Muhammad Yoqub Chingiy (XVII asr 2-yarmi — XVIII asr boshlari, Boburiylar davlati) — lugʻatshunos olim. Boburiylar sulolasi vakillaridan Avrangzeb (1658—1707) hukmronligi davridayashagan.

Muhammad Yoqub Chingiy tarjimai holi boʻyicha uning saroyda xizmat qilgani, Kelurnoma nomli oʻzbekcha-forscha lugʻat tuzganidan boshqa maʼlumot mavjud emas. Ushbu lugʻat 15 bobdan iborat boʻlib, uning 1—14-boblarida 400 ga yaqin turkiy (oʻzbekcha) feʼllar arab alifbosi tartibida har biri 15 tagacha shaklda berilgan. Masalan, aytmoq feʼli asosiy shakl sifatida keltirilib, undan keyin aytti — aytiptur — aytur — aytibidi — aytadur — aytmadi — aytmaptur — aytmas — aytmabidi — aytmadur — ayt — aytma — aytarbiz — aytmasbiz kabi zamon va mayl shakllari forscha tarjimasi bilan berilgan. Lugʻatning soʻnggi, 15-bobi, oʻz navbatida, 9 ta qismga boʻlinadi: bunda 820 ga yaqin soʻz va shakllar mavzu guruhlariga boʻlib berilgan.

Muhammad Yoqub Chingiy Kelurnomani tuzishda XVIII asrda Hindistonda yashagan turkiyzabon aholining ogʻzaki nutqidagi lugʻaviy birliklarni qamrab olishga harakat qilgan. Bunday birliklarning aksariyati hozirgi oʻzbek tilida ham qoʻllansa, ayrimlari (arna, atan, acha, egachi, engak, but, ildirim va boshqalar) oʻzbek tili shevalarida uchraydi, baʼzi birlari esa arxaiklashib, hozirgi oʻzbek tilida qoʻllanmaydi. Lugʻatning 2 ta qoʻlyozma nusxasi mavjud boʻlib, ularning biri Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida (inv. №5052), ikkinchisi Britaniya muzeyida saqlanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot

tahrir
  • Muhammad Yakub Chingi, Kelurname (starooʻzbeksko-persidskiy slovar XVIII v.). Vvedeniye, transkripsiya, perevod teksta, glossariy A. Ibragimovoy, T., 1982.