Muhammad Salim oxund (1820-yil, Gurlan – 1916-yil, Xiva) – mudarris, yirik diniy olim. Xiva shahrining bosh qozisi.

Muhammad Salim Oxund
Tavalludi 1820-yil
Gurlan bekligi
Vafoti 1916-yil
Xiva
Taʼlimi Olloqulixon madrasasi
Koʻkaldosh madrasasi
Kasbi mudarris, shayxulislom, rais, qozikalon
Faoliyat yillari 18701910
Bolalari 6

Tarjimayi holi

tahrir

Muhammad Salim oxund 1820-yilda Gurlanda tugʻilgan. Ota tomonidan ajdodlari nayman boʻlgan. Xiva shahrida Olloqulixon madrasasida tahsil olgan. Madrasa taʼlimini tugatgandan soʻng, xalq orasida Muhammad Salim oxund sifatida nom qozonadi. Biroq, biroz vaqt Buxoroda yashaydi. Buxorodaligida oʻziga munosib ish topolmay, hamrohi bilan mardikor bozoriga chiqadi va bir badavlat odam tomonidan farzandlarini oʻqitish uchun muallimlikka yollanadi. Biroz pul jamgʻargandan keyin, Koʻkaldosh madrasasidan hujra olib, madrasada oʻqiy boshlaydi. Madrasa mudarrislar jamoasiga tahsil imtihonini aʼlo topshirgan Muhammad Salim oxund keyinchalik Koʻkaldosh madrasasida mudarris sifatida faoliyat yuritadi.

1860-yillarning oxirlarida Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz Buxoro amiri saroyiga tashrif buyuradi va yurtiga qaytishda Muhammad Salim oxundni ham oʻzi bilan birga olib qaytadi. Muhammad Salim Gurlanga qaytganda ota-onasi vafot etib ketishgan edi. Uni ammasi va jiyani Yusufboy qarshi oladi. Keyinchalik Yusufboy jiyani Muhammad Salim oxundning Gurlan bekligidagi yerlarida ish boshqaruvchi vazifasini bajaradi.

Muhammad Salim oxund 1870-yilda Xivaga kelganda Muhammad Rahimxon uni Xiva shahri raisi lavozimiga tayinlaydi. U ijarada yashab, Xivada shariat qonun-qoidalari, diniy rasm-rusumlar, ibodatlar ijrosini adolat bilan nazorat qiladi. Shu bilan birga, oʻquvchilarning oʻz vaqtida maktabga qatnashi, talabalarning ahvoli, Xiva bozorlarida savdogarlar xaridorlarni aldamasligi uchun doimiy ravishda tosh-tarozini nazorat qilib boradi. Keyinchalik, aql-zakovati tufayli xon uni yangi lavozimga tayinlaydi. Salim oxund 30 yoshda ekanligida Xiva shahrining bosh qozisi mansabiga tayinlanadi. Shundan keyin oʻzining kuchli ilmi va iqtidori tufayli umrining soʻnggigacha uzoq payt bu mansabda faoliyat koʻrsatgan.

1873-yilgi podsho Rossiyasining Xiva yurishi natijasida Xiva xoni Muhammad Rahimxon urushda fon Kaufman qoʻshinlaridan yengiladi. Shu vaqtda Muhammad Salim oxundning Kaufman bilan olib borgan muzokaralari natijasida Konstantin Kaufman va Muhammad Rahimxon II oʻrtasida Gandimiyon shartnomasi imzolanadi[1].

1905-yilda Xiva shahrida Qozikalon madrasasini qurdiradi. Ichan qal’a muzey-qoʻriqxonasi yodgorliklari tarkibiga kiradi. Madrasa qurilishida taniqli xorazm ustalari Xudaybergan hoji, Qalandar Koʻchum, Matjon Qulimov, Bagʻbek Abdurahmonov, Vais Kulol va boshqalar qatnashgan[2].

Muhammad Salim oxund 1916-yilda, Xivada vafot etadi. Uni Shohi Mardon qabristoniga dafn etishadi. Muhammad Salim oxunddan olti farzand qolgan. Katta oʻgʻli Bobooxun Salimov Xorazm Xalq Sovet Respublikasining birinchi adliya vaziri (nozir) boʻlgan[3].

Manbalar

tahrir
  1. Irzoyev, Bahrom „Mardikorlikdan qozikalonlikkacha – qirq yil xonga emas, xalqqa xizmat qilgan Muhammad Salim oxund“ (oʻzbekcha). oyina.uz (2022-yil 1-avgust). Qaraldi: 19-oktabr 2023-yil.
  2. „Khiva-Qozi Kalon madrasa“ (inglizcha). turkestantravel.com. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
  3. „Bobooxun Salimov (1874-1929)“. ziyouz.uz. Qaraldi: 19-oktabr 2023-yil.