Murdani eksgumatsiya qilish asoslari va tartibi

Murdani eksgumatsiya qilish — vafot etgan shaxsni koʻzdan kechirish, tanib olish, tekshirish yoki ekspertizaga namunalar olish uchun murdani qabrdan chiqarib olish tushuniladi[1]. Eksgumatsiya harakatlarini amalga oshirishning bir qancha protsessual asoslari va tartibi mavjud. Murdani eksgumatsiya qilish asoslari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 148—152-moddalarida belgilab qoʻyilgan[2].

Iltimosnomani koʻrib chiqish

tahrir

Agarda qoʻshimcha dalillar va isbotlanuvchi holatlar talab qilinadigan va bu faqat murdani tekshirish yoki undan ekspertiza namunalarini olish orqali isbotlashga asoslar mavjud boʻlsa[3], bu holatda tergovchi yoki surishtiruvchi eksgumatsiya qilish boʻyicha iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarori va ish uchun zarur boʻlgan materiallarni prokurorga yuboradi[4]. Keyingi bosqichda prokuror iltimosnomani tekshirib uni asosli ekanligini aniqlagach, uni sudga yuboradi. Soʻngra sud murdani eksgumatsiya qilish boʻyicha ajrim chiqarib yana tergovchi va surishtiruvchiga yuboradi. Shundan soʻng protsessual harakatlar boshlanadi[5].

Murdani eksgumatsiya qilish tartibi

tahrir

Tergovchi, surishtiruvchi yoki sud murdani eksgumatsiya qilish bosqichini sogʻliqni saqlash organlari hamda murda koʻmilgan joy vakili bilan birgalikda amalga oshiradi[6]. Ekspertiza uchun namunalari olishda murdaning terisi, tirnogʻi, sochidan namunalar yoki jarohat izlari mavjud boʻlsa fotosuratlar olishi mumkin. Shu sababli murdani eksgumatsiya qilishda sud tibbiyoti sohasidagi mutaxassis shifokor, zarur boʻlsa, boshqa mutaxassislar ham qatnashadilar. Biroq murdaning yaqin qarindoshlari eksgumatsiya qilishga norozilik bildirgan taqdirda ham jinoyat ishining tez va asosli hal boʻlishi uchun qonun doirasida eksgumatsiya harakatlari amalga oshiriladi[7]. Shuningdek, eksgumatsiya qilish jarayonida murdaning qaysi din vakili ekanligidan kelib chiqib ham alohida harakatlar amalga oshirilishi mumkin (masalan, Islom dinidagi[8] shaxslarni oq mato ustiga qoʻyib, Xristianlik dini[9] vakillarini taxta (yogʻoch) ustiga qoʻygan holda tekshirish ishlari yoki ekspertiza harakatlari amalga oshririladi).

Murdani eksgumatsiya qilish bayonnomasi va koʻmish

tahrir

Murdani eksgumatsiya qilish jarayonlari va natijalari bayonnomaga yoziladi va bu sud majlisi bayonnomasiga ham yoziladi. Bayonnomaga qabr, tobut va murdaning fotosuratlari, kinotasvir hamda videoyozuvlar qoʻshib qoʻyilishi mumkin. Ushbu dalillardan sudya sud jarayonida ham foydalanishi mumkin[10]. Barcha harakatlar tugallangandan soʻng murdani koʻmish ishlari amalga oshiriladi. Ish uchun ahamiyatga ega dalillar, namunalar olib ketiladi. Eksgumatsiyadan soʻng koʻmish ishlari yakunlangach murda koʻmilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi. Bayonnoma tuzilgach eksgumatsiya qilish boʻyicha harakatlar ham yakunlanadi[11].

Manbalar

tahrir
  1. „18-bob. Murdani eksgumatsiya qilish“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  2. „O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi“. lex.uz (22-sentyabr 1994-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  3. „O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 29.03.2017 yildagi O‘RQ-421-son“. lex.uz (1-aprel 2017-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  4. Advokat Abdimurodov. „Murdani eksgumatsiya qilish.“. You Tube (8-sentyabr 2023-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  5. „Murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish“. lex.uz (12-yanvar 2021-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  6. „Murdani eksgumatsiya qilish tartibi (149-modda))“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  7. „Murdani eksgumatsiya qilish bilan bog‘liq protsessual harakatlar(150-modda)“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  8. „Islomning besh ustuni haqida nimalar bilamiz?“. kun.uz (22-may 2018-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  9. „Xristianlik“. qomus.info (8-iyun 2024-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  10. „Murdani eksgumatsiya qilish bayonnomasi(151-modda)“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.
  11. „Murdani eksgumatsiyadan so‘ng ko‘mish“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 8-iyun 2024-yil.

Havolalar

tahrir