Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi
Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi – XVI—XVIII asrlar Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi meʼmoriy yodgorlik[1]. Maqbara Xorazmdagi davlat va din arbobi boʻlmish Muzrobshoh sharafiga bunyod etilgan[2]. Maqbara bir xonali, peshtogʻi gumbazli, pishiq gʻishtdan qurilgan boʻlib, ortiqcha bezak ishlatilmagan. Maqbara tarhi 7,3x8,3 m, goʻrxona murabba tarhli 4,9x4,9 m. Peshtoqi Xorazm meʼmorchiligiga xos uslubda – kiraverishi chuqur ravoqli, ikki yon tomonlariga va tepasiga mayda ravoqchalar ishlangan. Yuqorisi gʻishtli sharafa bilan yakunlangan. Mahalliy aholi tilida bu maqbara „Shohpir qadamjosi“ deb ataladi[3].
Muzrobshoh Xorazmiy maqbarasi | |
---|---|
Joylashuvi | Hazorasp tumani, Xorazm viloyati |
Koordinatalar | 41°19′45″N 61°04′07″E / 41.32926313072783°N 61.06870066510247°E |
Turi | maqbara |
Arxitektura uslubi | Xorazm meʼmorchiligi |
Asoschi | Abulgʻozixon |
Asos solinishi | 1655-yil |
Mashhur kishilari | Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh Xorazmiy |
Qarovchi | Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi |
Qurilish materiali | pishiq gʻisht |
Tarixi
tahrirMuzrobshoh Xorazmiy maqbarasi XVI—XVIII asrlarga oid boʻlib, hozirda Hazorasp tumani, Oybek MFY, Muxomon qishlogʻida joylashgan[1]. Maqbara nomi VIII asrda yashagan Xorazm podshosi Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh nomi bilan bogʻliq. Muzrobshoh 705-yilda tugʻilib, 775-yilda vafot etgan. Muzrobshoh Xorazmiyni Hazorasp shahrining bosh qabristoniga dafn qilishgan[1]. Muzrobshoh Xorazmiyning hurmati sababli ushbu maqbara aholi oʻrtasida Shohbobo, Hazrati shoh va Shohpir nomi bilan ham tanilgan. Sharqshunos olimlar Abdulla Ahmedov, Roʻzimboy Olloyorov, viloyat bosh imom-xatibi Xayrulla Abdullayevlarning oʻrganishlari natijasida shu maʼlum boʻldiki, Muzrobshoh Xorazmiy Abu Muslimning safdoshi boʻlgan[3]. Xalq tomonidan „Shohpir“ deb atalashiga esa asoschisi Ali ibn Abu Tolib boʻlgan javonmardlik tariqatini tarqatishi, koʻplab muridlari boʻlganligidadir[3].
Qabr ustiga oʻz davrida qurilgan maqbara yillar oʻtishi tufayli buzilib ketgan. Ushbu maqbara oʻrnida XVII asr oʻrtalari, yaʼni 1655-yilda Abulgʻozixon farmoniga koʻra yangi maqbara qurilgan[3]. Muzrobshoh nomli yana bir maqbara Darxonda mavjud. Maqbara toʻgʻri toʻrtburchakli hajmda, prizmasimon geometrik shaklda. Maqbarada simmetrik, bir nechta yarusli ravoqlarning jipsligi orqali murakkab relyefni hosil qilgan peshtoq yagona bir fasad sifatida barpo etilgan. Kirish eshigining arkasimon ravogʻidan boshqa peshtoqning ikkinchi yarusidagi ravoqlar chuqurlashgan holda ishlangan boʻlib, bir nechta qavatdan yashkil topgan. Ushbu uslubdagi meʼmoriy yodgorliklar Husayn bobo va Hoji Amin maqbaralarida ham uchraydi. Gumbaz sakkiz qirrali oʻqsimon arkalardan tashkil topgan. Suvoqlanmagan, xona devorlarida xovvozalar qurilmasini eslatib turuvchi konsol yogʻoch ishlanmalar mavjud[1].
Hozirgi kunda maqbara atrofida qabriston va uning janub tomonida ikki ming kishi ibodat qiladigan jome masjidi joylashgan[3].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Adabiyotlar
tahrir- Man kovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.