Modal soʻzlar (lotincha: modalis — „oʻlchov“, „usul“) — soʻzlovchining oʻz fikriga turlicha munosabatini anglatadigan va fikrning aniqligi, rostligi, gumonli yoki shartliligini ifodalash uchun xizmat qiladigan soʻzlar; shaklan oʻzgarmasligi bilan tavsiflanadi, gap boʻlagi vazifasida kelmaydi, gapning boshqa boʻlaklari bilan sintaktik aloqaga kirishmaydi; butun fikrga yoki uning biror qismiga taalluqli boʻlib, odatda, kirish soʻz boʻlib keladi. Modal soʻzlar 2 katta guruhga boʻlinadi: fikrning aniqligini ifodalovchi modal soʻzlar, bularga rostlik, tasdiq-ishonch, qatʼiylikni bildiruvchi soʻzlar (darhaqiqat, haqiqatan; albatta, shubhasiz, soʻzsiz va shahrik.) kiradi. Fikrning noaniqligini ifodalovchi modal soʻzlar, bularga taxmin, gumon, tusmol kabi maʼnolarni ifodalovchi soʻzlar (shekilli, chogʻi, chamasi; ehtimol, balki, aftidan va boshqalar) kiradi. Modal soʻzlar nutqda pauza, yozuvda vergul bilan ajratiladi. Modal soʻzlar takror qoʻllansa yoki emotsional mazmunli soʻz bilan birga kelsa, maʼno kuchayadi. Soʻzlashuv nutqida birdan optik modal soʻz qoʻllanishi mumkin. Modal soʻzlarni fikrning oʻzaro munosabati (xullas, demak, binobarin, qisqasi, umuman, masalan, chunonchi, jumladan, aksincha, avvalo, avvalambor, nihoyat), eʼtiborni tortish (aytganday, aytmoqchi, zotan), taʼkid (xususan, ayniqsa), emotsional maʼno (koshki, zora, yaxshiyamki, xayriyat, attang, afsuski, ajabo) kabilarni anglatuvchi modal maʼnoli soʻzlardan farqlash kerak. Modal soʻzlar va modal maʼnoli soʻzlar oʻzaro yaqin boʻlib, ularning har biriga xos belgi-xususiyatlarni aniqlash funksional grammatikaning dolzarb vazifalaridandir.[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil