Qozikalon madrasasi – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1905); Ichan qalʼa tarkibida. Qozikalon madrasasi Ichan-qal’a muzey-qoʻriqxonasi yodgorliklari tarkibiga kiradi. Inshoot Juma masjidi va Matniyoz Devonbegi madrasasi orasida joylashgan. U 1905-yilda Xorazm bosh qozisi (qozikaloni) Muhammad Solih Oxund tomonidan qurilgan.

Madrasa
Qozikalon madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Xorazm viloyati madaniy meʼros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Qozikalon Salim Oxun
Binokorlik sanasi 1905-yil
Asosiy sana:
Maqomi Davlat himoyasida

Madrasa asoschisi Bobooxun Salimovning oʻgʻli Xorazm Xalq Sovet Respublikasining birinchi adliya vaziri (nozir) boʻlgan. Salim oxun 30 yoshda ekanligida Xiva shahrining bosh qozisi mansabiga tayinlanadi. Shundan keyin oʻzining kuchli ilmi va iqtidori tufayli umrining soʻnggigacha uzoq payt bu mansabda faoliyat koʻrsatgan.

Hozirda u Oʻzbekiston madaniy merosi obyekti hisoblanadi. Bu sayyohlarga xizmat koʻrsatish va koʻrgazma obyekti boʻlib, u yerda „Xorazm musiqa sanʼati“ tarixi muzeyi joylashgan. Koʻrgazmada Xorazm musiqa sanʼatining qadim zamonlardan to hozirgi kungacha boʻlgan rivojlanish tarixini aks ettiruvchi buyumlar namoyish etiladi.

Madrasa qurilishida taniqli xorazm ustalari Xudaybergan hoji, Qalandar Koʻchum, Matjon Qulimov, Bagʻbek Abdurahmonov, Vais Kulol va boshqalar qatnashgan[1].

Meʼmorchiligi

tahrir

Madrasaning bosh   fasadi  shahar  koʻchasiga  qaragan.  Inshoot sharqiy va gʻarbiy  darvozalarni  koʻndalang  oʻqini  bir-biri  bilan  birlashtirib  turadi. Madrasa toʻrtburchak tarhli (32,5 x 23,4 m), peshtoq-gumbazli, darsxona (tarhi 4,7 x 4,7 m), hovli (16,6 x 9,8 m)dan iborat. Bosh peshtogʻining 2 burchagiga guldastalar ishlangan (ular yashil va koʻk koshinlar bilan bezatilgan); peshtoq orqali miyonsaroyga kiriladi, miyonsaroyning 2 yonida masjid va madrasa joylashgan. Madrasaning  16 ta hujrasi  bor.  Madrasa hujralarning  eshik  va  derazalari  ayvon  tarafga  qaratib  qurilgan.  Har  bir  hujrada alohida oʻchoq  bor. Ayvonda  quduq qazilgan, uning chuqurligi  8-10 metrga yetadi. Hovli atrofini balxi gumbazli 1, 2 xonali hujralar egallagan, jan. tomonida qoʻshimcha xonalar ham bor. Peshtoq va devordagi dandanalar rangli koshinlar bilan ziynatlangan; devorning tashqi va ichki tomonining yuqori qismi gorizontal yashil „bandak“ qatori bilan hoshiyalangan, devorlariga yassi ravoqlar ishlangan. Peshtoq ravogʻi kitobasida arab  alifbosida  falsafiy  maʼnodagi sirkor bitiklar bor.

Madrasa  oʻzining tashqi qiyofasi  va  sahnidan    uncha  katta boʻlib koʻrinmasada,  oʻqitish  uslubi jihatdan Xivadagi boshqa  madrasalardan tubdan farq  qilgan. Qozikalon madrasasida diniy  ilmlar  bilan  bir  qatorda  fiqh-shariat qonunlari,  turli  zakot  va  soliqlar  yigʻish,  yani  huquqshunoslik  bilimlari  berilgan[2]. Chunki podsho Rossiyasining yarim mustamlakasiga aylangan Xiva xonligida har xil mulkiy daʼvolar va islom diniga qarshi bid’at-xurofotlar ham tarqala boshlagan edi. Shunday vaziyatda jamiyatning islom fiqhi boʻyicha bilimlarini oshirish yana ham dolzarblashadi. Madrasada oʻqiganlar orasidan koʻplab odil qozilar, bilimdon raislar va mirzolar yetishib chiqqan[3]. Xalq ustasi Abdulla Boltayevning maʼlumot berishicha, madrasada 35 nafar talaba tahsil olgan.

Hozirgi holati

tahrir

Hozirda Qozikalon madrasasida „Xorazm musiqa tarixi“ muzeyi joylashgan. Koʻrgazma maydoni 125 kvadrat metrni tashkil etadi. Ekspozitsiyalardan Xorazm musiqa sanʼatida qadim zamonlardan boshlab hozirgi paytgacha boʻlgan rivojlanish tarixini koʻrsatuvchi 352 ta eksponat oʻrin olgan. Muzeyga tashrif buyuruvchilar ixtiyoriy holda qadimgi Xorazm maqomlari kuylari va qoʻshiqlarini tinglashlari mumkin[4].

Manbalar

tahrir
  1. „Khiva-Qozi Kalon madrasa“ (inglizcha). turkestantravel.com. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
  2. „Qozi - kalon madrasasi“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
  3. Irzoyev, Bahrom „Mardikorlikdan qozikalonlikkacha – qirq yil xonga emas, xalqqa xizmat qilgan Muhammad Salim oxund“ (oʻzbekcha). oyina.uz (2022-yil 1-avgust). Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
  4. „Медресе Кази Калян“ (ruscha). meros.uz. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.