Mulla Tursunboqi masjidi
Mulla Tursunboqi masjidi — Qarshi masjidi. Masjid Mirzo Latif guzarida joylashgan edi. Vaqfli boʻlib, pishiq, gʻisht, xom gʻisht va yogʻochdan qurilgan. Oldida chiroyli peshayvoni boʻlgan. Tepasida ilm toliblari uchun bitta hujra ham qurilgan. Ikkita hujjat saqlanib qolgan. Mazkur hujjatlar XVIII asr oxirlarida Amir Haydar davrida tuzilgan. Birinchi hujjatda taʼkidlanishicha: „Hijriy 1221-yili safar oyida mulla Tursunboshi mulla Badalboy oʻgʻli Nasaf shahri ichkarisida Mirzo Latif guzaridagi masjid uchun Katum shayx mavzesida 4 tanob yerini xolis Olloh, yoʻlida shar’iy tarzda vaqf qiladi“. Mutavalli voqifning oʻzi boʻladi. Soʻngra bu ishni avlodlari davom ettiradi. Mutavalli yerning har tanobidan bir ashrafi olib qolgan. Hosilning qolgani masjid imorati va hujra zaruratiga sarflangan. Voqif mazkur masjid uchun yana Zulfiqor Qoʻrgʻonchasi mavzesida bir tanobu uch chorak, Haram joʻy mavzesida ikki nim tanob, Qoʻrgʻoncha mavzesida ikki tanob ekin yerini vaqf qiladi. Unga voqif avlodlari mutavalli boʻlib, ushr oladi. Qolgani masjid imoratiga sarflanadi. Soʻngra masjidni yoritish va toʻshamchilar uchun mablagʻ ajratiladi. Undan keyin ortgani uch qismga taqsimlanib, imomga 2 va muazzinga 1 hissa ulush beriladi[1]. Mulla Tursunboqi oʻz davrining koʻzga koʻringan va taniqli shaxslaridan biri edi. U Buxoro amiri Amir Shohmurodning eng yaqin kishilaridan va ishonchli amaldorlaridan boʻlib, tariqatda mujaddid-naqshbandiy shayx Safar bilan hamsuhbat edi. Amir Shohmurodning hokimiyat tepasiga kelishida qoʻllab-quvvatlagan. Amir Shohmurod oliy hukmdor boʻlgach, uni Qarshiga qozi etib tayinlaydi. Qarshi shahri bu paytlarda yangi yuksalish davrini boshdan kechiradi[2].