Murod Salomov
Murod Yusupovich Salomov (1929—2018) — O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi, tarix fanlari doktori, professor.
Murod Yusupovich Salomov | |
---|---|
Tavalludi |
1929-yil 15-oktyabr Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani |
Vafoti |
2018-yil |
Istiqomat joylari | Buxoro, Toshkent, Qo‘qon |
Fuqaroligi | O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi |
Kasbi | pedagog, olim |
Sohasi | tarix |
Ish joylari | Qo‘qon davlat pedagogika instituti |
Taʼlimi | Buxoro davlat pedagogika instituti |
Ilmiy darajasi | tarix fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Tezis sarlavhasi | „O‘rta Osiyo partiya tashkilotlarining opporunizmga qarshi, o‘z safini g‘oyaviy va tashkiliy jihatdan mustahkamlash uchun kurashi (1921—1932-yillar)“ (doktorlik) |
Mukofotlari | „Shavkatli mehnati uchun“ medali (1970); „Mehnat faxriysi“ medali (1986); O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi“ (1993) |
Tarjimai holi
tahrirMurod Salomov 1929-yil 15-oktyabrda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi Sohibiyon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1951-yilda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ni tarix ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. O‘qishni bitirgandan keyin 1951—1952-yillarda Buxoro viloyat komsomol komitetida yo‘riqchi, Buxoro tumanidagi o‘rta maktabda direktor lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1953-yilda Toshkentdagi O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning o‘qituvchilar tayyorlash bir yillik kursini bitirgandan so‘ng, Qo‘qon davlat pedagogika institutiga ishga yuborildi va shu institutda 2012-yilgacha faoliyat ko‘rsatdi[1].
Ilmiy faoliyati
tahrirMurod Salomov 1964-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti qoshidagi aspiranturani tamomladi. 1964-yil 22-oktyabrda Toshkent davlat universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashda „Turkiston kommunistik partiyasining 1921-yilgi kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi diskussiya davrida lenincha platforma uchun kurashi“ mavzusida tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi. 1966-yilda esa unga dotsentlik ilmiy unvoni berildi.
U 1987-yil 12-oktyabrda Moskvada „O‘rta Osiyo partiya tashkilotlarining opporunizmga qarshi, o‘z safini g‘oyaviy va tashkiliy jihatdan mustahkamlash uchun kurashi (1921—1932-yillar)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya kildi.
1974—2012-yillarda Murod Salomov Qo‘qon davlat pedagogika institutida falsafa, ilmiy kommunizm (keyinchalik bu kafedra siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik kafedrasi deb ataldi), umumiy tarix kafedralarida dotsent, mudir va professor lavozimlarida mehnat qildi. Mustaqillik davrida Murod Salomov O‘zbekiston tarixi, muzeyshunoslik, tarixiy o‘lkashunoslik va turizm, tarix metodologiyasi fanlaridan talaba va magistrantlarga saboq berdi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyingi davrda O‘zbekistonda, xususan, Qo‘qon shahrida muzey ishining tarixi va tashkil etilishi kabi masalalar professor Murod Salomov ilmiy-tadqiqot ishlarining asosiy yo‘nalishini tashkil etdi. U mazkur muammoga doir qator ilmiy maqola va risolalalar e’lon qildi. Murod Salomovning 2 ta monografiyasi, 20 ga yaqin ilmiy risolalari va ko‘plab ilmiy maqolalari nashr qilingan.
Mukofotlari
tahrirMurod Salomov 1970-yilda „Shavkatli mehnati uchun“ medali, 1986-yilda „Mehnat faxriysi“ medali bilan mukofotlandi. 1993-yil 15-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan unga „O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi“ faxriy unvoni berildi[2].
Manbalar
tahrir- ↑ Фарғона тарихчи олимлари. Библиографик тўплам.. Тошкент: Наврўз, 2019 — 163-bet.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 15-martdagi „Qo‘qon davlat pedagogika institutining bir guruh xodimlarini mukofotlash to‘g‘risida“ PF-579-son Farmoni“. Qaraldi: 2023-yil 25-iyul.