Koson tumani aholi punktlari pochta indekslari“. https://uzbindex.5balov.net/pochtovye-indeksy-kashkadarinskaya-oblast-uzbekistan/pochtovye-indeksy-kasanskij-rajon-kashkadarinskaya-oblast/. Qaraldi: 18-aprel 2023-yil.
  2. To'ra Nafasov. Qashqadaryo qishloqnomasi. Toshkent: Muharrir nashriyoti, 2009-yil — 174-175 bet. ISBN 978-9943-354-60-9. 
  3. Soliyev A.S.; Tashtayeva S.K.; Egamberdiyeva M.M.. Shaharlar geografiyasi. Toshkent: Barkamol fayz media, 2018 — 149 bet. ISBN 978-9943-5519-4-7.